Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Karantin postidagi IIB xodimiga qarshilik ko‘rsatgan mast "bankir" 15 sutkaga qamaldi

Farg‘onada karantin postiga mast holda borib, IIB xodimiga qarshilik ko‘rsatgan Xalq banki xodimi 15 sutkaga qamaldi.

7 aprel kuni soat taxminan 23:25 da Uchko‘prik tumani hududida tashkil etilgan karantin postida Xalq bankiga tegishli xizmat mashinasi IIB xodimlari tomonidan to‘xtatilgan. Mashinada yo‘lovchi sifatida kelayotgan Xalq banki xodimi B.A. IIB xodimlarining hujjatlarni tekshirish haqidagi qonuniy talabiga bo‘ysunmay, qarshilik ko‘rsatgan.

«B.A. jamoat joyida mast holda IIB xodimini tilga olib bo‘lmas so‘zlar bilan haqoratlab, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimay, mayda bezorilik sodir etgan», deyiladi xabarda. Huquqbuzarga nisbatan rasmiylashtirilgan hujjatlar 8 aprel kuni Uchko‘prik tumani ma’muriy sudi tomonidan ko‘rib chiqilgan.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik), 194-moddasi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismi bilan aybli deb topilgan «bankir»ga 15 sutka qamoq jazosi tayinlangan.