Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Karantinda janjal ko‘tarishga uringan fuqarolar ogohlantirildi

Joriy yilning 25 mart kuni Istanbuldan Farg‘onaga charter reys bilan uchib kelgan fuqarolar Oltiariq tumanidagi «Qiziltepa» sihatgohiga karantinga joylashtirish uchun olib borilgan. Dezinfeksiya qilish ishlari vaqtida fuqarolar tomonidan tartibbuzarliklar sodir etilgan.

Xususan, fuqarolar harbiy xizmatchilar va tibbiyot xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, mazkur sihatgohda qolmasliklarini aytib, janjal ko‘tarishga uringan.

Ogohlantirishlarga qaramay, fuqarolar tinchlik saqlamaganidan so‘ng Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari nizomda belgilangan choralar orqali tartibni saqlashga kirishgan. Shundan so‘nggina fuqarolar tinch bo‘lib, birma-bir belgilangan joylariga joylashgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga muvofiq, koronavirus kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining qarori bilan bir qator cheklovlar o‘rnatilib, muayyan choralar ko‘rilmoqda.

Xususan, O‘zbekiston Prezidenti 26 mart kuni karantin qoidalarini buzganlik uchun jazo choralarini kuchaytirish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Ushbu qonunga asosan, bundan buyon karantin davrida atrofidagi insonlarning sog‘lig‘i va hayotini xavf ostiga qo‘yganlar 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etiladi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti karantindagi fuqarolardan belgilangan tartib-qoidalarni buzmaslik, o‘zlari va yaqinlarining hayotini xatarga qo‘ymaslikni so‘raydi.