Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Kassa apparatini ishlata olmaydigan sotuvchi

Har qanday tizimning qoniqarli faoliyat yuritishi uchun eng quyi bo‘g‘in ishni to‘g‘ri tashkil qilishi zarur. Mamlakatimizda tuman (shahar) doirasida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari tashkil etilgani bejiz emas. Bu aholiga yanada qulaylik yaratib, muammo va murojaatlarni sinchiklab o‘rganishda qo‘l kelyapti.

Jamiyatimiz tomonidan tadbirlar, davra suhbatlari, targ‘ibot-tashviqot ishlari muntazam o‘tkaziladi. Ammo fuqarolarning o‘zida ham huquqiy madaniyat shakllanmas ekan, ijobiy natijaga erishish qiyin. Olaylik, bugun plastik kartalar bilan muomala qilishda deyarli muammo qolmadi. Bankomat xizmati orqali istagancha mablag‘ingizni naqdlashtirish imkoni mavjud. Plastik karta orqali savdo qilganda endi hech kim qo‘shimcha ustama belgilamayapti.

Ammo ayrim holatlarda 4-5 foiz evaziga "xizmat" ko‘rsatadigan "hojatbarorlar" hanuz uchrayotgani achinarli. Bunda ko‘pincha, bankomatda navbatda turmaslik, ko‘p miqdorda naqd pulni birdan "yechib olish" kabi bahonalar bilan o‘zimizni oqlaymiz. Avvalo, o‘z huquqlarimizni o‘zimiz poymol qilayotganimiz, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy siyosatni shubha ostiga qo‘yayotganimizni o‘ylab ko‘rmaymiz.

Naqd pul bilan savdo qilish tizimida ham muammolarimiz bor. Xususan, naqd pulga chek olish zarurligini ko‘pchilik bilmaydi. Aslida, nafaqat kassa, balki tovar cheki ham berilishi, unda qancha mablag‘ hisobiga aynan qanday mahsulot xarid qilingani aks etishi kerak. Shundagina iste’molchi huquqlarini to‘laqonli himoyalash imkoni bo‘ladi. Qolaversa, naqd pulga chek talab qilish bilan milliy byudjet siyosatimizni qo‘llab-quvvatlagan bo‘lamiz.

Jomboy tumani markazidagi ayrim savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari xodimlarimiz tomonidan o‘rganildi. Faoliyati risoladagidek yo‘lga qo‘yilgan do‘konlar bilan bir qatorda, hatto sotuvchi kassa apparatini ishlatishni bilmaydigan holatlar aniqlandi. Bu tizimda hali yechilmagan muammolar borligini anglatadi.

O‘ylaymizki, soliq inspeksiyasi va tadbirkorlar palatasi ham Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati bilan hamkorlik qilishi kerak.

Jomboy tuman iste’molchilar

huquqlarini himoya qilish jamiyati

matbuot va axborot bo‘limi.