Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Kattaqo‘rg‘onda yozda ham qulupnay tersa bo‘ladi

Ikki yil oldin Kattaqo‘rg‘on tumanida “Sharq sanoat” konserni bilan hamkorlikda in-vitro laboratoriyasida ko‘paytirilgan qulupnayning “Zenga-zengana” navidan 820 ming tup keltirib ekilgan edi.

O‘tgan yil kuzida undan olingan 5 million tup qulupnay ko‘chati fermer xo‘jaliklari va aholi xonadonlariga tarqatildi.

– Ushbu yangi nav mevasi xushta’mligi, 7-10 kungacha, sovutkichli omborlarda esa 20 kungacha saqlash mumkinligi bilan aholiga manzur bo‘ldi, – deydi “Kattaqorgon klubnika” ishlab chiqarish kooperativi rahbari M.Mavlonov. – Har bir tup qulupnay ko‘chatidan 1–1,5 kilogramm, gektaridan 40 tonnagacha hosil olish mumkin. Yana bir afzalligi, bu navdan yiliga ikki marta hosil beradi. Kelgusida ushbu mahsulotni ichki bozor bilan birga xorijga ham eksport qilish rejalashtirilgan.

Bu yil tumandagi fermer xo‘jaliklari va aholi tomorqalarida 1000 gektar yerda qulupnay ekish rejalashtirilgan. Jumladan, 500 gektar maydon tomchilatib sug‘orish texnologiyalari asosida ekiladi. Ayni paytda tumanda bu jarayon davom etmoqda va kattaqo‘rg‘onlik dehqonlarga Ukrainadan kelgan mutaxassis o‘z tajribalarini o‘rgatmoqda. Hozir ekilgan ko‘chatlar kelgusi yil bahoridan hosilga kiradi.