Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Kattaqo‘rg‘ondagi madaniy meros ob’yektlarining aksariyati ta’mirtalab

Kattaqo‘rg‘on shahrida jami 23 ta madaniy meros ob’yektlari mavjud bo‘lib, ularning ko‘pchiligi ta’mirtalab ahvolga tushgan. Kattaqo‘rg‘on shahar hokimi G.Alimovaning taklifiga binoan ushbu madaniy meros ob’yektlari holatini o‘rganish maqsadida Madaniyat vaziri o‘rinbosari K.Oqilova boshchiligidagi madaniy merosni o‘rganish bo‘yicha ekspertlar guruhi shaharga keldi.

Ekspertlar guruhi tomonidan 3 ta madaniy meros ob’yekt – Zomin mahallasi hududida joylashgan, 8-umumta’lim maktabi o‘rnidagi XX asr boshida qurilgan bino, Mehrjon mahallasi hududida joylashgan, XIX-XX asrda qurilgan “Kichik Arabxona” masjidi hamda Ziyolilar mahallasidagi "Sarbozor” masjidi binolari o‘rganib chiqildi.

Ekspertlar o‘rganish natijalari bo‘yicha hujjatlarni vazirlikning madaniy meros ob’yektlarini o‘rganish komissiyasiga kiritadi.

Eslatib o‘tamiz, bundan bir necha kun oldin shahar hokimi tomonidan 23 ta madaniy meros ob’yektlaridan 7 tasini ro‘yxatdan chiqarish yoki talablar bo‘yicha ta’mirlash lozimligi bo‘yicha taklif berilgan edi. Sababi, mazkur madaniy meros ob’yektlari ayni paytda avariya holatida bo‘lib, ularni tegishli qoidalarga ko‘ra, ta’mirlash lozim. Madaniyat vazirligi ekspertlari ushbu binolarni mukammal o‘rganib chiqib, natijalarni ma’lum qilishini bildirdi.

Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligi axborot xizmati.