Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Kelajak energiyasi: dunyo ekologiyani tanlamoqda, biz-chi?

Sivilizatsiyalar tarixida eng samarali energiya manbasini topishga qiziqish yuqori bo‘lgan. Energiya manbai, neft-gaz, ko‘mir zaxirasiga ega bo‘lish katta daromad olish va xalqaro maydonda yuksak mavqega ega bo‘lishda muhim omillardan biri hisoblanadi.

Olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, jami neft 40-45 yilga, tabiiy gaz 70-75 yil, ko‘mir 165-170 yilga yetadi, xolos. Bu albatta yangi energiya resurslariga bo‘lgan intilishni paydo qiladi.

Bugun sayyoramizda qayta tiklanuvchi muqobil energiya manbalarining bir necha turlari tajribadan o‘tkazilmokda. Hozirda dunyoning 65 dan ortiq mamlakati quyosh, shamol, suv energiyasidan foydalanish orqali muqobil va  qayta tiklanuvchi energiya manbasiga ega bo‘lmoqda. Birgina shamol elektr stansiyalari(ShES)ning keng ko‘lamda qo‘llanilishi nafaqat Yevropa davlatlari, balki butun dunyo mamlakatlarini  qamrab olmoqda.

Shamol energiyasining iqtisodiy va ekologik afzalliklariga to‘xtaladigan bo‘lsak, ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasi tannarxining asosiy qismini uni qurishga sarflangan xarajatlar tashkil etadi. Ekspluatatsiya davomida ShES hech kanday yoqilg‘i talab etmaydi. Misol uchun, 1 MVt quvvatli ShES 20 yilda taxminan 29 ming tonna ko‘mir yoki 92 ming barrel neftni tejash imkonini beradi. Boshqa energiya ishlab chiqaruvchilardan farqli ravishda ular zararli chiqindilar bilan tevarak-atrofni ifloslantirmaydi. 1 MVt quvvatli bunday stansiya sayyoramiz atmosferasiga har yili chiqarilayotgan karbonat angidrid (SO2) gazini 1800 tonnaga, sulfat oksidi (SO2) gazini 9 tonnaga, azot oksidini 4 tonnaga qisqartiradi. Global Energi Sounsil tashkilotining hisob-kitoblariga asoslanib tarqatgan ma’lumotiga ko‘ra, 2050 yilga kelib jahon shamol energetikasi atmosferaga chiqarilayotgan SO2 gazining yillik xajmini 1,5 milliard tonnaga qisqartiradi.

ShESning yana bir afzallik tomoni shuki, ular qayta tiklanmaydigan boshqa energiya manbalari bilan raqobatlasha oladi. Eng muhimi, ShES uchun energiya manbai bo‘lgan shamol tabiatda bitmas-tuganmasdir. Mutaxassislarning aniqlashicha, shamol energiyasi manbai sayyoramizdagi barcha daryolarda mavjud suv energiyasi manbalaridan 100 marta ko‘pdir. Yer satxidan 7-14 kilometr balandlikdagi shamol oqimlarining tezligi yer satxidagidan ko‘ra 10-15 barobar yuqori va bu oqimlarning tezligi yil davomida deyarli o‘zgarmaydi. Bu hol jahon shamol energetikasi istiqboliga ishonch bilan qarashga umid uyg‘otadi.

Albatta, barcha sohalar kabi shamol energetikasini amaliyotga tatbiq etish bilan bog‘liq qator muammolar mavjud. Bu tabiiy hol. Birlamchi, asosiy muammo bu shamolning beqarorligidir. Bunday beqarorlik shamol yo‘nalishi va tezligining tez-tez o‘zgarishida namoyon bo‘ladi. Bu esa ShES quvvatining ba’zan salbiy o‘zgarishi ehtimolini vujudga keltiradi. Bunda stansiyalarning nisbatan lokal tarmog‘ida muayyan quvvatdagi energiya ta’minotini uzatish mumkin bo‘lmay qoladi. ShES tarmog‘ining turg‘un va barqaror ishlashini ta’minlash maqsadida akkumulyator batareyalaridan foydalaniladi. Ular ShES ishlab chiqargan elektr energiyasini to‘playdi va bir maromda iste’molga uzatadi. Ta’minot uzluksiz davom etishi uchun bu batareyalarni boshqa energiya manbalariga bog‘lash zarurati mavjud. Bunday manbalar sifatida quyosh batareyalaridan foydalanish mumkin.

O‘zbekiston qayta tiklanuvchi energiya manbalari bo‘yicha katta salohiyatga ega. Ekspertlarning fikricha, ular qayta tiklanmaydigan organik yonilg‘i resurslaridan bir necha barobar ortiq. Respublikamizda bir yilda 300 kun quyoshli bo‘ladi, shamol esuvchi hududlar, shuningdek, elektr energiya hosil qilishda foydalanish mumkin bo‘lgan tog‘-daryolar mavjud. O‘zbekiston quyoshli kunlar soni bo‘yicha bu borada eng istiqbolli hisoblangan Ispaniyadan ham oldinda. O‘zbekiston sharoitida quyosh resurslari, kichik gidroenergetika, shamol resurslari, biomassa va geotermal energiya muhim sanaladi. Qayta tiklanuvchi energetika tog‘li va borish qiyin bo‘lgan aholi punktlari uchun iqtisodiy asoslangan energiya manbai bo‘lishi mumkin.

Sohib To‘rayev,

Oqdaryo tumani.