Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Kimdir pul, kimdir mahsulot, harbiylar esa qon berdi

Bugun, 10 aprel kuni Markaziy harbiy okrug harbiy xizmatchilari karantin vaqtida imkoniyatli donorlar soni keskin kamayib ketganligi sababli ko‘ngilli ravishda qon topshirdi.

Mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida korxona va tashkilotlar faoliyati hamda fuqarolarning harakatlanishi vaqtincha cheklanib, qon mahsulotlari zaxirasi ham kamaydi. O‘tgan vaqt ichida onkogematologik va davolash qiyin bo‘lgan kasalliklarga chalingan bemorlar uchun donorlar yordamiga muhtojlik sezila boshladi.

– Muammoni bartaraf etishga hissa qo‘shish maqsadida harbiy xizmatchilar savobi ulkan saxovat tadbiriga bosh qo‘shdilar – deydi harbiy jurnalist G‘ayrat Madrahimov. – Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi bilan kelishgan holda hududiy qon quyish markazlari mutaxassislari tomonidan Samarqand, Jizzax hamda Navoiy garnizonlarida xizmatni o‘tayotgan ko‘ngilli harbiy xizmatchilardan donorlik qoni olishlari yo‘lga qo‘yilib, buning uchun yetarlicha shart-sharoit yaratildi.

“Ezgulik albatta, qaytadi” shiori ostida o‘tkazilgan tadbirda donorlik qoni topshirgan harbiy xizmatchilar tibbiyot punktining o‘zida oqsil moddalarga boy mahsulotlardan tanovul qilishdi. Ular bir sutkaga dam olishga yuborildi hamda 3 kunga jismoniy mashqlardan ozod qilindi.