Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Kinoda onamni ko‘rdim

Butun xalqimiz qatori men ham “Ilhaq” badiiy filmini katta hayajon bilan tomosha qildim. Film  garchand badiiy hisoblansa-da tarixiy faktlarga asoslanganligi bilan ajralib turadi. Shu bois ushbu mukammal ekran asarini tarixiy-badiiy kino, deb atasak ham bo‘ladi.

Film real hayotiy voqealarga asoslangan. Harbiy komissarning yigitlarni urushga chorlovi, farzandlarini frontga kuzatayotgan onalar holati, ayniqsa besh farzandini jangga yuborib, birontasining ham qaytib kelishini ko‘rmagan, to‘rt kelini va nevaralariga bosh bo‘lgan, oilaning muqaddas qadriyatlarini asrab-avaylab kelgan Zulfiya Zokirova ham tarixiy shaxs.

Ma’lumotlarga ko‘ra Ikkinchi jahon urushiga besh farzandini kuzatib, ularning birortasi ham qaytib kelmagan oila dunyoda uchta ekan. Bular -  belorussiyalik Anastasiya Kupriyanova oilasi,  AQShning Ayova shtatidagi  Tom va Anetta Sellivanlar oilasi hamda O‘zbekistonlik Zulfiya Zokirova oilasidir.

Filmning bosh qahramoni Zulfiya Zokirova oqila, matonatli, sadoqatli, irodali o‘zbek ayoli obrazi sifatida talqin etilgan. Haqiqatan ham Zulfiya ona urush ortida mehnat frontida  kunni tunga, tunni kunga ulab ishlagan va Buyuk g‘alabaga munosib hissa qo‘shgan o‘zbekistonlik xotin-qizlar timsoli hisoblanadi. Filmning katta muvaffaqiyati, mening nazarimda  shundaki, undagi qahramonlarning barchasi jamlanma tafsilotlarga ega bo‘lib, asosan, 1941-1945 yillardagi siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy sharoitda harakatlanadi. Shu bois ham filmni xalqchil va yuksak vatanparvarlik ruhidagi badiiy asar, deyishimiz mumkin. Chunki urush yillarida O‘zbekiston xalqi frontdagi jang maydonlaridagidek hayot-mamot uchun kurashgan. Askarlarimizga oziq-ovqat, kiyim-kechak, hatto, qurol-yarog‘ va harbiy texnikalar yetkazib bergan.

Besh o‘g‘ilning Vatan ozodligi uchun jangga borishi – oliy darajadagi yurtparvarlik alomati, yuksak ma’naviyatlilik belgisi, yigitlik g‘ururining yorqin namunasi.

Biz o‘quv yurtlari va mahallalarda uyushtiriladigan ma’rifiy tadbirlarda yoshlarga Zulfiya ona hamda uning besh o‘g‘li qahramonligini takror va takror tushuntirishimiz kerak. Mamlakatimiz poytaxti Toshkent shahridagi Olmazor tumanida barpo etilgan G‘alaba bog‘ida film qahramonlari Zulfiya Zokirova va uning frontdan qaytmagan besh o‘g‘li, vafodor kelinlari xotirasiga o‘rnatilgan “Matonat madhiyasi” haykaliga ziyoratlarini uyushtirib, u yerda muntazam ma’naviy suhbatlar tashkil qilsak, maqsadga muvofiq, bo‘lar edi.

“Ilhaq” filmi tomoshasi jarayonida rahmatli onamning xotiralarini esladim. Ikkinchi jahon urushi boshlanishi bilan onamning besh akasi frontga jo‘nagan. Aka-uka Rayimqulovlarning faqat bittasi urushdan og‘ir kasal bo‘lib, qaytgan va ko‘p o‘tmay vafot etgan. Qolganlari bedarak yo‘qolgan. Ular haqida haligacha ma’lumot yo‘q.

O‘zbekiston xalqi hayotida bunday o‘xshash taqdirlar minglab topiladi. Shu nuqtai nazardan “Ilhaq” filmini butun o‘zbek onalarining matonati haqidagi fundamental asar, deya olamiz.

Yo‘ldosh Suyunov,

mehnat faxriysi,