Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ko‘ksaroydagi qotillikka kim sababchi?

Shu yilning 28 mart kuni soat taxminan 13:00 larda Samarqand shahar Ko‘ksaroy mahallasida qotillik jinoyati ro‘y berdi.

Bu mudhish jinoyatni ikki nafar farzandning onasi, 1960 yilda tug‘ilgan, vaqtincha ishsiz I.Popova sodir etadi. U tanishi, 1949 yilda tug‘ilgan N.Yeryominaning xonadonida birgalikda tushlik qilib o‘tirib, o‘rtalarida kelib chiqqan o‘zaro kelishmovchilik oqibatida uning boshiga temir choynak bilan urib, so‘ngra bo‘g‘ib o‘ldiradi.

Mazkur holat yuzasidan Samarqand shahar prokuraturasi tomonidan I.Popovaga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

29 mart kuni ushbu jinoyat Ko‘ksaroy mahallasi aholisi va shahar jamoatchiligi ishtirokida muhokama etildi.

Unda Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov, viloyat prokurori va ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i ishtirok etdi.

Viloyati hokimi jinoyat yuzaga kelishi sabab bo‘lgan omillarga to‘xtalib, bu avvalo, mahalla aholisining beparvoligi, fuqarolar yig‘ini raisi va xodimlarining, profilaktika inspektorining o‘z vazifasiga mas’uliyat bilan qaramagani oqibati ekanligini ta’kidladi.

– Jinoyat sodir bo‘lgan xonadonni borib ko‘rib, shunga amin bo‘ldikki, u yerda anchadan buyon mana shunday mudhish oqibat ro‘y berishiga olib keluvchi muhit bo‘lgan, – dedi E.Turdimov. – Lekin bunga qarshi na mahalla, na profilaktika inspektori va na xotin-qizlar qo‘mitasi chora ko‘rgan. Bu ikki ayolning ichkilikka ruju qo‘yganligini aytishyapti. Shunday bo‘lsa, nega hududga mas’ul oilaviy poliklinika mas’ullari yoki mahalla shu paytgacha ularni ro‘yxatga olish, sog‘lomlashtirish choralarini ko‘rmagan? Axir og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha davlat miqyosida shuncha e’tibor ko‘rsatilyapti-ku. Nega, shahar xotin-qizlar qo‘mitasi, mahalladagi mutaxassis bu xonadonga kirib, bu yerdagi holat haqida bong urmadi? Nima uchun, vaziyatni o‘nglash choralari ko‘rilmadi? Mana, beparvolik, mas’uliyatsizlikning oqibati. Albatta, jinoyatga qo‘l urgan shaxsga nisbatan tegishli jazo qo‘llaniladi. Ammo ana shu jinoyatning yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan shaxslarning faoliyatiga ham huquqiy baho beriladi. Shuni unutmaylikki, jamiyatda, mahallamizda ro‘y bergan har bir jinoyat barchamizning e’tiborsizligimiz, beparvoligimiz oqibatidir. Hammamiz o‘z hududimiz tinch-osoyishta bo‘lishini, xotirjam hayot kechirishni istar ekanmiz, bunga avvalo, o‘zimiz mas’ul bo‘lishimiz, atrofdagi voqea-hodisalarga befarq bo‘lmasligimiz kerak.

Yig‘ilishda mahalla raisi H.G‘aniyev o‘z vazifasiga noloyiq deb topildi, uchastka noziri faoliyati bo‘yicha ichki xizmat tekshiruvi boshlangani ma’lum qilindi.