Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ko‘p qavatli uy quyosh bilan isitiladi

XXI asrga kelib butun dunyoda global isish xavfi kuchaydi. Yer yuzida iqlim o‘zgarishining oldini olish uchun an’anaviy issiqlik energiyasi o‘rniga noan’anaviy, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan, ko‘proq issiqlik energiyasidan foydalanish choralari ko‘rilmoqda. Bunda aholi xonadonlari va ishlab chiqarish korxonalarini elektr energiyasi va issiqlikka bo‘lgan ehtiyojini qondirish asosiy maqsad hisoblanadi. Yer yuzida katta quvvatga ega bo‘lgan quyosh energiyasi barcha yonuvchi foydali qazilmalardan ikki barobar ko‘pligini inobatga olsak uning yordamida aholi va ishlab chiqarish korxonalarining elektr energiyasiga va issiqlikka bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qondirish mumkin. 

Respublikamizda ko‘p qavatli uylar, ma’muriy va jamoa binolari qurilayotganini hisobga olib, iqlimimizga mos bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobiga binolarni issiq havo bilan isitishning afzallik tomonlarini o‘rganib chiqdik. “Innosferaproyekt” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan birgalikda ilmiy tadqiqot ishlari olib borib, ko‘p qavatli uy-joylarni, ma’muriy, jamoa binolarini quyosh energiyasidan foydalangan holda issiq havo orqali isitish tizimlarini loyihalashtirdik. 

Loyihada binoning chordog‘i (tom) oyna (akfa rom) bilan yopilib havo isitish agregatlari o‘rnatiladi. Ulardan chiqqan issiqlik miqdori hisobiga qish faslida issiqxona sifatida foydalanish mumkin. 

Kuz va bahorda issiqxonaga tushayotgan quyosh nuri hisobiga qizigan havo xonalarga havo uzatkichlar orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri uzatiladi. Tashqi havo sovuganda, bulutli kunlarda havoni isitish agregati ishga tushiriladi. Havo isitish agregatlari tashqi havo o‘zgarishiga qarab uch xil tartibda ishlaydi (baland, o‘rta, past quvvatlar).

Yoz faslida quruq-issiq iqlim sharoiti bo‘lishini hisobga olgan holda, issiqxonaga o‘rnatilgan forsunkalar orqali havo namlanadi hamda sovitiladi. Havo sovitish agregatida havo qo‘shimcha kerakli miqdorda sovitilib xonalarga havo o‘tkazkichlar orqali uzatiladi. 

Chordoqdagi konditsiyalangan havo o‘tkazuvchilar orqali har bir xonaga uzatilib, mikroiqlim bilan ta’minlanib, havosi almashtiriladi. Havo isitish agregatlari elektr energiyani quyosh batareyalari orqali oladi. Zaxira sifatida elektr tarmog‘idan foydalanish ham mumkin.

Isitish agregatlarini elektr energiyasi ta’minoti sxemasi 

An’anaviy usulda qurilgan binolarda to‘siq konstruksiyalari orqali, ya’ni tom, eshik va derazalardan 50 foiz, devordan 35 foiz va poldan 15 foiz issiqlik miqdori yo‘qotiladi. 

Xo‘sh, taklif qilinayotgan loyihaning an’anaviy usullarga nisbatan afzalligi nimada? 

Avvalo, xonalar havosi almashadi va konditsiyalash lokallashtiriladi. 

Qishda tom yopmadan issiqlik yo‘qolmaydi. 

Yozda yuqori qavatlardagi xonalar, tom yopmadan keladigan issiqlik miqdoridan saqlanadi. 

Eng muhimi, qishda chordoqdan issiqxona sifatida foydalaniladi. 

Shuningdek, eksplutatsiya narxlari arzonlashadi, servis xizmat ko‘rsatish soddalashadi, tizimning xizmat qilish davri davomiyligi oshadi. Yana bir muhim jihati, atrof-muhit ekologik jihatdan sof saqlanadi va har bir xonadonda ikki konturli isitish qozonlari hamda konditsionerlardan foydalanish zarurati yo‘qligi hisobiga elektr energiyasi hamda gaz sarfi tejaladi. 

Hamid HUSANOV, 

SamDAQI dotsenti.

Arslon ISMOILOV, assistent.