Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ko‘p qavatli uylar ta’mirlanyapti: Ilgari 3-4 ta xonadonda chakka o‘tgan bo‘lsa, ta’mirdan keyin boshqa xonadonlardan ham o‘tyapti

Prezidentimizning 2017 yildagi qarori bilan Respublikada 2017-2021 yillarda ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya, 2018-2022 yillarda esa issiqlik ta’minoti tizimini yaxshilash hamda 2017-2021 yillarda ko‘p xonadonli uy-joy fondini ta’mirlash bo‘yicha manzilli dasturlar tasdiqlandi.

Dastur asosida Samarqand shahrida qurilganiga 20 yildan oshgan ko‘p qavatli uylarni, xususan, tom qismini mukammal va joriy ta’mirlash, yerto‘lalarni tartibga keltirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Biroq Sug‘diyona va Sartepa massivlarida, shuningdek, Buyuk Ipak yo‘li, Beruniy, Rudakiy ko‘chalarida joylashgan ko‘p qavatli uylarda yashovchi aholining bu ishlardan ko‘ngli to‘lmayapti. 2018-2019 yillarda tom qismi yangilangan uylardan yana chakka o‘tishni boshladi. Yog‘ingarchilik paytlari yangidan qilingan beton ariqlarga yomg‘ir suvlari sig‘may qolyapti.

Mablag‘-ku bor. Ammo…

- Shahar va tumanlardagi 1789 ta ko‘p qavatli uy-joyga 162 ta xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari xizmat ko‘rsatib kelmoqda, - deydi viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi boshlig‘i Bahodir Negmatov. - Uylarning 1535 tasi 1991 yilgacha va 254 tasi esa undan keyin qurilgan. O‘tgan ikki yil davomida 183,24 milliard so‘m mablag‘ evaziga 946 ta ko‘p qavatli uy mukammal va joriy ta’mirlandi. Jumladan, tijorat banklarining 48,1 milliard so‘mlik kreditlari hisobidan 355 ta, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining 135,14 milliard so‘m mablag‘lari hisobidan 591 ta uy-joyda ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.

Samarqand shahridagi ko‘p qavatli uylardagi 227 ta liftdan 153 tasi ta’mirlanib, 74 ta yangi lift o‘rnatildi. 404 ta yangi bolalar va sport maydonchalari qurildi.

- O‘tgan yili qishda ko‘p qavatli uylardagi xonadonlarda yuzaga kelgan muammolardan kelib chiqib, viloyat bo‘yicha yana 266 ta ko‘p qavatli uyni mukammal va joriy ta’mirlash rejalashtirilgan, - deydi B.Negmatov. - Samarqand shahridagi mahallalarda joylashgan 26 ta ko‘p qavatli uy-joy «Samarqand viloyatini obodonlashtirish va farovonligini oshirish jamg‘armasi»ning 7,9 milliard so‘m mablag‘i hisobidan ta’mirlanmoqda.

Jumladan, shahardagi 12 ta uyning tom qismi mukammal ta’mirlanib, 12 ta yerto‘la tartibga keltirildi, 13 ta uyning isitish tizimi hamda fasad qismi ta’mirlandi.

Bundan tashqari, joriy yilning o‘tgan davrida viloyat hokimligi tashabbusi bilan homiylar mablag‘lari jalb qilinib, Samarqand shahridagi 50 ta ko‘p qavatli uy-joylarda zarur ta’mirlash ishlari olib borildi.

Joriy yilgi manzilli dasturga asosan viloyatdagi 127 ta ko‘p qavatli uyni ta’mirlashga tijorat banklari tomonidan moliyaviy barqaror bo‘lgan 24 ta xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlariga 4,4 milliard so‘m kredit mablag‘lari ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Ishlar hamon yakunlanmagan

Biz Samarqand shahridagi ayrim ko‘p qavatli uylarda quruvchilar tomonidan amalga oshirilgan ishlarni ko‘zdan kechirib, Sug‘diyona massivi Taraqqiyot ko‘chasidagi 43-ko‘p qavatli uy to‘liq ta’mirdan chiqarilganligiga guvoh bo‘ldik.

- Birinchi qavatda yashayman, o‘tgan yili uyimizda qurilish-ta’mirlash ishlari olib borildi, - deydi Zarina Jo‘rayeva. – Hovlidagi o‘rindiqlar yangilandi, yangi eshik o‘rnatishdi. Biroq uyning orqa tomonida obodonchilik ishlari chala qoldi. Yerto‘lani tozalaganiga qaramasdan, zax hidi kelib turadi.

«Istiqlol obod servis» uy-joy shirkati xizmat qiluvchi mazkur uyda yashovchilar shirkat xizmatidan ham norozi ekanligini bildirdi. Negaki, uy ta’mirlanmagan bo‘lsa-da, atrofi obodonlashtirilmagan, suv yo‘li yopilib ketgan, tarnovlar yangilanmagan.

Aslida ta’mirlangan, ammo hamon muammolardan qutula olmayotgan uy birgina bu emas. Shu ko‘chaning 27-uyida istiqomat qiluvchi Farida Annayevaning aytishicha, yog‘ingarchilik kunlari yuqori qavatda joylashgan 7, 8, 15, 16-xonadonlardan chakka tomadi. Tarnovlar to‘lib qolganidan oqova suvlar toshib ketadi.

Ta’mirlangan uyning tomi almashtirilmadi. 1-yo‘lak oldiga o‘rindiq o‘rnatilmagan, hovlida, uyning kirish yo‘lagi yonida chiqindi qutilari yo‘q. Beton ariq yangilanmagan.

Shunday holatlarga 25 va 29-ko‘p qavatli uylarda ham guvoh bo‘lish mumkin.

Sug‘diyona massividagi Ali Qushchi ko‘chasida 8-ko‘p qavatli uy 2018-2019 yillarda «Qurilish va obodonlashtirish direksiyasi» davlat unitar korxonasining quruvchilari tomonidan ta’mirlangan. O‘z navbatida, 248 million so‘mlik loyiha asosida hovlida ayvon qurilgan. Yerto‘la ta’mirlanib, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari sozlangan.

- Uyni ta’mirlashda ancha kamchiliklarga yo‘l qo‘yildi, - deydi «domkom» Sayyora Komilova. - Inspeksiya vakillari sifatsiz holicha qabul qilib olishdi. Ilgari 3-4 ta xonadonda chakka o‘tgan bo‘lsa, ta’mirdan keyin boshqa xonadonlardan ham chakka o‘tyapti. Vaholanki, loyiha bo‘yicha quruvchilar tomni to‘liq yangilashlari kerak edi.

Obodonlashtirish ishlari ham chala qoldi. Daraxt va gullarni sug‘orish uchun suv nasosi o‘rnatilmadi, 8 ta o‘rniga 5 ta o‘rindiq o‘rnatildi. Beton ariqlarni qaytadan qurib beramiz, deyishgandi, bu ish va’daligicha qolib ketdi. Ta’mirlashdagi bunday kamchilik­lar shu ko‘chadagi 4-uyda ham mavjud.

Guliston nomiga munosib bo‘ladimi?

Reja bo‘yicha Sartepa massividagi Guliston mahallasida joylashgan 15 ta ko‘p qavatli uyning 11 tasi ta’mirlangan. Biroq hududdagi 159-ko‘p qavatli uyning tom qismi o‘tgan yili sifatsiz yopilganligi uchun quruvchilar uni qaytadan amalga oshiryapti. Tarnov va ularni ko‘taruvchi moslamalar, shuningdek, muhandislik-kommunikatsiya tizimlari, kanalizatsiya tarmoqlari yangilanmoqda.

- Ishchilarning aksariyati quruvchi-mutaxassis emas, - deydi Guliston mahallasi raisi Sanjar Sobirov. - Ular mardikor bozordan kelgan yollanma ishchilar. Shuning uchun qilgan ishlari sifatsiz, aniq hisob-kitob bilan ishlamaydi.

Ma’lum bo‘lishicha, 151, 152, 153, 154-ko‘p qavatli uylarda ham ishlar sifatsiz bajarilgan. Aslida, buni bir qarashda ilg‘ash mumkin. Ichimlik suvi va issiqlik tarmoqlari yangilanmagan. Ayrim uylarning yerto‘lasi zaxligidan issiq kunlarda yuqumli kasallik tashuvchi pashshalarning uyasiga aylangan.

«Murodobod kommunal servis» uy-joy xizmat ko‘rsatish shirkati tomonidan mahalla markazida usti yopiq ayvon qurilib, o‘rindiqlar o‘rnatilgan. Ammo o‘rindiqlarga o‘tirish uchun taxta qoqish esidan chiqqan ko‘rinadi.

Xullas, ayrim ko‘p qavatli uylardagi ta’mirlash ishlari xo‘jako‘rsinga amalga oshirilyapti. Nahotki, sarflanayotgan shuncha mablag‘ning uvolidan qo‘rqadigan mutasaddi topilmasa?!

Dilmurod TO‘XTAYeV,
Baxtiyor MUSTANOV,
“Zarafshon” muxbirlari.