Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Koreya ishbilarmonlari Samarqandga intilmoqda

Yoshlar markazida Samarqand viloyati va Koreya Respublikasining ishbilarmon doira vakillari ishtirokida biznes-forum o‘tkazildi.

Dastlab xorijiy ishbilarmonlarga viloyatimiz tadbirkorlari tomonidan tayyorlangan hunarmandchilik mahsulotlari namoyish etildi.

Biznes forumda ishtirok etgan viloyat hokimi E.Turdimov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Koreyaga tashrifi va o‘z o‘rnida Koreya Respublikasi Prezidentining O‘zbekistonga tashriflari chog‘idagi kelishuvlari mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘targanini ta’kidladi.

- Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarning siyosiy, iqtisodiy, madaniy yo‘nalishlarda sezilarli rivojlanish bosqichiga erishildi. Biz Koreya davlati o‘z tarixi, noyob madaniyati, ulkan salohiyatiga ega jahon iqtisodiyoti yetakchilaridan biri va maqsadlari yo‘lidan dadil borayotgan mamlakat sifatida bilamiz, - dedi E.Turdimov. 

Hozirda koreyalik sarmoyadorlar ishtirokida viloyatimizda 35 ta korxona tashkil etilgan bo‘lib, ularning 25 tasi qo‘shma korxona va 10 ta xorijiy korxona faoliyat yuritmoqda. Ularda ip-kalava, ipak, trikotaj matolar, tayyor bolalar kiyimlari, matolar, gilam, qayta ishlangan qishloq xo‘jalik mahsulotlari, qurilish materiallari, mebel va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Shu bilan birga Samarqand va Koreya davlati o‘rtasida 2019 yil birinchi yarim yillikda o‘zaro tovar  aylanmasi 21 million dollarni tashkil etdi va o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,1 barobarga oshdi.  

 

- Bugungi kunda Koreyadagi gigant korxonalar O‘zbekistonda o‘z filialini ochishga intilishmoqda, - deydi O‘zbekiston-Koreya biznes markazi direktori Kim Chang Kyong. – Shu maqsadda Urgut erkin iqtisodiy zonasida ham bo‘lib, u yerdagi sharoitlar bilan tanishdik va bir necha korxonalar bilan shartnomalar imzoladik. Ushbu biznes forumda Samarqand viloyatida axborot kommunikatsion va informatsion texnologiyalar, farmatsevtika, turizm, zamonaviy shaharsozlik, qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalar rahbarlari qatnashmoqda. Shuningdek,  issiqxonalar, yengil sanoat yo‘nalishida to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish, terini qayta ishlash, charm-poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarish, yoqilg‘i energetika sohasi, elektr va maishiy texnika ishlab chiqarish yo‘nalishlarida investitsion loyihalarni amalga oshirishni rejalashtiryapmiz. Shu maqsadda Koreyadagi eng ilg‘or 45 kompaniyaning vakillari o‘z loyihalarini taqdim etishmoqda.

Forum davomida koreyalik tadbirkorlarning eng yaxshi loyihalari namoyish etildi va ishbilarmonlar o‘rtasida B2B formatda uchrashuv ham o‘tkazildi.