Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Koronavirus qarshisida Italiya mutlaqo yolg‘iz qolib ketdi. Endi Yevropa ittifoqi qulaydimi?

Yaqin kunlarda Chexiya va Italiya o‘rtasida shov-shuvga sabab bo‘lgan kelishmovchilik yuzaga keldi. Italiya tomoni Pragani Italiyaga Xitoydan insonparvarlik yordami sifatida yuborilgan o‘lkan hajmdagi tibbiyot niqoblarini kontrabandaga qarshi kurash bahonasi bilan ushlab qolganlikda aybladi. Faqat oradan uch kun o‘tganidan so‘ng Chexiya hukumati hatosini tan oldi va italiyaliklardan uzr so‘radi. Biroq o‘tgan uch kun ichida hibsga olingan tibbiyot niqoblarining barchasi Chexiya shifoxonalariga tarqatilib bo‘lingandi. Keyingi vaqtlarda Yevropa ittifoqida (YeI) tez-tez sodir bo‘layotgan shunga o‘xshash holatlar birdamlikka jiddiy ziyon yetkazishini ta’kidlamoqda mutaxassislar.

Chexiya hukumati 110 ming dona tibbiy niqob va boshqa antiseptik vositalardan iborat bo‘lgan yukni ushlab qolganligi haqida birinchi bo‘lib chexiyalik kuzatuvchi Lukas Lev Chervinki so‘zlab berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy hukumati tomonidan Italiyaga yuborilgan niqoblar barcha hujjatlar xalqaro me’yorlarda rasmiylashtirilgan bo‘lishiga qaramasdan, Losovitsada (Chexiya) bojxona tomonidan musodara qilingan. Italiya va Xitoy hukumatlari Pragaga vaziyatni tushuntirish bo‘yicha so‘rovnoma yuborganida, ular uch kun davomida rasmiy Pragadan – musodara qilingan niqoblar, xalqaro bozorda qayta sotish maqsadida bo‘lgan chex tadbirkorlaridan olib qo‘yilganligi to‘g‘risida javob olishgan. Chexiyada bu ish yuzasidan hatto kontrabanda moddasi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Italiya TIV rahbari Luidji Di Mayoning chexiyalik hamkasbi Tomashu Petrjichekuga qilgan murojaatidan so‘nggina Praga “hatoga yo‘l quyilganini” tan oldi. Biroq Praga niqoblarni qaytara olmasdi. Chunki barcha niqoblar Chexiya bo‘ylab kasalxonalarga tarqatib bo‘lingandi. Chexiya niqoblarni 48 soat ichida Italiyaga qaytarishga va’da berdi. Ammo vaqt o‘tmoqdaki, niqoblar hali ham qaytarilmadi.

Chervinkining so‘zlariga ko‘ra, insonparvarlik yordami yuki bilan kontrabanda yukini almashtirib yuborishning iloji yo‘q. “Har bir quti alohida belgilangan bo‘lgan. Ularda Xitoy va Italiya davlatlarining bayroqlari bo‘lgan va har bir qutida “bu yuk insonparvarlik yordami”, degan yozuvlar bo‘lgan. Hujjatlarning barchasi joyida bo‘lgan,” deya ta’kidladi Chervinka.

Koronavirus avj olgan Italiya uchun niqob voqeasi birinchi ko‘ngilsiz holat emas. Yevropa mamlakatlari va AQSh har doim yevroatlantik hamjihatlik, insonparvarlik va og‘ir kunda bir-birlariga ko‘maklashish to‘g‘risida bong urardi. Lekin haqiqatdan ham og‘ir kunlar kelganda, Amerika hukumati Yevropa davlatlari farmatsvetika kompaniyalari bilan koronavirusga qarshi vaksinaga (hali yo‘q vaksinaga) eksklyuziv egalik qilish huquqini sotib olish uchun muzokaralar olib borishni boshladi.

O‘z navbatida, Yevropa davlatlari chegaralarini ommaviy yopishni va o‘z ittifoqdosh qo‘shnilariga tibbiy vositalarning sotilishini taqiqlashni ham boshlashdi.

Italiyadagi epidemiya avjining dastlabki kunlari Yevropa ittifoqi ularga deyarli hech qanday yordam ko‘rsata olmadi. Rimga dastlabki insonparvarlik yordami endigina koronavirus hurujidan omon chiqqan, Xitoy hukumati tomonidan yuborildi. “YeI faqat fikr qiladi va maslahat beradi. Undan boshqa hech qanday foydali ish qalmayapti. Bryussel va’da berish va maslahat berishdan boshqa ish ham qilishi kerak”, deya ta’kidladi 11 mart kuni Italiyaning YeI vakili Mauritsio Massari.

“YeIdagi qo‘shnilar Italiyani unutib yuborishdi”, deya taajublandi, Italiyaning La Repubblica gazetasi bosh redaktor o‘rinbosari Djanluka Di Feo, o‘zining Fransiyaning Le Figaro nashri uchun yozgan maqolasida. “Koronavirus qarshisida Italiya mutlaqo yolg‘iz qolib ketdi. Yevropa ittifoqi bironta shifokor ham, niqob ham yubormadi, hatto kasalxona ham tashkillashtirib bermadi. YeI o‘zining aniq harakatlarga qodir emasligini isbotladi. Unda na hamjihatlik, na nazorat bor. Bu biz hech qachon esdan chiqarmaydigan muhim dars: epidemiya tugaganidan so‘ng hech narsa ilgarigidek bo‘lmaydi”, deb yozdi italiyalik jurnalist.

Butun Yevropa Italiyadagi kasalxonalar bemorlar bilan to‘lib ketganini, shifokor va hamshiralar charchoqdan xoldan toyib, hushsiz yiqilayotganini, o‘zlari ham kasallikni yuqtirib olayotganlarini va kimni sun’iy nafas berish uskunasiga ulab, kimni ulamaslikni tanlayotganlarini, kimning yashash imkoniyati ko‘proq bo‘lsa, o‘shangagina yordam ko‘rsatilayotganini muhokama qilmoqda. Biroq Italiyadan Fransiya, Germaniya, Avstriya, Sloveniya, Vengriyagacha bo‘lgan masofa u qadar uzoq emas. Ammo ushbu rivojlangan qo‘shnilarning birontasi o‘zlarining jonlantirish bo‘limlaridan joy berganini, o‘zlarining tibbiy uskunalarini berganini, o‘zlarining shifokorlarini Milanga yuborganlarini eshitdimi? “Lombard hududidagi yoshi katta bemorlarga yordam ko‘rsatish uchun Fransiya FVV samolyotini yubordi”. “Germaniya Milanga bir guruh reanimatolog shifokorlar yubordi”. “Vengriya o‘zining tibbiy niqob zaxirasi bilan Italiya bilan bo‘lishdi”. Qani bularning barchasi, qani amaldorlar, insonparvar demokratlar, rasmiy Bryussel (YeI poytaxti)? Italiyadagi bemorlarning bir qismini Polshaga yuborishni taklif qilsa, nima bo‘ladi?

Shu kunlarda internet tarmoqlarida italiyaliklar tomonidan yozilgan videomurojaat paydo bo‘ldi. Unda shunday deyilgan:

“Rahmat sizga qadrli Makron (Fransiya Prezidenti), rahmat sizga qadrli Merkel xonim (Germaniya kansleri), biz sizning yordamingizga har doimgidan ham ko‘proq muhtoj bo‘lgan vaqtda bizni tashlab ketganingiz uchun. Bizga virus bilan kurashish uchun, sizdan oddiy tibbiy niqob va boshqa tibbiy jihozlarni sotib olishga imkon bermaganingiz uchun rahmat, katta rahmat. Biz ularning pulini to‘lardik. Biz italiyaliklar – boshqarib bo‘lmaydigan, o‘zgacha, kambag‘al, rasvo, shovqinli va ba’zi joylarda mafiya.

Эммануэль Макрон.

Ammo biz shu bilan birga sizlarga yo‘l qurishni, maktabni, alifboni o‘rgatgan xalqmiz. Biz sizlarga qonunlarni va huquqiy mey’yorlarni o‘rgatdik. Bu biz italyanlar – sizning muzeylaringizni to‘ldirib turgan asarlar, siz o‘qiyotgan matnlar, siz foydalanayotgan kashfiyotlar mualliflari...

Shuningdek, sizga ham rahmat, janob Tramp va janob Jonson bizga yordam berish o‘rniga, tashlab ketganingiz uchun... Sizga shuni eslatib o‘tish joizki, janob Tramp, agar italiyalik bo‘lmaganda, siz hozir Amerikada pul sochmasdan, ajdodlar yurtida och-nahor o‘tirgan bo‘lardingiz. Siz hatto kartoshka ham yeya olmasdingiz. Chunki noma’lumlik tomon suzib borgan qo‘rqmas italyansiz u sizda bo‘lmasdi... Biz italyanlar banklarni, universitetlarni, arxitekturani, muhandislikni, astrofizikani, kalendarni, musiqani kashf qilgan xalqmiz. Djotto, Kolumb, Marko Polo, Leonardo, Mikelanjelo, Bernini, Titsian, Rafael, Galileo, Sezar, Dante... barchasi italyalik bo‘lgan. Agar sizga farqi bo‘lmasa, orqadan xanjar urishga qaror qilgan bo‘lsalaringiz, unda dunyodagi eng jozibali mamlakatni aylanib o‘ting. Biz og‘ir kunda yordam berganlarni kutib olishdan benihoya xursand bo‘lamiz. Sizlarning o‘zingizni sevishingiz, naqadar tuban ekanliklaringizni ko‘rsatib berdi. Rahmat!”.

Bekzod MUSURMONOV tarjimasi.