Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Koronavirusga chalingan bemorlarning ahvoli haqida ma’lumot berildi: 15 bemorda o‘pka yallig‘lanishi belgilari kuzatilyapti, 7 nafarining ahvoli og‘ir

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov koronavirusga chalingan bemorlar ahvoli haqida ma’lumot berdi.

– Mamlakatda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar 83 nafarni tashkil etyapti. Bemorlarning aksariyati Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida davolanmoqda. Farg‘ona, Andijon, Namangan viloyatlaridagi bemorlar o‘zlarining hududlarida davolash muolajalarini olyapti. Boshqa viloyatlardan kelgan bemorlarimiz va ular bilan muloqotda bo‘lganlar Toshkent shahridagi tibbiyot muassasalarida qolmoqda.

Hozirgi holatda bemorlarimizning 15 nafarida o‘pka yallig‘lanishi belgilari kuzatilyapti, 7 nafarining ahvoli mutaxassislar tomonidan og‘ir deb baholanmoqda.

Namangan viloyatida vafot etgan onaxonimiz qandli diabet, yurak yetishmovchiligi xastaligi bilan og‘rib yurgan. Kechagina laboratoriyada koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan va bugun ertalab miokard- infarktidan vafot etdi.

Albatta, bu kabi ma’lumotlar xalqimizni hushyor torttirishi kerak. Tibbiyot xodimlarining tavsiyalariga rioya qilishimiz juda ham zarur.