Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ko‘zingizga qarab, fikringizni uqadigan chempion

U ham barcha tengdoshlariga o‘xshab fast-fud taomlarni xush ko‘radi. Telefondagi ba’zi o‘yinlarga befarq emas. Kezi kelganda to‘p tepib, tennis o‘ynaydi. Ammo 13 yoshli bu bolani nafaqat O‘zbekistonda, dunyoda ham yaxshi bilishadi. U olti yoshidanoq mashhurlikka erishdi, 12 yosh 10 oy 8 kunda grossmeysterlik unvonini qo‘lga kiritdi. Uning oilasi, o‘zi haqida ommaviy axborot vositalarida shunchalik ko‘p maqolalar chop etilib, ko‘rsatuvlar tayyorlandiki, bir qaraganda uning muxlislari uchun biror-bir yangilik aytish mushkulday. Ammo bu gal Javohir Sindorov bilan yutuqlari omiliga emas, 13 yoshli o‘smirlikdagi o‘ylariga ko‘proq e’tibor qaratdik.

– Har gal chempionatlardan keyin intervyu berishga tayyor bo‘lasizmi, savollarga javob berishdan qochgan paytlaringiz ham bo‘lganmi?

– Odatda bu qiyin emas. Xalqaro musobaqalarda ko‘pincha bir xil savol berishadi, “Taassurotlaringiz…“ “O‘yindan ko‘ng­lingiz to‘ldimi?“, kabi. Ammo bir nechta kameraga alohida javob berishdan, haqiqatan charchagan paytlarim bo‘lgan. Sababi, yirik musobaqalar baribir odamni toliqtiradi.

– Xorijlik do‘stlaringiz ko‘p bo‘lsa kerak?

– Albatta, ular bilan doim muloqotda bo‘lib turaman.

– Maktabdagi do‘stlaringiz bilan munosabatlarda chempionlik “status“i xalaqit bermaydimi?

– Yo‘q, adashasiz, yulduzlik kasaliga uchramaganman!

– Lekin har holda siz katta davralarni ko‘rgansiz, ko‘p davlatlarda bo‘l­gansiz. Bu yerdagi tengdoshlaringiz bilan muloqot sizni zeriktirib qo‘ymaydimi?

– Hech qachon. Do‘stlarim bilan do‘stman, maktabda oddiy o‘quvchiman. Chempionlikning bunga aloqasi yo‘q.

– Kezi kelganda o‘qituvchilaringiz bahongizni oshirib qo‘ysa kerak?

– Bunaqasiyam bo‘lib turadi. Axir chempionatlar oldidan ko‘p dars qoldirishimga to‘g‘ri keladi-da.

– Ukalaringiz bilan tortishib qolganda ularga yon bosasizmi? Oilada to‘rt aka-uka tarbiyalanyapsizlar ekan…

– Yon bosaman deyish noto‘g‘ri-kuya. Ammo tortishuvlarni ko‘p cho‘zmayman. Sababi, ukalarimning ko‘ziga qarab, nima demoqchiligi, qanday fikrlayotganini sezib turaman. Noto‘g‘ri bo‘lsa, darrov aytaman, gapimga ko‘nadi.

– Ko‘zga qarab fikrni bilish – shaxmat ta’siri bo‘lsa kerak.

– Ha, raqibimga qarab, uning xayolidan o‘tayotganlarni ilg‘ab olaman. Ko‘pchilik shaxmatchilarga xos bu xususiyat.

– To‘rt yoshingizdan beri shaxmat o‘ynaysiz, jiddiy shug‘ullanasiz, ba’zida men ham tengdoshlarimday erkin bo‘lishni istayman, degan fikr kelmaydimi xayolingizga?

– Axir shaxmat hayotimning bir qismiga aylanib bo‘lgan-ku! Ko‘pchilik bizni 5-6 soat­lab tinimsiz shug‘ullanadi, deb o‘ylaydi. Unday emas. Shaxmat bilan bunchalik uzoq muddat shug‘ullanish miyani charchatib qo‘yadi. Orada dam olamiz, stol tennisi o‘ynaymiz, suzishimiz mumkin.

– Bobongiz Komil Sindorov doim siz bilan birga. U kishining xizmatlari tufayli bugun shunday darajaga erishganingiz haqida o‘qiganmiz. U kishi bilan haliyam shaxmat o‘ynab turasizmi?

– Yo‘q. Bobom meni shaxmatda oxirgi marta 5 yoshimda yutgan. Bobom uchun men bilan shaxmat o‘yini unchalik qiziq bo‘lmasa kerak.

– Qo‘shrabotga, bobolaringiz yurtiga borib turasizmi?

– Albatta. Har yili borib, musobaqalar uyushtiramiz, katta bobom tomonidan tashkil etilgan muzey holati bilan qiziqib ko‘ramiz. Bobomning bobosi – Ergash Jumanbulbul o‘g‘li nomidagi muzeydagi ashyolarni har safar qiziqib tomosha qilaman.

– Siz o‘zingizni tug‘ma iste’dod sohibi, deb hisoblaysizmi?

– Bobom shaxmatga bo‘lgan layoqatimni o‘z vaqtida sezib, meni shunga undaganlari uchun bu natijaga erishganman. Tug‘ma iste’dod bo‘lsa-yu, ammo oilada buni hech kim sezmasa, unday bola ko‘p narsaga erisholmaydi. Oiladagi qo‘llab-quvvatlash shaxmatchi uchun eng muhimi, deb o‘ylayman. Keyin, albatta, shug‘ullanish, tinimsiz shug‘ullanish.

– Ko‘p narsaga erishdim, deb hisoblaysizmi?

– Yo‘q-yo‘q, hali oldinda marralar juda ko‘p. Eh-he, qancha shug‘ullanishim kerak. Uning katta yoshli kishilarday fikrlashi, ammo shuning barobarida hali 13 yoshli o‘smir ekani suhbat davomida sezilib turdi. Yana bir narsa – haqiqatan fikrni ko‘zga qarab, ilg‘ab olishini ham his qildik. Ehtimol, uning bosiq, o‘ylab fikr bildirishiga, ortiqcha so‘zlardan qochishiga shaxmat sabab bo‘lgandir, ammo o‘zidan kattalar bilan munosabatda, suhbat davomida xonaga kirgan yoshi kattalarga qo‘lni ko‘ksiga qo‘yib, fikr bildirishi – o‘zbekona tarbiyasida bobosining ta’siri borligi aniq. Barakalla, chempion yigit!

 

Gulruh MO‘MINOVA suhbatlashdi.