Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Kutilgan va kutilmagan iste’folar

Rossiya davlati tarixiga e’tibor bilan nazar solgan kishi qiziq bir qonuniyatni kashf etadi.

1825 yilda Sankt-Peterburg shahrida dekabristlar qo‘zg‘olon qilib, podsho hukumatiga qarshi bosh ko‘targandi.

1865 yilda ozod qilingan krepostnoy dehqonlarni yangi bosib olinajak yerlar bilan ta’minlash maqsadida chor hukumati Turkistonga harbiy yurishni boshladi.

1905 yilda birinchi rus inqilobi ro‘y berdi. Hokimiyatni qo‘lga olgan inqilobchilar 1945 yilda uzil-kesil g‘alaba qozondilar.

1985 yilda qayta qurish me’mori Mixail Gorbachyov hokimiyat tepasiga keldi.

Sezayotgan bo‘lsangiz, ushbu har bir yirik tarixiy voqeaning sodir bo‘lish oralig‘i roppa-rosa 40 yilni tashkil qiladi. Shu qonuniyatdan kelib chiqadigan bo‘lsak, bu mamlakatdagi navbatdagi burilish 2025 yilda sodir bo‘lishi kerak. Undan keyingi olamshumul voqea 2065 yilda yuz berishi kutiladi.

Yangi 2020 yil ham Rossiya Federatsiyasi siyosiy hayotida ulkan o‘zgarishlar bilan boshlandi. Dastlab Dmitriy Medvedev hukumati to‘liq tarkibi bilan iste’foga chiqdi. Keyin Rossiya Konstitutsiyasiga o‘zgartishlar kiritish tadbirlari boshlanib ketdi. Yangi bosh vazir tayinlandi. Holbuki, yaqindagina prezident Putin sobiq bosh vazir Medvedevning ish faoliyatiga yuksak baho bergan, konstitutsiyani ham o‘zgartirishga aytarli ehtiyoj yo‘q edi.

Hamma gap shundaki, 2024 yilda Rossiyada navbatdagi prezident saylovlari bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Konstitutsiya talabiga binoan Putin prezidentlikni yangi nomzodlardan biriga topshirishi shart. Ammo “ayolga baxt shirin, podshoga taxt” deganlaridek, amaldagi prezidentning “shirin” kursisidan ayrilgisi yo‘q.

Rossiyani Belarus bilan birlashtirish va shu bahonada tashkil etilajak yangi davlatga rahbar bo‘lish istagi prezident Aleksandr Lukashenkoning qaysarligi oqibatida amalga oshmay qolgach, Putin tezlik bilan 2024 yilda hokimiyat davomiyligini ta’minlash tadorigini ko‘rishga kirishdi. Konstitutsiyaga yangi kiritiladigan o‘zgartirishlarga binoan, Rossiyada ham xuddi Xitoydagidek Davlat Kengashi tuzilishi mo‘ljallanmoqda va prezidentning hozirgi vakolatlaridan bir nechasi ushbu kengashga, yana bir qismi esa parlamentga berilishi rejalashtirilmoqda.

Ushbu reja bo‘yicha Putin vakolatini yangi prezidentga topshirgach, Davlat Kengashi raisligi lavozimini qabul qiladi va real boshqaruvni yana o‘z qo‘liga oladi. Bunday yo‘l tutilishining bir necha muhim sabablari bor.

Avvalambor, Rossiya garchand, rasman federatsiya shaklidagi davlat hisoblansa-da, aslida imperiya mazmunidagi saltanatdir. Shu bois u yerda har gal hokimiyat almashinuvi albatta, katta bir talotumlarni keltirib chiqarishi tarixdan yaxshi ma’lum. Hatto, yaqindagina sodir bo‘lib o‘tgan voqealar misolida ko‘radigan bo‘lsak ham ushbu manzarani kuzatish mumkin.

Aytaylik, o‘zaro kelishilgan holda, konstitutsiyaviy tartibni buzmaslik maqsadida 2008 yilda o‘tkazilgan prezident saylovida Putin hokimiyatni bir muddat nomiga bo‘lsa-da, Dmitriy Medvedevga topshirgandi. Ana shu qisqa muddatda ham mamlakatdagi demokratik kuchlar ancha quvvatlanib, prezident yakkahokimligiga qarshi jiddiy xavotir paydo qildi.

Vladimir Putin 2012 yili yana hokimiyat tepasiga qaytgach, boshqaruvni qattiqqo‘llik bilan davom ettirdi. Natijada, hozirgi paytda joriy siyosatga qarshi chiquvchi birorta jiddiy muxolifat kuch qolmadi. Boris Nemsov nomardlarcha otib o‘ldirilgach, boshsiz qolgan demokratik kuchlar o‘z-o‘zidan parokandalikka yuz tutdi.

Bu tadbirlardan ko‘zda tutilgan yana bir maqsad hokimiyatga ishonchi yo‘qolib borayotgan xalqning roziligiga erishishdir. Qrim yarim oroli Ukrainadan ajratilib, Rossiyaga qo‘shib olingan 2014 yilda prezidentning obro‘ reytingi rekord daraja – 86 foizga ko‘tarilib ketgandi. 2019 yilning oxiriga kelib, bu miqdor 35 foizga tushib qoldi.

Buning bir qancha ob’yektiv va sub’yektiv sabablari borki, ular haqida mufassal to‘xtaladigan bo‘lsak, maqolamiz juda cho‘zilib ketadi. Bundagi birlamchi asosiy sabab shuki, mamlakatda iqtisodiy vaziyat kundan-kunga yomonlashib, uzoq-yaqindagi qo‘shnilar bilan munosabatlar tobora buzilib borayotir. Oxirgi katta ittifoqchi Xitoyda mash’um kasallikning tarqalishi jiddiy xavotirlar paydo qilayotir. Axir rus xom ashyosining asosiy xaridori ham shu mamlakat edi-da. Buning ustiga jahon miqiyosida neft va gaz narxlarining arzonlashib, harbiy xarajatlarning ortib borayotganligi muammolarni yanada ko‘paytirmoqda.

To‘g‘ri, Rossiyaning boy tabiiy resurslari, kuchli iqtisodiyoti, hukumatining qora kunlarga asrab qo‘ygan oltin-valyuta zaxiralari mavjud, ammo “yotib yeganga tog‘ ham chidamaydi” deganlaridek, davlat xazinasining ham imkoniyatlari cheksiz emas. Garchand, rasmiy ommaviy axborot vositalari orqali bu gaplar oshkor qilinmasa-da, mamlakatda qashshoqlar sonining ko‘payib borayotganligi noxush holatni fosh qilib qo‘ymoqda. Ana shular bois bo‘lsa kerak, Putin hukumatda juda katta o‘zgarishlarni amalga oshirib, vaziyatni tuzatishga urinmoqda.

Shov-shuvli iste’folardan yana biri prezident Putinning Ukraina masalalari bo‘yicha kuratori Vladislav Surkovning lavozimidan ketishi bo‘ldi. Chunki bu shaxs uzoq yillardan buyon prezidentning bosh maslahatchisi sifatida Rossiya siyosiy hayotining asosiy yo‘nalishlarini belgilab kelayotgandi.

Asli nom-nasabi Aslam Dudayev bo‘lgan bu siyosiy arbob Chechenistonda tug‘ilgan bo‘lib, keyinchalik go‘dakligida Rossiyaga olib ketilgan va unga onasining familiyasini berib, nomini ham Vladislav deya o‘zgartirishgan. Keyingi 20 yillik davrda Surkov Putinning eng yaqin yordamchilaridan biri bo‘lib keldi. Chechenistonda urushni to‘xtatib, tinchlik o‘rnatilishida Surkovning bebaho xizmati bo‘lganligi bois prezident Putin unga eng mas’ul vazifalarni ishonib topshirardi. Ammo Vladislav Ukraina masalasi bo‘yicha ishni “atala” qilib qo‘ydi.

Umuman, keyingi paytda Kreml siyosatida chuqur sifat o‘zgarishlari ro‘y berayotir. Bir vaqtlar rus siyosatining otaxoni Vladimir Jirinovskiy Rossiyaga migrantlarning vizasiz kirishi va sobiq sovet respublikalari bilan hamkorlik qilishga qarshi edi. Endilikda uning ko‘zqarashi ham keskin o‘zgardi. Rossiyaning hamkorlik yo‘nalishi janub tomonga bo‘lishi kerak, degan to‘xtamga keldi.

Albatta, ittifoq bo‘lib ahil yashashga nima yetsin. Biroq bundagi bitta katta muammo shundaki, yirik davlat bilan kichik mamlakat o‘rtasida tenghuquqli hamkorlik bo‘lishi qiyin. Bu holatni Rossiya bilan Belarus orasidagi munosabatlarda yaqqol ko‘rishimiz mumkin. Bu ikki davlat o‘rtasidagi yaqin aloqalar oxiri shunga olib keldiki, Putin Belarusni o‘z mustaqilligidan voz kechib, Rossiya bilan qo‘shilishini istab qoldi. Shubhasiz, Lukashenko bunga qat’iy qarshilik ko‘rsatmoqda.

Endi o‘zingiz tasavvur qiling: qarama-qarshi tomonga harakat qilayotgan ikki kishi o‘zaro hamroh va hamkor bo‘la oladimi? Tabiiyki, Siz “yo‘q” deb javob berasiz. Rossiya bilan dunyo xaritasida yangi paydo bo‘lgan mustaqil respublikalar hozir xuddi ana shunday holatda turishibdi. Aytaylik, sobiq SSSRning tarqalib ketishi biz uchun ozodlik va istiqlolga yo‘l ochgan bo‘lsa, Vladimir Putinning fikriga ko‘ra, bu tarixiy voqea Rossiya uchun “XX asrdagi eng buyuk geosiyosiy halokatdir”. Yoki bo‘lmasa, biz mamlakatimizda ozod, huquqiy-demokratik jamiyat barpo etayotgan bo‘lsak, kremldagilar hokimiyat vertikalini mustahkamlab, militar-avtoritar davlat qurishmoqda. Chunki Rossiyada demokratik davlat qurib bo‘lmasligiga o‘zlari ham tobora ishonch hosil qilishmoqda. U yerda bunga ikki marta urinib ko‘rishgan. Ikki holatda ham (1917 yil va 1991 yillarda) imperiya demokratik islohotlar natijasida inqirozga yuz tutib, titilib ketgan.

Biz dunyoga eshiklarimizni keng ochib, tinchlikka, hamkorlikka intilayapmiz. Rossiyaliklar esa yakkalanish tamoyiliga amal qilib, yarim dunyo bilan arazlashib, yaqin qo‘shnilarining yerini tortib olib, o‘ziga xos jaydari siyosat yurgizishmoqda. O‘zga mamlakatlar xalqlari ustiga ajal urug‘ini yog‘dirishmoqda. Mayli, bu ularning ichki ishi. Ammo tinchlik, hamkorlik, barqarorlik va taraqqiyot yo‘lini tanlagan yangi mustaqil mamlakatlarni bunaqa chapani davlat bilan uzoq vaqt yaqin hamkorlik qilishiga ko‘zim yetmaydi. Chunki bizning yo‘limiz: tinchliksevarlik, insonparvarlik va taraqqiyot yo‘lidir.

Konstitutsiyaga kiritiladigan o‘zgartishlarning ko‘pchiligi Rossiya xalqlarining o‘ziga daxldor bo‘lsa-da, bizga ham tegib o‘tadigan tomonlari yo‘q emas. Masalan, undan xalqaro huquq me’yorlarining Rossiya qonunchiligiga nisbatan ustuvorligi haqidagi bandlar o‘zgartirilib, umuminsoniy qadriyatlar va xalqaro huquqiy me’yorlarga qaraganda Rossiya qonunlari ustuvor bo‘lishi haqidagi tuzatish kiritish rejalashtirilmoqda. Aytaylik xalqaro me’yorlar bo‘yicha har bir mamlakatning quruqlik, suv va havo yo‘llari boshqa mamlakatlar uchun ham ochiq bo‘lishi, ulardan foydalanish erkinligi kafolatlanib qo‘yilgan. Xalqaro huquqiy me’yorlar ikkilamchi darajaga tushiriladigan bo‘lsa, ertaga turli bahonalar bilan bu yo‘llar yopib qo‘yilishi ham mumkin. To‘g‘ri, hozir ko‘p mamlakatlar tranzit va logistika orqali yaxshigina daromad olishmoqda. Biroq Rossiyada tartib shunaqaki, ko‘p holatlarda siyosat iqtisodiyotdan ustunlik qiladi.

Nima bo‘lganda ham buyuk qo‘shnimiz xonadonida sodir bo‘layotgan keyingi voqealarni ijobiy baholab bo‘lmaydi. Yuqorida qayd etganimizdek, u yerda 2025 yilda katta burilish sodir bo‘lishi ehtimoli bor. Bu endi qanaqa o‘zgarish bo‘ladi, hech kim aytib berolmaydi.

Xudoyberdi KOMILOV,

siyosiy sharhlovchi.