Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Madaniyat va san’atini unutmagan xalq buyukdir

2020 yil 26 may kuni Prezidentimiz tomonidan “Madaniyat va san’at sohasining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’sirini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon hamda “O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. 2020–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasida madaniyat va san’atni yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

– Mazkur ikki hujjatda madaniyat va san’at sohasidagi dolzarb vazifalar shu qadar aniq belgilab berilganki, ayrimlari bo‘yicha, hatto “Yo‘l xaritasi”ga ham hojat qolmagan, – deydi viloyat madaniyat boshqarmasi boshlig‘i Xo‘jaqul Muhammadiyev. – Jumladan, teatr insonda ezgu fazilatlarni shakllantirib, ibratxona vazifasini bajarsa, muzeylar tariximizning jonli o‘tmishidan so‘zlaydi, san’at esa kishining estetik didini shakllantiradi. Farmon ushbu sohalardagi muammo va kamchiliklarning yechimini topishga turtki bo‘ladi. Shu paytgacha ayrim iste’dodli san’atkorlarimiz mablag‘ tufayli o‘z konsert dasturini uyushtira olmagan bo‘lsa, farmonda belgilangan imtiyozlar tufayli endi ularga poytaxtda ham o‘z ijodini namoyish qilish imkoniyati yaratildi. Mualliflik huquqining himoya qilinishi esa san’atkorlarning o‘z ustida ishlashiga, izlanishiga, ijodiy hamkorlikning yangi ufqlarini yaratishiga zamin yaratadi.

E’tiborli tomoni, qaror bilan Madaniyat vazirligi va uning hududiy bo‘limlari tizimida ham bir qator o‘zgarish va yangiliklar joriy etiladigan bo‘ldi. Xodimlar mehnatiga haq to‘lash, ularni rag‘batlantirish imkoniyatlari kengaytirildi. Vazirlik huzuridagi Madaniy meros departamenti  va uning barcha hududiy boshqarmalari tuzilmasida tegishlicha yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Badiiy ekspertiza boshqarmasi hamda badiiy ekspertiza bo‘limlari tashkil etiladi. Vazirlik huzuridagi Madaniy meros ilmiy-tadqiqot institutiga bir qator huquq va vakolatlar berildi.

– Joriy yilning yanvar-mart oylarida viloyatimizdan 650 nafar xonanda, sozanda, raqqosa, operatorlar litsenziya olish uchun hujjat topshirgan, – deydi “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi viloyat bo‘limi boshlig‘i Odil Rustamov. – Bu respublika bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichdir. Farmon bilan konsert-tomosha tadbiriga bir martalik ruxsatnoma berish uchun undiriladigan yig‘imning bekor qilinishi, avvalo, san’atkorlarimiz uchun juda katta imkoniyat. Bitta konsert qo‘yish san’atkor uchun qanchalik qiyinligini sohaning ichida yurganlar yaxshi biladi. Har bir konsert uchun ijara, reklama, texnik jihozlar, soliqqa to‘lanadigan va boshqa xarajatlar hisoblanib chipta narxi belgilanardi. Endi jonli ijroda kuylaydigan san’atkorlarimiz konserti uchun ijara haqi 50 foizga kamaytirilishi o‘z-o‘zidan chipta narxining pasayishiga zamin yaratadi. Haqiqiy san’at ixlosmandlari qiynalmay konsertga tusha oladi, zallarimiz muxlislar bilan to‘ladi. Shuningdek, san’atkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasining tashkil etilishi san’atkorlarning mualliflik huquqini tartibga soladi. Shoir va bastakorlarning, iste’dodli qo‘shiqchilarning mehnati qadrlanadi.

– Yurtimizdagi rasmiy tadbirlarda, turli soha xodimlarining bayramlarida biz san’atkorlar doim xizmatda bo‘lamiz, – deydi O‘zbekiston va Tojikiston xalq artisti Mardon Mavlonov. – Mana shunday paytlarda, o‘zaro suhbatlarda bizning ham bayramimiz bo‘lsaydi, deb orzu qilardik. Mana endi, 15 aprel -  Madaniyat va san’at xodimlari kuni, sifatida belgilandi. Bundan boshimiz ko‘kka yetdi. To‘liq jonli ijroda o‘tkaziladigan konsert dasturlari uchun ijara haqining 50 foiz miqdorida etib belgilanishi esa iqtisodiy manfaat bilan bilan birga jonli ijroda kuylaydigan san’atkorlarning ko‘payishiga, ularning o‘z ustida ko‘proq ishlashiga turtki bo‘ldi va buning ma’naviy ahamiyati oshadi. Chunki baribir xalqimiz jonli ijroni qadrlaydi, undan rohat oladi. Qalbdan chiqadigan nolalar, qo‘shiqlarning avj pardasi xalqqa qarab ijro etilsa, ularning yuragiga kirib boradi. Siz his qilgan ohangni ular ham his qiladi. San’atkorlarning muxlislarga ma’naviy ozuqa berishi mana shunda deb bilaman. Asosiysi, haqiqiy ijro egalarining mehnati va iste’dodi qadr topadigan bo‘ldi.

Farmonda teatrlar faoliyatiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Madaniyat vazirligi tomonidan xarid qilingan, ommaviy ijroga mo‘ljallangan dramatik, musiqali va musiqali-dramatik asarlarni 2020 yil 1 sentyabrdan boshlab xususiy teatrlarda ham sahnalashtirish va ijro etishga ruxsat berildi. Teatrlarning moliyaviy qo‘llab-quvvatlanishi yangi-yangi asarlar yaratilishiga, teatrlar orasida ijodiy raqobat muhitining shakllanishiga turtki bo‘lishi shubhasiz.

– Davlatimiz rahbarining farmonida teatrlar faoliyatini har tamonlama rivojlantirish ko‘rsatib o‘tildi, - deydi viloyat qo‘g‘irchoq teatri direktori Iskandar Sultonov. - Shu bilan birga tizimdagi muammolar va e’tibordan chetda qolgan ayrim masalalar qayd etilib, xususan, lapar va aytishuvlar hamda xususiy teatrlarga e’tiborni kuchaytirish ko‘rsatib o‘tildi. Ajdodlarimizdan meros bo‘lib kelayotgan, xalqimiz milliy madaniyatini o‘zida jo qilgan qo‘g‘irchoqbozlik tomoshalariga ham e’tibor berildi. O‘zbek milliy qo‘g‘irchoq teatri maktabining shakllanishi va rivojidagi beqiyos hissasini inobatga olib, Respublika qo‘g‘irchoq teatriga O‘zbek Milliy qo‘g‘irchoq teatri nomi berildi. Bunday e’tibor va e’tibor yurtimizdagi barcha qo‘g‘irchoq teatrlari jamoalariga juda katta mas’uliyat yuklaydi.

Farmon bilan 2020-2021 o‘quv yilidan boshlab notalar to‘plamlari va maxsus musiqiy adabiyotlarni O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan chop etilishi va ularning ta’lim muassasalariga to‘liq yetkazilishi, har bir hududda ko‘chma sirklar (shapito, dorbozlar guruhlari) hamda hayvonot bog‘lari tashkil etilishi ham e’tibordan chetda qolmadi.

Xalqimizga xos madaniyat va san’at bugun butun dunyoni lol qoldirayotgani barchamizga sir emas. O‘z tarixini, milliy va ma’daniy merosini unutmagan, uni keng targ‘ib qilgan xalq esa buyukdir.

  Nasiba JONTO‘RAYeVA.