Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Mahallalarning eng yaxshi yosh kitobxonlari bellashdi

Samarqand shahridagi 22-sonli bolalar musiqa va san’at maktabida fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyat Kengashi tashabbusi bilan "Men o‘qigan kitob" ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi o‘tkazildi.

Mahalla yoshlari o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini oshirish, yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk alloma, adib va mutafakkirlarning boy ma’naviy merosi, dunyoviy va diniy ilm-fan taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan ulug‘ ajdodlarimizning noyob asarlarini asrab-avaylash, ularning nodir merosini, ibratli hayoti va ijtimoiy faoliyatini har tomonlama chuqur o‘rganish va targ‘ib etishga qaratilgan tanlov ikki yosh toifasi asosida o‘tkazildi.  Ya’ni, 14 yoshdan 20 yoshgacha va 21 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan, tanlovning shahar va tuman bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 32 nafar yosh uch shart bo‘yicha o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazdi.

- Tanlov Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbus ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etildi, - deydi kengash raisining o‘rinbosari Sanjar Turdiyev. – Ilk bor o‘tkazilayotgan bu tanlovning saralash bosqichlariga 10 mingdan ziyod yoshlar qamrab olindi. Yoshlarimizni kitob mutolaasiga chorlaydigan bu tanlovni kelgusida davom ettirish, ishtirokchilar safini yanada kengaytirish istagidamiz.

Tanlov yakuniga ko‘ra, 14-20 yosh toifasida Payariq tumani “Javshar ota” mahallasidan Shahrizoda Ro‘zimurodova birinchi o‘rinni egallada. Toyloqlik Rayhona Rahmonova ikkinchi va Kattaqo‘rg‘on shahridan ishtirok etgan Marjona Mehriddinova uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. 21-30 yoshlilar o‘rtasida Qo‘shrabot tumani “Pangat” mahallasidan Kamola Musurmonova birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, Paxtachi tumanidan Javlon Qodirovga ikkinchi, narpaylik Gulhayo Eshmonovaga uchinchi o‘rin nasib etdi.

G‘oliblar tashkilotchilarning diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

To‘lqin SIDDIQOV.