Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Mahkuma qamoqdan ozod qilindi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toyloq tumani sudining 2020 yil 6 yanvar kungi ajrimiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan sudlangan mahkum Hakimova Nasiba Nasimovnaga nisbatan tayinlangan ozodlikni cheklash jazosini boshqa turdagi og‘irroq jazosi bilan almashtirish haqidagi Samarqand tumani IIB boshlig‘ining taqdimnomasini ko‘rib chiqildi.

N.Hakimovaning jazoni o‘tash tartibi va shartlarini buzganligi holatlari jazoni ijro etuvchi organ tomonidan yetarli dalillar bilan asoslantirilmaganligi, mahkuma jazoni o‘tash tartibi va shartlarini buzgan, deb barvaqt xulosaga kelinganligi sababli, uning ayolligi, oilasida yagona boquvchiligi, qaramog‘ida yoshi keksa onasi va 2 nafar voyaga yetmagan farzandlari borligi alohida e’tiborga olindi. Ya’ni, Samarqand tumani IIB boshlig‘ining taqdimnomasi rad qilinib, mahkuma N.Hakimovaga nisbatan ozodlikni cheklash jazosini amalda o‘tashni davom ettirish belgilandi. Qamoq ehtiyot chorasi bekor qilinib, darhol sud majlisi zalidan ozod qilindi.

Shuningdek, Samarqand tumani IIB probatsiya xodimlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining 2017 yil 27 iyuldagi 157-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Muayyan huquqdan mahrum qilish, axloq tuzatish ishlari va ozodlikni cheklash tariqasidagi jazolarning ijrosini tashkil etish hamda shartli hukm qilingan shaxslar ustidan nazoratni amalga oshirish tartibi to‘g‘risida”gi Yo‘riqnoma talablariga rioya qilmay, xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yganligi yuzasidan Samarqand viloyati IIB probatsiya bo‘limiga xususiy ajrim chiqarildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudining Feysbukdagi sahifasidan olindi.