Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Maktab o‘quvchilari PISA xalqaro tadqiqotida qatnashadi

Bugun ta’lim tizimiga alohida e’tibor qaratilayotganini ko‘pchilik e’tirof etmoqda. Albatta, yosh avlodni barkamol avlod ruhida tarbiyalash orqali yurtimiz ertasi va uning istiqbolini ta’minlashimiz mumkin. Shu bois yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Aholi hayot darajasi va sifati ko‘p jihatdan mamlakat raqobatdoshligining asosiy ko‘rsatkichiga aylangan bugungi sharoitda taraqqiyotning muhim omili sifatida ta’limning roli ortib bormoqda. Hozirgi paytda jamiyat va sivilizatsiyalar, avvalo, ijtimoiy qadriyatlar va ta’lim tizimlari bilan raqobatlashmoqda”, deya ta’kidlaganidek, sohalarda izchil rivojlanish bo‘lyapti.  

Oz muddat ichida mamlakatimizda amalga oshirilgan ishlar, jumladan,  Maktabgacha ta’lim vazirligining tashkil etilgani, Oliy va o‘rta maxsus ta’limi hamda Xalq ta’limi vazirliklarini isloh etish va rivojlantirishga qaratilgan ishlar misolida ko‘rishimiz mumkin. Uzluksiz ta’lim tizimini rivojlantirish bo‘yicha tub islohotlar davri boshlanganligi munosabati bilan, ta’limda baholashning xalqaro standartlariga qo‘shilishimiz ta’limni yangi bosqichga olib chiqdi.

2018 yil 8-dekabrdagi Vazirlar Mahkamasining “Xalq ta’limi tizimida ta’lim sifatini baholash sohasidagi xalqaro tadqiqotlarni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, Xalqaro baholash dasturlari bo‘yicha bir qator tadqiqotlar amalga oshirilishi belgilangan. Jumladan, 2021 yilda respublikamizdagi umumta’lim maktablarining 9-sinf o‘quvchilari PISA xalqaro tadqiqotida ishtirok etishiga erishildi.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Xo‘sh, PISA xalqaro tadqiqot nima degani? Bu tushuncha 1997 yilda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti tomonidan muntazam ravishda xalqaro qiyosiy tadqiqotlar olib borish maqsadida ishlab chiqilgan va 2000 yilda qabul qilingan. U o‘quvchilarni baholashning xalqaro dasturi, dunyoning turli mamlakatlaridagi maktab o‘quvchilarining savodxonligini va bilimini amalda qo‘llash, qobiliyatini baholaydigan testdir. Har uch yilda bir marta o‘tkaziladigan sinovda o‘quvchilarning yoshi 15 yoshu 3 oy va 16 yoshu 2 oy orasida bo‘lishi kerak.

PISA tadqiqotining 2015-2016 o‘quv yilgi mavsumida 70 davlatdan 536 mingdan ortiq 15 yoshli o‘quvchilar ishtirok etgan. O‘quvchilarning o‘qish, matematika va tabiiy yo‘nalishdagi fanlardan savodxonlik darajasi baholanib, tahlil qilinganda Sharqiy Osiyoda Singapur, Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy va Yevropada Finlandiya, Shveysariya, Polsha, Estoniya hamda Niderlandiya davlati ta’limi nisbatan rivojlangani ma’lum bo‘lgan.

2006 yilda shu tizim asosida Rossiyaning 210 ta ta’lim muassasasidan 6366 nafar o‘quvchi ishtirok etib, 479 ballni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, bu sinov 2015 yilda o‘tkazilganda shuncha o‘quvchi 8 ball ortig‘i bilan, ya’ni 487 ball to‘plagan.  

Jahon tajribasidagi PISA xalqaro tadqiqot baholash ishlariga tayyorgarlik viloyatimizda ham boshlandi. 1210 ta umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 10 foizi, ya’ni 121 tasi tanlab olinadi va reytingi aniqlanadi.

Rustam YO‘LDOSHEV,

Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi

viloyat hududiy bo‘lim boshlig‘i.