Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Maktab psixologlari o‘z vazifasini bilmaydi. Shuning uchun yoshlar o‘rtasida o‘z joniga qasd qilish holatlari ko‘paymoqda

Respublikamiz bo‘yicha Samarqand viloyatida joriy yilning o‘tgan 11 oyi davomida voyaga yetmaganlar o‘rtasida o‘z joniga suiqasd qilish holatlari ko‘paygan. Ayniqsa, bunday noxush holatlar Qo‘shrabot, Urgut, Samarqand, Jomboy tumanlari va Samarqand shahrida ko‘p sodir bo‘lgan.

Voyaga yetmaganlar o‘rtasida o‘z joniga qasd qilish holatlarining sababi o‘rganilganda, bunday holat ko‘pincha ota-onasi chet elga ishlash uchun ketgan, ya’ni yaqinlarini sog‘ingan bolalar o‘rtasida ro‘y berayotgani aniqlangan. Shuningdek, o‘smir yoshdagi bolalar o‘rtasida ishqiy munosabatlar yoki oila notinchligi ham fojiaga sababchi, deb topilgan.

Bugun viloyat xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazida bo‘lib o‘tgan “Ahil oila – Baxtli maktab” mavzusidagi o‘quv-seminarida ushbu masala o‘rtaga tashlandi. Unda viloyatdagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari psixologlari va soha mutaxassislari ishtirok etdi.

- Shunisi achinarliki, viloyatda voyaga yetmaganlar o‘rtasida sodir bo‘lgan o‘z joniga suiqasd qilish holatlarining birortasi xavf guruhiga tushmagan, - dedi viloyat prokuraturasi bo‘lim prokurori Xurshid Musurmonov. – Sababi, maktablarda faoliyat yuritayotgan psixologlarning ayrimlari o‘z vazifasini bilmaydi. Maktablardagi psixologlarning 1323 nafari nomutaxassis xodimlardir.

O‘quv-seminarda psixologlarning malakasini oshirish, ularga yetarlicha shart-sharoit yaratish, bilim-ko‘nikmalarini rivojlantirish borasida qilinishi kerak bo‘lgan ishlar muhokama etildi, samarali takliflar o‘rtaga tashlandi.

Xurshida ERNAZAROVA.