Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Maktabdan berilgan oltin medal OTMga kirishga imtiyoz beradimi?

— Iqtidorli maktab o‘quvchilariga beriladigan oltin va kumush medallar oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun imtiyoz beradimi?

Bu savolga O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi matbuot kotibi Anvar Umarov javob berdi:

— Maktablardagi iqtidorli bitiruvchilarning oltin va kumush medallar bilan taqdirlanishi oliy o‘quv yurtiga kirishida imtiyoz taqdim etmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 22 fevraldagi 154-sonli qarori asosida tasdiqlangan “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari va akademik litseylarning iqtidorli bitiruvchilarini oltin va kumush medallar bilan taqdirlash tartibi to‘g‘risida”gi nizomda oltin va kumush medallar bilan taqdirlangan o‘quvchilarga imtiyozlar berilishi ko‘zda tutilmagan.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, oltin va kumush medallar a’lo baholarda o‘qigan o‘quvchilarga berilishini inobatga olsak, kirish imtihonlarida imtiyozli ballar berilmasa-da, o‘quvchilar o‘z bilimini ko‘rsata olishi lozim. Qolaversa, oliy o‘quv yurtiga kirish uchun talabgor yoshlarga teng imkoniyatlar taqdim etilishi maqsadga muvofiq.

Bundan ko‘zlangan maqsad o‘quvchilarning ta’lim olishga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirish, ular o‘rtasida sog‘lom raqobatni shakllantirish, korrupsion holatlarning oldini olish va iqtidorli o‘quvchilar bilimini rag‘batlantirishdan iborat.