Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Maktablar “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalarga ajratildi

Umumta’lim maktablarida ta’lim sifati va samaradorligi darajasi shu muassasani bitirayotgan o‘quvchilarning oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishi, kasb-hunar tanlab, jamiyatda o‘z o‘rnini topa olishi bilan namoyon bo‘ladi.

O‘tgan o‘quv yillar davomida viloyatimizdagi umumta’lim muassasalari bitiruvchilarining OTMga kirish ko‘rsatkichlari respublikada eng quyi natijani qayd etgandi. Ushbu muammoning tizimli ravishda bartaraf etilishi bo‘yicha xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan viloyat maktablari bitiruvchilarining OTMga kirish ko‘rsatkichlariga ko‘ra “yashil”, “sariq” va “qizil” maktab toifalariga ajratildi.

Bunda:

- maktab bitiruvchilarining OTMga kirish ko‘rsatkichi 30 foizdan yuqori bo‘lgani “yashil”;

- 10 foizdan 30 foizgacha bitiruvchisi OTMga qamrab olingan maktablar “sariq”;

- bitiruvchisi umuman kirmagan va 10 foizgacha kirgan maktablar “qizil”

 toifadagi muassasalar qatoriga kiritildi.

Mazkur ko‘rsatkichlar orqali “sariq” va “qizil” toifadagi maktablarda ta’lim sifati va samaradorligi oshirilishiga alohida e’tibor qaratiladi. E’tiborlisi, “qizil maktab” toifasiga kiritilgan (birorta ham bitiruvchisi OTMga kirmagan va 10 foizgacha kirgan) maktablarning direktori lavozimiga ta’lim sifati ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan maktablarning amalda ishlab turgan o‘rinbosarlari, yosh, tashabbuskor, bilimli, rahbarlik qobiliyatiga ega bo‘lgan fan o‘qituvchilari nomzodini xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlarida uch yillik rivojlantirish dasturlarini himoya qilgan holda lavozimga tayinlash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.