Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

“Markaziy Osiyo - bizning umumiy uyimiz” xalqaro anjuman ishtirokchilari Samarqandda

Kecha poytaxtimizda Bag‘rikenglik haftaligi doirasida o‘tkazilgan “Markaziy Osiyo - bizning umumiy uyimiz” xalqaro anjuman ishtirokchilarining bir guruhi bugun Samarqand shahriga tashrif buyurdi.

Mehmonlarni Samarqand temir yo‘l vokzalida Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari R.Qobilov kutib oldi.

Millatlararo munosabatlar sohasidagi ekspertlar va chet eldagi o‘zbek milliy madaniy markazlari rahbarlaridan iborat delegatsiya a’zolari dastlab Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qildi. Ular Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazida bo‘lib, bu yerda yaratilgan shart-sharoitlar hamda muzeyni tomosha qildi. Shu yerning o‘zida viloyatdagi milliy madaniy markazlari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Uchrashuvda kelgusida mintaqada ahil qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash yo‘llari, millatlararo aloqalar hamda madaniy-gumanitar loyihalarni rivojlantirish istiqbollari bo‘yicha o‘zaro fikrlashishdi.

- Mamlakatingizda milliy bag‘rikenglikka alohida e’tibor qaratiladi, - deydi "Qozog‘iston o‘zbeklari" do‘stlik hamjamiyati raisi Ikrom Hoshimjonov. -  Asrlar davomida o‘nlab xalq va millat vakillari ushbu hududda yashab kelganligining o‘ziyoq bu fikrning isboti. Qolaversa, O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasida bag‘rikenglik namunasi bo‘lib kelmoqda. Shuningdek, 2018 yilda Qozog‘istonda "O‘zbekiston yili", bu yil esa O‘zbekistonda "Qozog‘iston yili" tadbirlari bo‘lib o‘tdi. Bu tadbirlar doirasida madaniy-gumanitar aloqalar xalqlarimizni yanada yaqinlashtirdi, azaliy do‘stlikni ulug‘lashdek mushtarak maqsadlarga erishishda muhim o‘rin tutdi. Bugun Samarqandda viloyatdagi milliy madaniy markazlar rahbarlari bilan uchrashuv, bu yerda millatlararo do‘stlikni mustahkamlash haqida ilgari surilgan taklif va fikrlar xalqlarimizni yanada ko‘proq jipslashtirishga xizmat qiladi.

Mehmonlar tashrif davomida Samarqand shahrining tarixiy obidalari va diqqatga sazovor joylari bilan tanishdilar.

Husan Eltoyev.