Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Mehnat inspektori o‘z hududida ishsizlikni bartaraf eta oladimi?

Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 69 mahallada istiqomat qiluvchi 264 ming aholining 150 mingga yaqini mehnatga layoqatli hisoblanadi. Shuning uchun ham ishsizlar soni boshqa tumanlarga nisbatan biroz ko‘proq. Tumanda aholi bandligini ta’minlash dasturlariga asosan 4,5 mingga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratish ko‘zda tutilgan bo‘lib, joriy yilning o‘tgan davrida 2353 nafar ishsiz tuman bandlikka ko‘maklashish markazi orqali ish so‘rab murojaat qilgan. Ularning ming nafardan ziyodi turli korxona va tashkilotlarga ishga joylashtirilgan.

Joriy yil muddatli harbiy xizmatdan qaytib kelgan 186 nafar yigitning 9 nafari kvota, 116 nafari esa muqim ish o‘rniga joylashtirilgan. Bandlikka ko‘maklashish markaziga murojaat qilgan Qo‘shtepa mahallasida yashovchi O‘.Amirov Nayman mahallasiga posbonlik vazifasiga, valijonlik S.Zubayev esa «O‘zagrosug‘urta» aksiyadorlik jamiyati tuman bo‘limiga sug‘urta agenti, Mullako‘rpa mahallasida istiqomat qiluvchi S.Majidov hamda omonboylik H.Turg‘unpo‘latov «Rustam - Plasteks» xususiy korxonasiga ishga joylashdi.

- Menga qarashli hududda 186 nafar ishsiz fuqaro istiqomat qiladi, - deydi hududiy mehnat inspektori Iskandar Shonazarov. – Shularning 3 nafari ishsizlik nafaqasi oladi. Ammo, ko‘pchiligi Kattaqo‘rg‘on shahriga yoki tuman markaziga kelib mardikorlik bilan shug‘ullanadi. Ularga hududdagi tadbirkorlar tomonidan yaratilgan bo‘sh ish o‘rinlari taklif etganimizda, ayrimlari rad javobini berib yana chetga ketishga qaror qilganligini aytishmoqda. Ularning bu yerda topgani ro‘zg‘origa yetmasligini, oylik ish haqi kam ekanligini ta’kidlashadi. Yaqinda tuman hokimi tashabbusi bilan Kattako‘rpa va Olmazor mahallalarida istiqomat qiluvchi 12 nafar ishsizga «Lazizbek Yozdonov» fermer xo‘jaligiga qarashli yerdan 5 gektari takroriy ekin ekish uchun ajratib berildi. Shuningdek, ularga yer tayyorlash uchun yoqilg‘i va ekin urug‘liklari ham bepul tarqatildi.

Ammo o‘tgan olti oyda tumanda aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha ko‘zda tutilgan barcha rejalar ham bajarilgan emas. Jumladan, tuman hokimi sektorida 204 o‘rniga 114 nafar, tuman prokuroriga qarashli sektorda 194 o‘rniga 159 nafar fuqaro haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilingan bo‘lsa, uyushmagan yoshlar o‘rtasida o‘z vaqtida tushuntirish ishlari olib borilmaganligi bois 3 va 4-sektorlarda kasbga tayyorlashga yo‘llangan yoshlar soni 80-85 foizni tashkil etadi.

Tumanda joriy yilda «Obod qishloq» dasturi asosida Mullako‘rpa, Valijon va Mundiyon qishloqlari obodonlashtirilmoqda. Ammo mazkur aholi punktlarida qurilish va ta’mirlash ishlariga rejadagi 210 nafar o‘rniga 72 nafar ishsiz fuqaro haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilingani rekonstruksiya ishlarining o‘z vaqtida amalga oshirilmay qolishiga sabab bo‘lmayaptimikan? Balki shu sababli ishchi kuchi yetishmaganligi tufayli dasturga tushgan, ammo qurilishi chala qolayotgan qishloqlar aholisida turli noroziliklar paydo bo‘layotgandir?

Shu paytgacha tumanda to‘rt marta o‘tkazilgan yarmarkada 235 korxona va tashkilot jami 1375 ta kvota va yangi ish o‘rinlari bilan ishtirok etgan. Ammo bu tadbirlarda ishtirok etganlarning bor-yo‘g‘i 295 nafar fuqarodan 113 nafari ishga yo‘llanma olgan bo‘lsa, 182 nafari faqat maslahat bilan cheklangan. Eng qizig‘i, ular orasida birorta ham jazodan ozod etilgan fuqarolar va Qurolli Kuchlar safidan qaytgan yoshlar yo‘q. Yoki tumanda imkoniyati cheklanganlar va xorijdan qaytib kelib, shu yerda qolib ishlashni xohlovchi mehnat migrantlari yo‘q, deb o‘ylaysizmi? Bu holat mahalla faollari va mehnat inspektorlarining aholi o‘rtasida yetarlicha tushuntirish va targ‘ibot ishlari olib borilmaganligini bildirmaydimi?

Aholi bandligini ta’minlash hududiy mehnat inspektorlarining asosiy vazifasiga kiradi. Hozirda tuman bandlikka ko‘maklashish markazida ishlayotgan 8 nafar mehnat inspektorining har biri o‘ziga biriktirilgan 10-12 mahallada ishsizlar bandligini ta’minlash, hududda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, ijtimoiy himoyaga muhtojlar, kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olish, shuningdek, nogironlarni kvota ish o‘rinlariga joylashishiga ko‘maklashish kabi vazifalarni amalga oshiradi.

- Shu paytgacha kuniga 5-6 mahallada istiqomat qiluvchi 15-20 mingga yaqin aholining ahvolidan xabar olardik, - deydi hududiy mehnat inspektori Iskandar Shonazarov. – Hozir esa aylanish masofasi uzayib, aholi punktlari ham ko‘paydi. Ko‘p vaqtimiz yo‘lda o‘tyapti. Bu esa ish unumining pasayishiga olib kelmoqda. Berilgan topshiriqlarni bajarishda qiyinchiliklar paydo bo‘lyapti. Axir qishloqlarga birrovgina kirib o‘tib bo‘lmaydi. Punktimizga kelgan aholi bilan suhbatlashish, mehnat migrantlari, nogironlar, ishsiz va kollej bitiruvchilari bilan ishlashimiz kerak. Bularning barchasiga hafta davomida ham ulgurib bo‘lmaydi.

Darhaqiqat, hududiy mehnat inspektorlari zimmasiga katta mas’uliyat yuklangan. Ammo ular oldilariga qo‘yilgan topshiriqlarni bajarishda biroz oqsayotganligi sezilmoqda. Balki bunga ko‘p yillik tajribaga ega mutaxassislarning ish o‘rni qisqarib ketganligi sababdir. Chunki, hududda yaratilayotgan ish o‘rinlari, ishsizlarning ish bilan ta’minlanishi to‘g‘risidagi soxta ma’lumotlar o‘sha yerda haqiqiy ahvol qanday ekanligini o‘z vaqtida yetkazib turuvchi bandlik markazi vakili yo‘qligi tufayli paydo bo‘ladi.

Joylarda tuman hokimliklari bilan kelishgan holda aholi sonidan kelib chiqib, har 15 ming kishi yashovchi hududda bittadan mehnat inspektori shtati ajratilsa, eng chekka qishloqlarda yashovchi ishsizlarning, mehnat migrantlari hamda bitiruvchilarning holidan xabar olib, bandligi o‘z vaqtida ta’minlangan bo‘larmidi?

Dilmurod TO‘XTAYeV,

«Zarnews.uz» muxbiri.