Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Milliy matbuot fidoyisi

Mahmudxo‘ja Behbudiy Turkistonning ozodligi uchun kurash tarixida unutilmas sahifalarni muhrlagan ajdodlarimizdan biri, millat karvonboshisi, ulug‘ ma’rifatparvar, betakror salohiyat sohibidir. Serqirra allomaning milliy matbuot taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi esa tarixiy ahamiyatga ega.

Mahmudxo‘ja Behbudiy noshirligi va muharrirligida chop etilgan “Samarqand” gazetasining o‘z davridagi ahamiyati haqida Abdulla Avloniy “Elu xalqning ko‘zini ochishga bois bo‘ldi”, deya baholagan.

“Samarqand” gazetasi va “Oyna” jurnali ta’sis etilgunga qadar, ya’ni 1906 yildan 1907 yilgacha chop qilingan “Taraqqiy”, “Xurshid”, “Shuhrat” kabi gazetalarning yopilish sabab­lari bugun ko‘pchilikka ma’lum. Ular faoliyatini chor hukumati taqiqlagan.

Tilga olingan gazetalar to‘xtatilgach, 1908 yildan boshlab biz jadidlarning maqolalari oqposhsho siyosati targ‘ibotchisi “Turkiston viloyatining gazeti”da  ko‘payganini  kuzatamiz. Mustamlakachilar gazeti muharriri mahalliy ziyolilarning “nodurust” maqolalariga turli so‘zboshiyu so‘ngso‘zlar bilan joy ajrata boshladi. Lekin u ham ko‘pga bormadi. Behbudiyning “Ta’rix va jug‘rofiya” (“Turkiston viloyatining gazeti”, 1908 yil 30 noyabr) maqolasi missionerlar “bag‘rikeng”ligiga nuqta qo‘ydi. Mazkur maqolada Behbudiy yurtimizning qanday sabablarga ko‘ra o‘zga davlat mustamlakasiga aylanib qolganligini har tomonlama tahlil qiladi. Maqola chop etilgach, uning muallifiga malomat toshlari otila boshlaydi.

Chetdan qaraganda o‘ta ayyor missioner N.Ostroumov maqolaga yozgan so‘zboshisida Behbudiy fikrlarining “zararli” jihatlarini “ochib” bergandek ko‘rinadi. Lekin “Ta’rix va jug‘rofiya” baribir shov-shuvga sabab bo‘lgach, chor “Oxranka”si uni tarjima qilib, muallifga ham, muharrirga nisbatan ham chora ko‘radi. Natija shulki, Behbudiy izoh talab qilmaydigan o‘sha maqolasiga “Tavzeh” (“Turkiston viloyatining gazeti”, 1908 yil 18 dekabr), ya’ni izoh yozadi.

“Rusiyaning kim va qandayligini bilmaydurg‘on nodonlardan emasmiz va ammo “Ta’rix va jug‘rofiya” unvonlik maqolamiz ta’rix va jug‘rofiya o‘qumoqni diniy jilva etdurmoq va yoinki sarf ilmiy va voqeiy bir maqola edi. Siyosiy va taassubiy emas”.

Shundan so‘ng “nekiy Begbudi” maxsus xizmat xodimlarining nazoratiga tushadi, “panturkist”lar ro‘yxatiga kiritiladi. Xalq ziyolilari orasida unga nisbatan hurmat kuchayadi. Behbudiyning o‘zi esa xususiy gazeta ochish harakatini boshlaydi. U bu yo‘lda besh yillik qog‘ozbozligu sarsongarchiliklarga duchor bo‘ladi.

Bu haqda Sadriddin Ayniy “1908nchi yildan o‘z idorasinda biron gazeta chiqarmoq fikrig‘a tushub, 1913nchi yil aprel oyinda bu maqsadig‘a yetishub “Samarqand” gazetasining bir necha raqamini chiqarishga muvaffaq bo‘lg‘on”, deb yozadi. Arxivdagi ma’lumotlar ham bu fikrlarni isbotlaydi. Shu o‘rinda yozilgan arizalarda Mahmudxo‘ja Behbudiyning imzolari saqlanganligini ta’kidlash joiz.

Abdulla Avloniyning fikriga kelsak, darhaqiqat, “Samarqand” o‘zidan avval chiqqan nashrlardan farq qiladi. Bunda Behbudiyning matbuot sohasidagi to‘plagan tajribalari qo‘l kelgan.

Gazetaning o‘zgachaligiga birinchi dalil shuki, bu kungacha hech bir nashr uch tilda chiqqan emas. O‘z davrining taraqqiyparvari va donishmandi bo‘lgan Behbudiy  gazetani faqatgina o‘zbek tilida chiqarib, forscha so‘zlashadigan xalqlarni ham e’tibordan chetda qoldira olmasdi. Noshir va muharrir  “Samarqand”ning 36-sonidagi maqolasida gazetani nega uch tilda chop etayotganini shunday izohlagan: “Samarqand” jaridasi o‘zbekiy, forsiy va rusiy tillarida va Turkistonning o‘rta shevasinda ta’sis etilib turib edi. Mundan maqsad shul ediki, Bahri Hazardan boshlab janubdagi Afg‘oniston fasili, Amu nahri o‘rtasindaki vase’ arosig‘a sokin turk va tojik birodarlarimizg‘a bir qadar toqat xidmat etmak va alarni holig‘a va ijobati asriya, vaqoyi’ zamoniyada va Russiya kulturi, ilmi, hunari va sanoatg‘a oshino bo‘lishlarig‘a ojizona tashviq etmoqdin iborat edi. Maktab bo‘lsun, madrasa bo‘lsun, isloh va taraqqiysig‘a yordam uchun xalqni da’vat etmoq edi. Fosid urf va botil rasmlarni, yomon odatlarni shar’an islohig‘a ko‘shish etmoq edi” (Mahmudxo‘ja Behbudiy. Na uchun iltifot etmaydurlar // “Samarqand” gazetasi, 1913 yil 16 avgust).

Muharrir istilohi Navoiy asarlari lug‘atida “yozuvchi, tahrir qiluvchi” ma’nosini berishi ta’kidlanadi. Biroq XX asr boshiga kelib muharrir faqat yozib, tahrir qiladigan emas, balki tahrirdan o‘tgan xabar va maqolalarning gazetada berilishini boshqaradigan, muallif jalb etadigan, shuningdek, yana bir qancha vazifalarni bajaradigan mas’ul shaxs darajasiga chiqqandi. Mahmudxo‘ja Behbudiy esa Sharqu G‘arb tushunchasidagi muharrirning vazifasini bemalol bajara oladigan inson edi. Ayniqsa, o‘zining qalamiga mansub maqolalarda muharrir nuqtai nazari bilan qarab, qisqa va lo‘nda shaklda yozganligini ko‘ramiz. “Tahsil oyi”, “Millatlar qanday taraqqiy etarlar?”, “Ehtiyoji millat” kabi ko‘pgina maqolalari fikrimizga dalildir.

“Samarqand”da Munavvar qori Abdurashidxonov, Abdurauf Fitrat, Hoji Muin singari yana ko‘plab zamonasining yetuk ma’rifatparvarlari o‘z ijodlari bilan ishtirok etishgan.

Nashr nimasi bilan va qaysi yo‘nalishlarda elu xalqning ko‘zini ochdi?

Gazetada mustamlaka iskanjasida turib bo‘lsa-da, millat bolalarini o‘qitib, o‘zligini tanitib, ma’rifat vositasi-la ozodlikka erishish g‘oyasi targ‘ib etildi. Bu yo‘lda gazeta jamoasi barcha turdagi axboriy, tahliliy, badiiy, hajviy materiallari bilan ma’rifat nurini tarqatib turdi. 

“Samarqand” gazetasining ilk soni birinchi sahifasi Registonning viqorli surati bilan (o‘sha davrda tahririyatga qanchalik qimmatga tushmasin) bezatiladi: “Kimligimizni bilishni istasangiz biz qurgan imoratlarga qarang!” Faxrlanish bilan birga, buyuk bobokalonimiz Amir Temur barpo etgan qudratli davlat nega shu ahvolga tushib qolganligining tub mohiyatini tahlil qilib chiqdi. “Samarqand” gazetasining 45 ta soni dunyo yuzini ko‘radi.

Mahmudxo‘ja Behbudiy o‘zbek milliy gazetachiligining shakllanishi va rivojlanishida o‘z hissasini qo‘shgan jonkuyar ilk noshir va muharrirlardan biridir. Milliy o‘ziga xosligi esa G‘arb gazetachiligidagi faqat shov-shuvli xabar va maqolalardan farqli o‘laroq ibrat vazifasini o‘taydigan fiqra va maqolalar, ular ifodalagan g‘oyalardadir.

  “Oyna” xalqni uyg‘otish... uchun yaxshig‘ina xidmat etdi” (Hoji Muin. Mahmudxo‘ja Behbudiy//”Uchqun”, 1923 yil, 1-son), degan e’tirof Behbudiyning shogirdi Hoji Muin­ga mansub. Abdulla Avloniy esa  «bu jurnal “Oyna” chiqquncha chiqqon jurnallarning eng birinchi va yaxshisi edi», deya baho beradi. E’tibor bergan bo‘lsangiz, Turkistonda jurnal chop etish tajribasini ham Mahmudxo‘ja Behbudiy boshlab bergan.

Jarida va majallalar millatni taraqqiy ettiruvchi bashariyat ixtirosidir, degan edi u.

Avvalo, jurnalni ochish uchun ham gazetaga ruxsat olish kabi besh yil yugur-yugur, qog‘ozbozlik qilmagan bo‘lsa-da, muayyan to‘siqlarga duch keldi. To‘plagan tajribalari natijasida mustamlakachi tilida ham chop etilishini ta’kidlab ariza yozdi (O‘zbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivi, 18-fond, 1-ro‘yxat, 8752-ish).

Biroq gazetadan farqli o‘laroq, jurnal matbaa korxonasiga topshirilishidan ikki kun oldin chop etishga tayyorlangan materiallarni harbiy senzuraga keltirib, o‘qitib, ruxsat olish muharrir zimmasiga yuklanadi. Buning qog‘ozdagi ko‘rinishi yuqorida ta’kidlangan arxiv hujjatlarida saqlanmoqda. Ehtiyot choralari shu darajada ko‘rilgan bo‘lsa-da, “TVG” jurnalda chop etilgan fikrlarga qarshi chiqishlarni ko‘paytiradi. “Oyna”da ham bu gazetada chiqishlarga e’tirozlar berib boriladi. Masalan, “TVG”da mustamlakachilar tomonidan mahalliy xalq  “sartlar” deb atalishi va missioner N.Ostroumov asoslariga e’tiroz bildirilgan “Sart so‘zi majhuldir” (“Oyna” jurnali, 1914 yil 22, 23, 24, 26-sonlar) maqolasi fikrimizga dalildir.

“Oyna” jurnalida bosilgan materiallar mavzu mundarijasiga ko‘ra maktab va ta’lim islohiga, til, odob-axloq masalasi, din mavzusi, avom orasida tarqalgan va tanazzulga eltadigan to‘ylardagi isrofgarchilik, aroqxo‘rlik kabi illatlar, xalqaro yangiliklarga bag‘ishlangan publitsistik asarlarga ajratishimiz mumkin.

Jurnal sahifalari davrning yangicha yashashga ishtiyoqmand, ozodlik orzusida ziyolilar uchun fikr aytish maydoniga aylanadi. Ishoqxon Ibrat, Abdurauf Fitrat, Saidrizo Alizoda, Tavallo, Siddiqiy-Ajziy, Hoji Muin, Mahmud Tarziy, Sadriddin Ayniy singari ko‘plab ijodkorlar qalamlari shu nashrda sayqal topdi.

Jurnalning dovrug‘i yetti iqlimga yetmagan bo‘lsa-da, uni Rossiya va yaqin sharq davlatlari musulmonlari mutolaa qilishgani to‘g‘risida ma’lumot bizgacha yetib kelgan. “Oyna” Turkistondan boshqa Totoriston, Kofkoz, Afg‘oniston, Eron, Turkiya va Misrgacha tarqalar va har yerda suyib o‘qilur edi” (Hoji Muin. Samarqand matbuotining tarixi // “Zarafshon” gazetasi, 1923 yil 23 iyun).

Behbudiyning mashhur sayohatnomasi ham aynan “Oyna” jurnalining bir necha sonlarida chop etilgan. Uning “Ikki emas, to‘rt til lozim” sarlavhali maqolasi “Oyna” sahifalarida manguga muhrlangan.

Xulosa qilib aytish mumkinki, bugungi “Zarafshon” gazetasining dastlabki ko‘rinishi “Samarqand” va “Oyna” nashrlari jaholat sabab o‘zgalarga poymol bo‘lgan xalqni millatga aylantirish yo‘lida xizmat qildi va ular O‘zbekiston jurnalistikasi tarixida o‘z o‘rniga egadir.

Halim Saidov,

filologiya fanlari nomzodi, dotsent.