Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

“MONGOLL RALLI - 2019” aksiyasi ishtirokchilari – Bulung‘urda

Italiyalik “Cool Eapth” xalqaro nodavlat-notijorat tashkiloti tomonidan uyushtirilgan “Mongol Ralli – 2019” xayriya aksiyasi ishtirokchilari Bulung‘ur tumaniga yetib kelishdi.

Joriy yilning 21 iyulida Italiyadan yo‘lga chiqib, Avstriya, Gruziya, Ozarbayjon, Eron, Turkmaniston orqali 12 ming kilometr yo‘lni avtoulovda bosib o‘tgan italiyalik poygachilarni Bulung‘ur hududida tuman jamoatchiligi vakillari kutib olishdi.

- Nodavlat-notijorat tashkilotimiz yo‘qolib borayotgan o‘rmonlarni asrash, yer sayyorasining global isish jarayonining oldini olish, dunyo xalqlarining ekotuzilma munosabatini o‘zgartirish ishlari bilan shug‘ullanadi, - deydi Italiyalik Dennis Peski. - Shuningdek, mamlakatlar bo‘ylab obodonlashtirish borasidagi loyihalarimizni taqdim etamiz.

- O‘zbekistonning tabiati, xalqingizning mehmondo‘stligi va samimiyligi bizda katta taassurot qoldirdi, - deydi Italiyalik Valerio Bachelli. Ayniqsa, tumaningizda bizni katta tantana bilan kutib olishingiz ko‘nglimiz va kayfiyatimizni tog‘dek ko‘tardi. Tuman hokimi va keng jamoatchilik vakillariga minnatdorchilik bildiramiz. Yurtingizning tarixiy obidalari, sayyohlik salohiyatini keyingi borar manzillarimiz – Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Rossiya, Xitoy va Mo‘g‘ilistonda, qolaversa Yevropaning boshqa mamlakatlarida ham tanitishni ko‘nglimizga tugib qo‘ydik.

Eslatib o‘tamiz, Italiyalik xalqaro nodavlat-notijorat tashkilotining loyihasi asosida 3 million AQSh dollari miqdorida investitsiya jalb qilinib, tumanimizda “Vitis Dominiur” xorijiy korxonasi tashkil etilgan. Bu korxonada tomchilatib sug‘orish bo‘yicha Italiya texnologiyasi asosida landshaftbop o‘simliklar, ko‘p yillik mevali va manzarali daraxtlar, noyob gul ko‘chatlari yetishtiriladi.

                                                                                                                                  G‘ulom O‘ROLOV.