Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Moskvadan maktub: Shavkat Mirziyoyevning mamlakatda Uchinchi Renessans davriga tamal toshi qo‘yish uchun qilgan da’vati bejiz emas

Hurmatli «Zarafshon»chilar!

Qariyb 40 yildan buyon ma’rifatparvar bobom Saidrizo Alizoda merosini o‘rganib, ulardan ko‘pchilikni bahramand etib kelaman. Pandemiya davrida Moskvada, o‘g‘limnikida istiqomat qilib ham bu ishni to‘xtatmadim. Internet tarmog‘i orqali kutubxonalardan jadid bobom asarlari va u kishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni izlayapman.

Shuningdek, sizlarning ko‘maklaringizda chop etilgan kitoblarni, gazeta nusxalarini, bobomning “Rossiya kosmonavtikasi tarixi” («Istoriya kosmonavtiki Rossii») risolasini arxiv va oliygohlar kutubxonalariga topshirdim. O‘zbekistonda jadidlar, xususan, Saidrizo Alizoda ijodiga, faoliyatiga berilayotgan katta e’tiborni gapirib berdim. 2017 yilda Samarqandda suratga olingan «S.Alizoda Movarounnaxr farzandi» nomli hujjatli film videotasmasini ham hadya etdim.

Darvoqe, bu filmni hozir arab, rus, nemis, fransuz, xitoy, urdu tillariga tarjima qildirishni amalga oshiryapman. Keyin uni AQSh, Eron, Ozarbayjon kutubxona va arxivlariga yuboraman. Chunki S.Alizoda dunyo mamlakatlari tarixini yozib, fors tiliga o‘girib, Pokistonda nashr qildirgan. Shu bois bu mamlakatlar ziyolilarini bobomning serqirra ijodi va jadidlik faoliyati bilan tanishtirmoqchiman.

O‘zbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoyevning mamlakatda Uchinchi Renessans davriga tamal toshi qo‘yish uchun qilgan da’vati bejiz emas. Negaki, Osiyo ziyolilari tarixning barcha davrlarida olamda yalovbardor bo‘lishgan. Misol uchun, XX asr fidoyilari – O‘zbekistondan Mahmudxo‘ja Behbudiy, Saidrizo Alizoda, Ozarbayjondan Jalil Muhammad Qulizoda, Zardobli, Ismoilbek Gaspirali, Qozondan Kozimbek Qozoniy, Ahmad Hodi Qozoniy, Istanbuldan Rifat Istanbuliy, Javdod Sunan Istanbuliy, Afg‘onistondan Jalil Afg‘oniy, Erondan Dexudo Seyruz, Pokistondan Muhammad Iqbol o‘z davrida dunyo hamjamiyatiga ibrat bo‘la olganlar. Zero, 1907 yilda Saidrizo Alizoda «Risolat ul ittihodiya» kitobida musulmonlarni ezgulik, ilm-ma’rifat yo‘lida birlashishga, hamkorlikka chorlagan.

Bunday ezgu harakatlar, g‘oyalar o‘tgan asr boshida aynan Samarqandda tamal toshi qo‘yilgan milliy matbuotimizda, «Zarafshon» gazetasida, «Oyna» jurnali, «Shu’lai inqilob» haftaligida chop etilgani va bu ishda bobom Saidrizo Alizoda faol ishtirok etgani bilan doimo g‘ururlanaman.

Samarqandliklarga esa mamlakatimizda tub burilish yasagan 2020 yil zafarlarga yanada boy bo‘lishini istayman.

Sizlarga hurmat bilan, Farhod ALIZODA.