Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Murojaatga e’tiborsizlik mas’uliyatsizlikdir: Buni har bir rahbar anglab yetmog‘i lozim

Fuqarolarning murojaatlari bilan ishlashga munosabat o‘zgarganini barchamiz ko‘rib, his qilib turibmiz. Boshqacha aytganda, ko‘p vaqt yopiq turgan, birov taqillatsa-da ochilmagan eshiklar bugun ochildi. Rahbarlar aholi bilan yuzma-yuz muloqot qilish, ularni eshitish, dardlarini tinglab, unga davo topishni o‘rganmoqda. Mahalliy rahbarlarku shu yerda, hatto poytaxtda o‘tirgan vazirlar, katta-katta idoralarning rahbarlari, generallar, sudyalar ham joylarga chiqib, olis qishloqlarga borib, sayyor qabullar o‘tkazyapti, aholining hayot darajasini o‘z ko‘zi bilan ko‘ryapti. Bu – Prezident talabi. Bu – xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak, degan tamoyilning hayotiy ifodasi.

Ammo, baribir ayrim rahbarlarning dunyoqarashi o‘zgarishi qiyin kechayotgani, yangicha tartiblarga moslashishi og‘ir bo‘layotganidan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi.

Samarqand viloyati hokimining joylarda o‘tkazgan sayyor qabullari chog‘ida, shuningdek, virtual qabulxonasi,  telegramm messenjeri va boshqa manbaalar orqali kelgan murojaatlar ijrosiga bag‘ishlangan yig‘ilishda shu haqda gap bordi.

Viloyat hokimi E.Turdimov boshqargan yig‘ilishda qayd etilishicha, viloyat hokimining tuman va shaharlarda o‘tkazgan sayyor qabullari chog‘ida tushgan murojaatlarning aksariyati ijobiy hal etilgan bo‘lsa-da, 121 tasi belgilangan muddatda bajarilmagan. Jumladan, 2 iyul kuni Toyloq tumani va 13 iyul kuni Kattaqo‘rg‘on shahridagi sayyor qabullarda tushgan murojaatlarning 8 tasi, 27 iyul kuni Past Darg‘omdagi qabuldan esa 25 tasining ijrosi ta’minlanmagan. Bu murojaatlarni ko‘rib chiqish va hal etish, asosan, sektor rahbarlari, viloyatdagi boshqarma va idoralar boshliqlari zimmasiga yuklatilgan.

Joriy yilda ikkinchi marta sayyor qabul o‘tkazilsa-da, Past Darg‘omda murojaatlar kamaymagan. Bu gal 435 nafar fuqaro tomonidan 506 masala yuzasidan murojaat qilingan. Murojaatlarning 375 tasi shu tuman aholisidan tushgani, 27 kishi takror murojaat qilgani sektorlar rahbarlari va shtab a’zolari uyma-uy yurib, odamlarning muammolarini o‘rganmayotganidan dalolat beradi. Hatto, sektor rahbarlari sayyor qabuldan keyin ham murojaat qilgan fuqarolar bilan borib uchrashmagan. Murojaatlarni natijasini monitoring qilish bo‘yicha viloyat ishchi guruhi fuqarolar bilan suhbatlashganda, ularning aksariyati sektor rahbari kimligini, sektor shtabi qayerda joylashganligini bilmasligini, ularni hech kim so‘rab kelmaganini aytgan.

Shuningdek, viloyat hokimiga virtual qabulxona orqali kelgan murojaatlarning 19 tasi, telegramdan tushgan 53 ta masala ham mutasaddilarga yo‘naltirilganiga qaramay, haligacha hal etilmagan. Ishonch telefoni, viloyat televideniyesidagi “Ochiq muloqot” ko‘rsatuvi orqali bildirilgan muammolarga ham ayrim rahbarlar tomonidan yechim topilmagani tanqid qilindi.

Umuman, viloyat hokimligi tomonidan yil boshidan buyon ro‘yxatga olingan 45 ming 84 murojaatning 255 tasi bajarilmagani qayd etilib, mas’ullar ogohlantirildi.

Viloyat hokimligi tomonidan tashkil etilgan jamoatchilik nazorat guruhlari yaqinda Samarqand shahridagi (xalq tilida “za liniya” deb ataladigan hududda) bir qator mahallalarda bo‘lib, aholi xonadonlari, ijtimoiy soha ob’yektlaridagi shart-sharoitni o‘rgandi. Uyma-uy yurish natijasida aholi tomonidan 1100 dan ortiq muammo bildirildi. Ushbu masalalar tegishligi bo‘yicha viloyat va Samarqand shahar tashkilotlariga yo‘naltirildi. Afsuski, mutasaddilarning ko‘pchiligi murojaatlarga befarq qaragani oqibatida masalalarga yechim topilmagan.

Xususan, yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasi Samarqand shahar bo‘limi boshlig‘i 111 ta murojaatning atigi 1 tasini hal qilgan, qolganlari o‘rganilmagan. Samarqand uy-joy ta’mir professional boshqaruv tashkiloti rahbariga topshirilgan 31 ta, “Maroqand obod” davlat unitar korxonasi direktoriga berilgan 14 ta, Samarqand shahar prokurori zimmasiga yuklangan 8 ta, shahar davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i mas’ul bo‘lgan 8 ta murojaat esa haligacha o‘rganilib, hal etilmagan.

Yig‘ilishda aholi murojaatlari bilan ishlashda kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan rahbarlarga nisbatan tegishli intizomiy choralar qo‘llanilishi ma’lum qilindi. Har bir rahbar yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bildirilayotgan murojaatlarga alohida e’tibor bilan yondoshishi lozimligi, zimmasidagi majburiyatni bajarishga mas’ul ekanligi eslatildi.

Viloyat hokimi yig‘ilish yakunida odamlar davlat organiga yoki rahbarlarga shunchaki murojaat qilmasligi, balki muammosi joyida hal etilmagani, mahalliy rahbarlar yetarlicha e’tibor qaratmagani uchun kelishini ta’kidladi.

– Har bir murojaat ortida bir yoki bir necha kishining buzilgan haq-huquqini tiklash, adolatni qaror toptirish istagi, qiyin vaziyatdan chiqishda boshqalarning ko‘magiga muhtojlik yotadi. Bunday holatdagi kishiga yordam berishni nafaqat rahbarlik mas’uliyati, balki insoniy burch deb qabul qilishimiz kerak, – dedi E.Turdimov.

G‘.HASANOV.