Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Murojaatnoma: Deputatning vakolati, mas’uliyati ham kengayadi

Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida oldimizga qo‘yilgan vazifalar zamirida mamlakatimiz qudratining yuksalishi, xalqimiz farovonligining oshirilishi bilan bog‘liq orzu-umidlar mujassam.

Yilning “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili» deb e’lon qilinishi partiyamiz elektorati uchun nihoyatda muhim. Negaki, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining asosiy maqsadi aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga va ularning kam ta’minlangan qatlamlari manfaatlarini himoya qilishga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatli.

“Nogironligi bo‘lgan shaxslar, boquvchisini yo‘qotganlar, yolg‘iz keksalar, umuman, ko‘makka muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlash, albatta, ustuvor vazifa bo‘lib qoladi. Kelgusi yilda tadbirkorlik, biznes uchun yanada qulay muhit yaratish, yangi ish o‘rinlarini tashkil etish, aholi daromadlarini ko‘paytirish, pensiya ta’minotini yaxshilash bo‘yicha ham ko‘p ish qilishimiz lozim”, deb alohida ko‘rsatib o‘tildi Murojaatnomada.

Bunday mas’uliyatli ishlarning amalga oshirilishida XDPning ham alohida o‘rni bo‘lishi zarur. Bugun viloyat, shahar va tuman Kengashlarida partiyadan saylangan 116 nafar deputat faoliyat olib bormoqda. 2018 yilda xalq deputatlari tomonidan idora va tashkilotlarga 560 ta deputatlik so‘rovlari yuborilib, ularning asosiy qismi ijobiy hal etildi. Deputatlik so‘rovlarida odamlar turmush tarzi, muammolar yechimi, nogironligi bo‘lgan fuqarolarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish masalalariga alohida ahamiyat berilayapti.

Deputatlarimiz ko‘proq aholi o‘rtasida bo‘lib, odamlarni qo‘llab-quvvatlash yo‘llarini axtarsa, ularni tadbirlarga jalb etsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Ochig‘i, shu paytga qadar deputatlarning aksariyati xayriya ishlariga rasmiyatchilik uchun qaradi. Endi esa ular yillar mobaynidagi mudroq holatidan voz kechishlari, atrofga teran ko‘z bilan boqishlari zarur.

Majidxon USMONOV,

O‘zXDP Samarqand viloyati kengashi raisi.