Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Mutolaa: Oqibat daraxti (hikoya)

Qo‘chqor Norqobil.

Chol tushimga kirdi. Yelkasiga xurjun ilgan o‘sha chol. Sira tushimga kirmacdi, tavba. Ko‘nglim g‘ashlandi, bezovta bo‘lib uyg‘ondim.

Nonushta payti kichik qizim tunov kun bergan va’damni yodimga soldi:

— Dadajon, bugun shanba-ya. Ishga bormaysiz, to‘g‘rimi… Esingizdami?

— Esimda.

— Chimyonga boramizmi?

— Yo‘q. Chimyondanam chiroyli, ajoyib joy bor. O‘sha yoqqa boramiz.

Mashina chaqirdim. Xotinim va ikki qizimni olib yo‘lga tushdim.

— Dovonga hayda, Azamat, — dedim haydovchimga.

Katta qizim chapak chalib yubordi:

— Yashasin, dadajonim! Buvimnikiga borarkanmiz.

— Dovon etagidan qaytamiz.

Qizlarim bir-biriga ajabsinib qarashdi. Xotinim angraydi:

— Dovon etagida nima qilamiz?

O‘rinli, ayni damda bemavrid savoldan ensam qotdi, ammo sezdirmadim.

— Bormasak bo‘lmaydi.

Bolalarim nafasini ichga yutishdi.

Tog‘ning qoq belida tasmaday tortilgan yo‘ldan cho‘qqiga qo‘nib turgan quyoshga qarab o‘rmalaymiz. Pastda, tog‘ yon bag‘rida barq urgan sariq, ko‘k, och-pushti, xullas, turli-tuman gullar, qizg‘aldoqlar ustini qoplagan bulutlarning harir libosini hali tong shamoli sidirib olib tashlamagan. Manzarani ko‘ring-yey. Hissiyotning tiliga so‘z malol keladi. Hissiyotning tili — zavq! Mo‘’jizani agar faqat Yaratganga nisbat berib aytsak, xudoyimning mo‘’jizasi - shu!

Orqa o‘rindiqqa o‘girilib qaradim. Ahli oilam chehrasiga ham quyoshning tabassumi ingan.

Mashina nishablikdan enib, yo‘lning shundoq o‘ng tomonidagi yalanglikda to‘xtadi. Ichimda og‘riq turdi, yuragim uvushganday bo‘ldi. Vujudim titrab, gandiriklagan ko‘yi yalanglik chetiga qaradim.

— Yetib keldik, tushamiz.

Tog‘ biqinidagi yalanglikda tizza bo‘yi qulf urgan o‘t-o‘lanlar o‘tkir, dimoqni yorar darajada bo‘y taratadi. Yalanglik girdida, jar yoqasida novdalari falakka qo‘l tashlab bir tup tol o‘sayapti. Uning orqa tomonida hilpirayotgan yashil bayroqlarday tizilgan tol ko‘chatlari bir chaqirim masofada saf tortishgan.

Tol tagiga keldim. Tizzalab o‘tirdim. Bo‘z bolaning beliday keladigan tol tanasini siypaladim. Borlig‘imni titroq chulg‘adi. Ammo ko‘p o‘tmay o‘zimni yengil his etdim, ichimdagi bor gard-g‘ubor tarqab ketgandek, ko‘nglim taskin topa boshladi. Ruhim bahor havosiday yengil tortdi. Mashina yonida chehrasida hayratu hasrat alomati zohir xotinim bilan xijolatli alpozda qo‘lida to‘shama tutgan Azamat kelishga botinolmay tik qotgan. Qizlar qiy-chuv qilib, chopqillab gul-chechak terishmoqda.

Hali novdalari yashillikka burkanib ulgurmagan tol tagiga to‘shak to‘shaldi.

— Dadasi, nega bu yerga keldik?

— Sayru sayohat bu, sayru sayohat! Atrofga qara, qanday chiroyli, tog‘ havosi, gulu chamanzor. Suratga tushinglar. Bolalar bilan mazza qilib aylaninglar. Birozdan so‘ng qaytamiz.

— G‘alati qiliqlaringiz bor-a? — xotinim Azamatning oldida o‘ng‘aysiz ahvolda qolganini yashirmadi. Azamat nigohi bilan yer chizdi, o‘lganning kunidan iljaygandek bo‘ldi, lekin uning ko‘nglidan o‘tganini ham sezib turibman…

— Azamat, mana endi, manavi toldan ketmondasta uchun bilakday-bilakday qilib ikkita novdasini kesib ol.

Azamat bir qalqib tushdi:

— Yo‘g‘-yey, qo‘ying-ye, kerakmas.

Xotin yana bir bor g‘alati qarash qildi-da, qizlarim tomon yurdi.

— Aytganimni qil. Yukxonaga arra ham solganman. Bor, opke!

Kapaday bo‘lib bo‘y cho‘zgan sershox, sernovda tol tagida uzala tushdim. Ninachiqanot och-yashil nishurdilar bo‘rtib chiqqan egik xivchinlar shabadada sollanib roz aytayotganga o‘xshaydi. Men tolning qo‘shig‘ini tinglayman, tol meni sog‘inganini, meni kutganini his qilaman.

* * *

…Bundan ancha yillar oldin… Tahririyatga bosh rahbar bo‘lib tayinlanganman. O‘zimcha ko‘p ishlar, ko‘p yangiliklar qilgim, o‘zimni ko‘rsatgim keladi. Mustaqil yurtimiz oyoqqa turib endi o‘zini o‘nglab olayotgan damlar. Fidoyi zamondoshlar, mehnati beminnat kamtarin xalqimiz hayoti haqida turkum ocherklar yozishni niyat qildim. Ana shunday muddaoga esh safarlarning biri vodiyga bo‘ldi.

Bugungiday erta tongdan yo‘lga tushdim. Dovon yo‘li hozirgiday obod emasdi. “Yo‘l azobi — go‘r azobi” degani shu. Dovonning baland nuqtasidan pastlayotib mana shu yalanglikning qoq o‘rtasida eshakka ortilgan xurjunni tushirolmay kuymanlanayotgan cholga ko‘zim tushdi: chol, harchand urinmasin, ikki ko‘zi allambaloga liq to‘la xurjunni tushirolmay ovora edi.

— Mashinani to‘xtat! Orqaga ol, — dedim haydovchiga.

Ulovdan tushdik. Azamat ortimdan ergashdi.

— Assalomu alaykum, ota! Hormang, yordamlashib yuboraylikmi?

Tangu tajangroq bo‘p turgan chol bosh irg‘adi.

— Bolam, kuch-quvvat ketsa shunday bo‘larkan, — dedi siniq jilmayib.

— Otaxon, bu nima?

— Nima bo‘lardi, bolam, qalamcha, tol qalamchalari. Jar yoqasiga ekmoqchiman.

Atrof tog‘u tosh. Uy-puy ko‘rinmaydi. Chol bu yerga qayerdan keldi, degan o‘y o‘tdi xayolimdan.

— Ota, shu atrofda yashaysizmi?

— Huv anavi tog‘ ortidan keldim, bolam. Yo‘l cheti quruq turmasin, deb manavilarni qadamoqchiman. Baraka topinglar, endi xurjunni chetga olib borib beringlar.

Azamat ikkimiz zil-zambil xurjunning ikki ko‘zidan zo‘rg‘a ko‘tarib yalanglik cheti — jar yoqasiga eltdik. Chol eshak jabdug‘iga qistirilgan bilakday keladigan bitta tol novda hamda belkurakni olib keldi. Eni-chuqurligi ikki qarich keladigan chuqurga qazib novdani ko‘mdi.

— Ota, shu ildiz oladi, tol bo‘ladi, deysizmi?

— Oladi bolam, oladi, tol degani beor narsa. U tugul manovi qalamchalar ham ikki-uch yilda odam bo‘yi bo‘ladi. Tog‘da qishin-yozin namgarchilik. Tez iladi.

— So‘raganning aybi yo‘q. Necha yoshga kirdingiz? Farzandlar, o‘g‘il-qizlar deganday…

— Xudoga shukr, to‘rt kam saksondaman. Uch o‘g‘il, bir qiz, nevara-chevaralar ham shunga yarasha…

Chol jilmaydi. Savolim tagidagi savolni angladi choli tushmagur:

— O‘g‘illarim sizga nima zaril, deb urishadi, uyda tinch o‘tirsin deyishadi-da, meni avaylagan bo‘lishadi. Ularga bildirmay kelaman. Huv tepalikka bultur yong‘oq, o‘rik, gilos ekdim. O‘tgan yili yo‘l boshiga tog‘ olma, tut ko‘chati ekdim.

— Ota, men siz haqingizda xudo xohlasa, yaxshi bir ocherk yozaman. Sizning bu xayrli ishlaringiz biz, yoshlar uchun bir umrlik ibrat, — dedim.

Cholning chehrasida allaqanday joziba zohir edi, ayniqsa, ajinlari yoyilib jilmayganda, kishini o‘ziga rom etib, qalbda iliq bir mehr tovlanardi.

— Endi, otaxon, xudo xohlasa, bu qalamchalar bir kun kelib ancha-muncha pul bo‘ladida-a?!

Azamatning tos manglaydan urganday qilib aytgan gapidan hushim uchdi. Hangu-mang bo‘ldim. Yer yorilmadiyu yerga kirib ketmadim.

— Bunisini bilmadim, bolam. Bunisini o‘ylamadim, — chol yana jilmaydi.

Azamatga o‘qrayib qaradim. Chol bilan xayrlashib, o‘zimni mashina o‘rindig‘iga tashladim: “Ey-yey, farosatingga o‘t tushgur… Nodon! Har kallada har fikr…”

Bir mahal Azamat kelib mashinaning yukxonasini ochayapti. Qo‘lida haligi odam bo‘yi keladigan tol novdasi. Jon-ponim chiqib ketdi:

— Hay, tentak! Buni nega opkelding. Kallang bormi?

Azamat dovdirab qoldi:

— Choldan so‘rab oldim. Dachangizdagi bog‘bon ketmondasta so‘rayotuvdi.

— Hey… Seni… Obor, joyiga ekib qo‘y!

O‘shanda e’tiborsizlik qilib, cholning ismini ham, qaysi qishloqdan ekanini ham so‘ramabman. Cholga yolg‘onchi bo‘lganim ham, chol haqida ocherk tugul tuzukroq maqola, to‘rt qator xabar ham yozolmaganim chin.

Shunaqa gaplar… Bu gaplarga o‘n yillar bo‘ldi. Dovondan o‘tgan-qaytganda ba’zida yalanglik chetida gurkirab o‘sayotgan o‘sha bir tup sershox tol va ko‘kka bo‘y cho‘zib shovullagan yosh tollar safiga ko‘zim tushadi. Goho nimalargadir chalg‘ib, xayol bilan beparvo o‘tib ketaman. To‘g‘risi, keyingi yillarda yalanglikdagi yashil soqchilar ham, chol ham xayolimdan ko‘tarilib ketgan ekan. Ammo yozig‘imga bitilgan bir voqea sabab bu manzil men uchun chindan aziz joyga aylanib qoldi.

Shu yil qahraton qishda, tushdan so‘ng vodiyga qarab yo‘lga tushdik. Yaqin do‘stim to‘y qilayapti. Bormaslikning iloji yo‘q. Baxtga qarshi qor bo‘ralab urayapti, deng. Izillagan izg‘irin. Yo‘lning tog‘ soya solgan nishab joylari yaxmalak, muz qotgan. To‘yning avj paytida yetib borishni mo‘ljalladim. “Nima bo‘lsa bo‘ldi, bos, yetamiz”, dedim haydovchiga. Dovonga o‘rlayotgan chog‘imizda qor yanada tezlashdi. Oynasupurgi old oynaga urilayotgan qorni tozalab ulgurolmaydi. Mashina chiroqlari nuri bo‘ron to‘zg‘itgan qor zarralarini zo‘rg‘a kesib o‘tadi, yo‘l ko‘rinmaydi, borliq qor quyuni ichra g‘arq bo‘lgan go‘yo. Nishablikdan shitob bilan tushib borayapmiz. Qor bo‘roni avjiga olgan olaquyun-oqtoyloq ichida tuyqus ro‘paramizda xira yog‘du sochgan bir juft chiroq ko‘rindi. Qarshimizdagi qanaqa ulov ekanini bilmadim, chetga chiqib bizga yo‘l beray demaydi. Unga borib urilishimizga bir bahya qoldi, haydovchi shart tormoz bosib mashinani chetga burdi. Yo‘l nishablik, buning ustiga toyg‘inchoq emasmi, mashina turgan joyida yel parrakday chirpirak bo‘lib aylandi, to‘xtamaydi, jon-ponim chiqib ketdi. “Tamom, yo‘ldan chiqib jarlikka qulab, yo‘q bo‘lib ketamiz”, degan o‘y qisqa soniyada xayolimni chaqmoqday tilib o‘tdi. Qancha payt chirillab aylandik, bilmayman, mashina yoni bilan nimagadir urilib taqqa to‘xtadi. Mashina ichidan otilib chiqdim. Azoyi-badanim qalt-qalt titrab, tanamda jon qolmadi. Qor ko‘z ochirmay urayapti. Izg‘irin. Haydovchi qo‘rquvdan karaxt, mashina chambaragiga yopishgan ko‘yi tosh bo‘lib qotib turibdi, qilt etmaydi. Old eshikni ochib uni tushirib oldim. Yuziga qor ishqab o‘ziga keltirdim. Mashina tubsiz jarlik yoqasida o‘sgan daraxtga yoni bilan taqalib turar, tubsiz o‘pqon zulmatidan bizni mana shu daraxt asrab qolgandi. Uvillagan qorquyun qo‘ynida qo‘lchiroqni yoqib atrofga nazar tashladim. Qorbo‘ronda chayqalib turgan qator tollarga ko‘zim tushdi. So‘ng… so‘ng chiroqni yana mashinaga qaratdim. Avzoi badanim qaltirab, bo‘g‘zimga nimadir tiqildi. Oyog‘imdan darmon ketib yerga o‘tirib qoldim. Dimog‘im achishib, ko‘zimdan yosh sizdi.

— Azamat, — dedim o‘tirgan ko‘yi, — Azamat, — dedim behol pichirlab. — Qayerdaligimizni bilayapsanmi, Azamat?

— Bildim, xo‘jayin, bildim, — dedi Azamat ham xirillagan ohangda.

— Biz, esingdami, haligi chol ekkan tollarning qarshisida turibmiz.

— Esimda…

— Bilgan bo‘lsang, bizni shu bir tup tol o‘limdan saqlab qoldi. Buniyam bildingmi, Azamat? Sen ketmondasta qilaman, deb sug‘urib oluvding. Buniyam eslaysanmi, Azamat?

— Eslayman, xo‘jayin, eslayman…

— Azamat, ke, yonimga o‘tir, duo qilaylik. Biz cholga duch kelganda u saksonni qoralab qolgandi. Otiniyam, manzil-makoniniyam bilmaymiz. Tirik bo‘lsa, qatordan xato bo‘lmasin, o‘tgan bo‘lsa, oxirati obod bo‘lsin…

Men bu gaplarni aytayotgan mahalda Azamat ham yonimga kelib cho‘kkaladi. Sovuqdanmi yo qo‘rquv asoratimi, qalt-qalt titrayapti, yelkasi uchib-uchib tushayapti, yo‘q, yig‘layapti.

* * *

…Xayolga berilibman. Ha, shu voqealar ko‘rgan tushim sabab bir-bir xayolimdan o‘tdi. O‘zim o‘zim bilan bo‘lib, tepamda arra ko‘tarib turgan Azamatga e’tibor ham bermabman.

— Nega qaqqayib turibsan, Azamat?

— Nima qilay, mana, arra? — talmovsiradi u.

— Nima qilarding, anavi toldan to‘g‘ri o‘sgan ikkita novdani topib kes. Kesaver. Ketmondasta qilamiz, — kesatdim.

Azamat taysallanib turdi.

Qizlarim yalanglikda qiy-chuv ko‘tarib tog‘ gullarini terishayapti. Gohida kapalak yoki tillaqo‘ng‘iz ortidan quvlab qolishadi.

Azamat tol novdalarini mashina yukxonasiga joyladi. Men tol tagida uzala tushib biroz mizg‘imoqchi bo‘ldim. Yonimga kelib o‘tirgan xotinimning ajabsingan chehrasiga parvo qilmadim. U yuzimga sinchiklab tikildi.

— Erinmagan odamsiz-a? Sizni tushunish qiyin. Lekin, baribir toqqa chiqqanimiz yaxshi bo‘ldi. Qizlaringiz mazza qilishayapti. Qachon qaytamiz?

Xotinim yalanglikni boshiga ko‘tarib qiyqirib chopqillayotgan qizaloqlarga mehr bilan qarab turibdi.

— Bir pas mizg‘ib olay, so‘ngra qaytamiz.

Oftob qiyalagan mahal yo‘lga tushdik. Xotinimning hamon menga xavotiru hadik bilan qarab-qarab qo‘yayotganini sezdim. Mashina oynasidan tepamizdagi cho‘qqiga nazar tashladim. Bulutlarga sanchilgan cho‘qqidan atrofga nur taralardi. Oniy holatda cho‘qqi yonida harir oq libosli bir chol ko‘ringanday bo‘ldi. Cholning jilmayib turgan nurli chehrasini aniq-tiniq ko‘rdim. Bu o‘sha, menga bundan o‘n yil avval uchragan nuroniy chol edi. Men bu holu hodisani sharhu izoh etib berolmayman. Vujudim jimirlab, ruhim yorishib ketganini his qildim. So‘ng ko‘zlarimni yumib oldim.

…Uyga kelib bog‘ hovli eshigi yoniga Azamat kesib olgan tol novdalarni qadadim.