Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Mutolaa: “U” meniki. Hikoya

Anton Chexov.

U ota-onam nufuz bilan ta’kidlaganidek, mendan ancha oldin tug‘ilgan. Ular haq yo nohaqligini bilmayman, lekin shunga aminmanki, hayotimdagi bir kun ham men unga mansubligimni va uning menga nisbatan hukmronligini sezmaganman. U kechayu-kunduz meni tark etmaydi; men ham undan qochishga moyilligimni ko‘rsatmayapman – demak, bu aloqa juda kuchli, mustahkam... Lekin sira ham hasad qila ko‘rmang, yosh o‘quvchim! Bu ko‘ngilchan bog‘langanlik menga azobdan boshqa hech narsa keltirmaydi. 

Birinchidan, “u” meniki bo‘lib, mendan kechayu-kunduz ayrilmaydi, hatto ish bilan band bo‘lishimga imkon bermaydi. U menga o‘qish, yozish, yurish, tabiatdan zavqlanishimga monelik qiladi. Ushbu satrlarni yozar ekanman, u meni tirsagim ostidan beto‘xtov itaradi va qadimgi Kleopatra undan-da qadimiy bo‘lmagan Antoniyni chaqirgani singari meni to‘shakka chorlaydi. 

Ikkinchidan, u meni fransuz kokotkalari kabi xonavayron qildi. Uning mehribonligi tufayli men unga martabam, shuhratim va bari qulayliklarimni qurbon qildim. Uning inoyati bilan men yalang‘oyoqman, arzon xonada yashayman, bema’ni ovqatlanaman, xira siyoh bilan yozaman. Hamma, hamma narsani yutadi, to‘ymaydi u! Men undan nafratlanaman, hazar qilaman...  

U bilan allaqachon orani ochiq qilishim kerak edi, lekin hali ham ajrashganim yo‘q, chunki Moskvadagi advokatlar ajrashish ishi uchun yaxshigina haq oladi. Baxtimga hozircha farzandlarimiz yo‘q... Uning ismini bilmoqchimisiz? Manzur tuting... Uning ismi shoirona, nafis va jozibador - Lilya, Lelya...Nellyani eslatadi. 

Uning ismi – Yalqovlik. 

Bahora Muhammadiyeva tarjimasi.