Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Narpayda jonli ijroda kuylaydiganlar bor

Zarnews.uz sayti va “Zarafshon” gazetasining 2020 yil 18 iyul 80-sonida chop etilgan “Samarqandda jonli ijro aytadigan san’atkor bormi?” sarlavhali maqola e’tiborimni tortdi. O‘qib, o‘zim ham san’at sohasida faoliyat yuritganim uchun fikr bildirishni lozim topdim.

Ilgari hofizlarimiz jonli ijroda kuylaganlari bois “jonli ijro” yoki “fonogramma” degan tushunchalar yo‘q edi. Hayotimizga zamonaviy texnologiyalar kirib kelgach, san’at sohasida fonogramma tushunchasi paydo bo‘ldi. Zamonaviy texnologiyalar yaxshi albatta, ammo bu san’atga haqiqiy ijodkorlar bilan birga ovozi bo‘lmagan qo‘shiqchilarning ham ko‘payishiga zamin yaratdi. Hatto, reklamalarda ham “Qo‘shiqlar jonli ijroda kuylanadi” yoxud buning aksi – “...fonogramma orqali...”, deya ogohlantirishlarga guvoh bo‘lamiz.

Eng yomoni nomdor "qo‘shiqchilar”imiz ham lab qimirlatib tomoshabinni aldamoqda. Fonogrammada ijro etiladigan konsertga kirgandan ko‘ra, uyda o‘tirib, istalgan qo‘shiqchining konserti yozilgan diskni tinglash, tomosha qilish afzal.

O‘ylab qaraydigan bo‘lsak, agar san’atkorning to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zidan eshitadigan ashula jonli ijro bo‘lsa, unda fonogrammani “o‘lik ijro” desak to‘g‘riroq bo‘larkan.

El sevgan oqin, Narpay farzandi Islom shoir doston yoki terma aytganda odamlar sel bo‘lib tinglashgan. Yuzlab mehnatkashlar davrasida kuylagan baxshining ovozini keng daladagi hamma eshitarkan. Nega bugungi ayrim san’atkorlar buning uddasidan chiqishmayapti?

Tumanimizda o‘z ovoziga ega qo‘shiqchilar talaygina. Masalan, tuman madaniyat bo‘limida uzoq yillardan buyon faoliyat yuritib kelayotgan Sobir Boyxonovni olaylik. U kishi katta-kichik tadbirlarda shunday jo‘shib kuylaydiki, shirali ovozi dillarga xush yoqadi. Yoki yosh iste’dod egasi Azizbek Mamatov operami yoki katta ashula, hatto jahon estradasi yo‘nalishida ham mahoratini namoyish eta oladi.

Shu o‘rinda yana bir narpaylik xonanda Farhod Odilovni yod etish lozim. U “Ohanrabo” dasturida o‘zining go‘zal xonishlari bilan barchaning e’tibor va e’tirofiga sazovor bo‘lgan.

Narpayda bu kabi iste’dod egalari juda ko‘p. Faqat ularni qo‘llab-quvvatlash kerak.  Biz esa bu borada bir qator ishlarni amalga oshiryapmiz. Tumanimizdagi yigit-qizlar orasidan iste’dodlilarni tanlab, onlayn konsertlar uyushtiryapmiz. Onlayn konsertlarda ularning jonli ijrodagi imkoniyatlari sinovdan o‘tyapti. Nasib etsa, tumanimizdan xalq sevgan san’atkorlar yetishib chiqishiga ishonamiz.

Xurshid Gadoyev,

Narpay tumani madaniyat bo‘limi boshlig‘i.