Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Narpaylik Ikkinchi jahon urushi faxriylariga ehtirom ko‘rsatildi

Ikkinchi jahon urushi va fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 75 yilligi munosabati bilan respublikamizning barcha viloyatlari, shaharlari, tuman va qishloqlarida buyuk g‘alabaga o‘zining munosib hissasini qo‘shgan insonlarga ehtirom ko‘rsatish an’anaga aylanib bormoqda.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Kichik mutaxassislarni tayyorlash markazi harbiy xizmatchilari ham savob ishda o‘z hissalari qo‘shmoqdalar.

Ular samarqandlik faxriylar, mahalliy yoshlar, tuman mudofaa ishlari bo‘limi xodimlari, mahalla kengashi faollari bilan birgalikda Narpay tumanida istiqomat qilayotgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining xonadonlariga tashrif buyurib, ularning holidan xabar oldi.

Bugungi kunda Narpay tumanida ana shunday insonlardan ikki nafari qarilik gashtini surib kelmoqda. G‘alabaning 75 yilligi oldidan urush qatnashchilarining holidan xabar olib, ularga ehtirom ko‘rsatishga bel bog‘lagan markaz harbiy xizmatchilari Oqtosh shahri Yangiobod mahallasida yashovchi, 97 yoshli Tilov ota Xudoyorov hamda 96 yoshli Ibrohim bobo Abdunazarov xonadoniga nogironlar aravachasi va esdalik sovg‘alari bilan tashrif buyurdi.

Harbiy orkestr jamoasi va zaxiradagi podpolkovnik Azimjon Boymurodov Tilov bobo hamda Ibrohim boboga urush davrida mashhur bo‘lgan «Katyusha», «Proщaniye slavyanki» kabi qo‘shiqlarni ijro etib berishdi. Ikkinchi jahon urushi faxriylari mehmonlarga front yo‘llarida bosib o‘tgan jangovar xotiralarini gapirib berdi. Kichik mutaxassislarni tayyorlash markazi shifokori otaxonlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, ularning sog‘lig‘i bo‘yicha maslahatlar berdi.

Tadbir yakunida Kichik mutaxassislarni tayyorlash markazi boshlig‘i, polkovnik Anvar Jabborov mahalliy yoshlar bilan birgalikda otaxonlar yashayotgan xonadon hovlisiga mevali daraxtlar o‘tqazdi.