Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Nega koronavirus kasalligida sho‘r narsalarni iste’mol qilish man etiladi?

Ushbu savolga AOKA zalida bo‘lib o‘tgan brifingda Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Barno Abdusamatova javob berdi:

➖ Izlanishlar shuni ko‘rsatadiki, haddan tashqari tuzli ozuqalarni iste’mol qilish qon tarkibini quyultirish hisobiga arterial qon bosimini, insult va yurak qon-tomir kasalliklarini yuzaga keltirish xavfini oshiradi.

JSST ta’kidlashicha, 62 % insultni va 49 % yurak yetishmovchiligini keltirib chiqaruvchi asosiy sabablardan biri — bu ko‘p miqdorda tuzni iste’mol qilishdir. Koronovirus kasalligida ham tuzni ko‘p iste’mol qilish qon tarkibining quyulishiga hamda organizmda multitizimli yallig‘lanish, yurak qon-tomir tizimida keskin o‘zgarishlar kabi asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin.

JSST tavsiyasiga asosan bir kunda tuz iste’mol qilish me’yori 5 gramm qilib belgilangan.

Izlanishlar natijalariga ko‘ra, tuzli ozuqalarni iste’mol qilishni kamaytirish, ya’ni normada qabul qilish, arterial qon bosimi pasayishiga va uning natijasida insultdan 42 foizgacha va yurak kasalliklaridan 40 foizgacha o‘lim xavfini kamaytirishga olib kelgan.

Ko‘pincha bemorlarda yurak-qon tomir kasalliklarining asoratlari oqibatida o‘lim holatlari kuzatiladi. Ya’ni, koronavirus yuqtirib olgan bemorlarda o‘tkir miokard infarkti, bosh miya insulti, yurak yetishmovchiligi holatlari yuzaga kelib, virus infeksiyasining og‘ir kechishiga sabab bo‘ladi.

Yuqoridagi dalillarga asoslanib, biz Sizga har qanday sharoitda sog‘lom turmush tarzini olib borishni, shifokor tavsiyasiga e’tiborli bo‘lishingizni hamda to‘g‘ri ovqatlanishni tavsiya etamiz. Bularning barchasi koronavirus asoratining oldini olishga qartilgan tadbirlardir.