Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Nikoh shartnomasi tuzish shartmi?

Davlat ro‘yxatiga olingunga qadar tuzilgan nikoh shartnomasi nikoh davlat ro‘yxatiga olingan kundan boshlab kuchga kiradi. Nikoh shartno­masi yozma shaklda tuziladi va nota­rial tartibda tasdiqlanishi lozim.

Er va xotin nikoh shartnomasiga ko‘ra, birgalikdagi umumiy mulkning qonunda belgilangan tartibini o‘zgartirishga, er va xotinning barcha mol-mulkiga, uning ayrim turlariga yoxud er va xotindan har birining mol-mulkiga nisbatan birgalikdagi, ulushli yoki alohida egalik qilish tartibini o‘rnatishga haqlidir. Nikoh shartnomasi er va xotinning mavjud mol-mulkiga nisbatan ham, bo‘lg‘usi mol-mulkiga nisbatan ham tuzilishi mumkin.

Er va xotin nikoh shartnomasida o‘zaro moddiy ta’minot berish, oila xarajatlarini ko‘tarish, bir-birining daromadida ishtirok etish, bosh­qa shaxslar bilan mulkiy shartnomalar tuzish, birgalikda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish bo‘yicha o‘z huquq va majburiyatlarini belgilab olish, nikohdan ajralganda er va xotindan har biriga beriladigan mulkni aniqlashga, shuningdek, nikoh shartnomasiga er va xotinning mulkiy munosabatlariga oid boshqa qoidalar kiritishga haqli.

Nikoh shartnomasida nazarda tutilgan huquq va majburiyatlar muayyan muddat bilan cheklanishi yoki muayyan shart-sharoitning yuzaga kelishi yoxud kelmasligiga bog‘liq qilib qo‘yilishi mumkin.

Nikoh shartnomasi er-xotinning huquq layoqati yoki muomala layoqatini, ularning o‘z huquqlarini himoya qilish uchun sudga murojaat qilish huquqlarini cheklashni, er-xotin o‘rtasidagi shaxsiy nomulkiy munosabatlarni, er-xotinning bolalarga nisbatan bo‘lgan huquq va majburiyatlarini tartibga solishni, mehnatga layoqatsiz ta’minot olishga muhtoj er va xotinning huquqini cheklovchi qoidalarni, er va xotindan birini o‘ta noqulay holatga solib qo‘yuvchi yoxud oila to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining normalariga zid keluvchi boshqa shartlarni nazarda tuta olmaydi.

Nikoh shartnomasi er-xotinning kelishuvi bilan istalgan vaqtda o‘zgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin. Nikoh shartnomasi qanday shaklda tuzilgan bo‘lsa, uning o‘zgartirilishi yoki bekor qilinishi ham shunday shaklda amalga oshiriladi.

Nikoh shartnomasini bajarishdan bir tomonlama bosh tortishga yo‘l qo‘yilmaydi. Nikoh shartnomasi er-xotindan birining talabi bilan O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksida belgilangan asoslar va tartibda sudning hal qiluv qarori bilan o‘zgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin. Nikoh tugatilgan paytdan boshlab nikoh shartnomasining amal qilishi ham tugaydi.

 

O.ABJALOV,

Adliya vazirligi huzuridagi yuristlar malakasini oshirish markazi tinglovchisi.