Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Noqonuniy qurilishlar Samarqand shahrining tarixiy-me’moriy ko‘rinishiga soya soladi

Viloyat hokimligida Samarqand shahrida joylashgan ko‘p qavatli uylarda uy-joy fondini boshqarish, saqlash va ta’mirlashni ta’minlash uchun ixtiyoriy birlashma sifatida xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari tashkil etilishi hamda faoliyatini o‘rganish natijalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

E.Turdimov olib borgan yig‘ilishda viloyat hokimligi ishchi guruhlari tomonidan Samarqand shahridagi ko‘p qavatli uy-joylarni saqlash va boshqarish, obodonlashtirish ishlari yuzasidan olib borilgan o‘rganishlar muhokama qilindi.

Viloyat hokimi shahardagi to‘rtta sektor rahbarlarining hududlarda bajargan ishlaridan qoniqmayotgani, shaharning tarixiy obidalari joylashgan qismida tadbirkorlik sub’yektlarining uy-joylarni qurishda hanuz o‘zboshimchalik qilayotgani xususida tanqidiy fikrlarni bildirdi.

- Shahrimizning qadimiy go‘zalligini, shakl-shamoyilini saqlab qolishimiz kerak, - dedi viloyat hokimi. – Ammo uning chiroyiga ko‘lanka solayotgan, qurilish-arxitektura talablarini buzayotgan holatlar kuzatilmoqda. Mazkur hududlarda yashab kelayotgan ayrim hamshaharlarimizning bino va inshootlarini noqonuniy tarzda, 2-3 qavat qilib qurayotganligi ham qadim obidalarga zarar yetkazmoqda. O‘rganishlar jarayonida aniqlandiki, soha mutasaddilari o‘z hududlarida nechta noqonuniy uy-joy va tadbirkorlik sub’yektlari qurilayotganidan xabari yo‘q. Ular hududdagi fuqarolarning noqonuniy tarzda oqava (kanalizatsiya), irrigatsiya tizimlari, elektr energiyasi va tabiiy gaz tarmoqlarini tortib olganliklari haqida ma’lumotga ega emas.

Viloyat hokimi yuqorida ta’kidlangan mazkur masalalar, shuningdek, shirkatlar tomonidan bajarilgan xizmatlar uchun aholidan undirilishi lozim bo‘lgan majburiy to‘lovlar yig‘imi bo‘yicha ham mutasaddilarga vazifa va topshiriqlar berdi.

Dilmurod TO‘XTAYeV.