Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ochiq darsda hokim qatnashdi

Jomboy tumani Qayum Sobirov umumta’lim maktablarida bo‘lib, muassasalardagi sharoit bilan birga ta’lim sifatini ham o‘rganmoqda, ochiq darslarni kuzatmoqda.

12-, 16-, 27- va 47-umumta’lim maktablari bitiruvchilari bilan o‘tkazilgan ochiq darslarda Q.Sobirov qaysi kasb-hunar bo‘lmasin, kishi o‘z sohasiga qunt va mehr bilan yondashsa, ko‘zlagan niyatlariga yetishi haqida gapirdi.

– Kasb-hunarni qayerda emas, qanday o‘rganish muhim, – dedi hokim. – Aytaylik, dunyoning eng nufuzli oliygohiga kirsangiz, ammo o‘sha kasbga mehringiz bo‘lmasa, olgan diplomingiz sizni baxtli qilolmaydi. Aksincha, o‘zingiz qiziqqan hunarni puxta egallab, halol mehnat qilsangiz, el e’tirofini olasiz, baxt tuyg‘usini tuyasiz, ro‘zg‘oringiz obod bo‘ladi.

Maktab direktorlari, sinf rahbarlari hamda fan o‘qituvchilariga bolalarning qiziqishlaridan kelib chiqib, guruhlarga ajratish, shu asosda chuqurlashtirilgan mashg‘ulotlar tashkil etish tavsiya etildi. Shuningdek, hokim ishtirokida motivatsion darslar o‘tkazilib, o‘quvchilar fikri o‘rganilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, bundan avval Jomboyda a’lochi o‘quvchilar va fan olimpidalari g‘oliblariga tuman hokimi stipendiyasi berilishi aytilgandi.