Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

O‘chmaydigan xotira

O‘sha kuni bobosi bilan bozorga tushishgandi. Tumonat odam, birov sotarman, birov olarman. Darvozadan kirishda ko‘zlari bir chetda, qo‘lida almisoqdan qolgan o‘t-ko‘kat, go‘sht qiymalagich chopqi, oshqovoq qirg‘ich, sal pachoq bo‘lgan chovgum ushlab turgan o‘rta yoshlardagi yupun kiyingan kishiga tushdi. U xaridor topilarmikan, degan ma’noda bozorga kirib chiqayotgan kishilarga umidvor mo‘ltirab qarardi.

- Uka, bularni sotmoqchimisiz? – bobosi haligi kishining qo‘lidan chopqini olib, salmoqlab aylantirib ko‘rgan bo‘ldi.

- Oling, o‘tkirgina, ro‘zg‘orga asqotadi, - sotuvchi jonlandi.

- Necha pul so‘raysiz? – bobosi cho‘ntagidan pul chiqarib sanay boshladi.

- Bilmayman, o‘zingiz ko‘ngildan chiqarib, uch-to‘rt so‘m berarsiz, kampirim uyda och o‘tiribdi, yolg‘izmiz. Ikki o‘g‘limiz urushda halok bo‘ldi.

Sotuvchi ovozi titrab yoshlangan ko‘zlarini yerga tikdi.

- Hammasini olaman, - dedi bobosi. – Mana sizga 15 so‘m. Bir pud jo‘xori beradi, rozimisiz?

- Roziman aka, roziman. Ilohim dunyo turguncha turing...

- Bobo, bu temir-tersakni nima qilamiz? – Hayron bo‘lib so‘radi nabira norozi ohangda.

- Ey, bolam, bilaman, hech narsaga yaramaydi, - dedi xo‘rsinib. – Ko‘ryapsan, bechora muhtojlikdan ikki-uch so‘m ilinjida chiqqan. Urushning nomi o‘chsin! – bobosi og‘ir xo‘rsindi.

...Rustam bobo bolaligida, bundan 70 yil ilgari bo‘lgan bu voqeani eslar ekan, ko‘z o‘ngida yaxshilik deb yashagan bobosi namoyon bo‘ladi.

Tog‘aymurod ShOMURODOV.