Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Og‘ziga kelganni demoq nodonning ishi...

Ijtimoiy tarmoqlarda “Kattaqo‘rg‘on tumani Navbahor mahallasida bir “otaxon” 30 yildan buyon svetsiz, gazsiz yolg‘iz o‘zi loysuvoq uyda yashab kelayapti va tumanda hech kim undan xabar olmagan” degan mazmundagi video lavha tarqaldi.

Agar bu soxta “bloger” ko‘zini kattaroq ochib qaraganda edi, bu kishining ya’ni, Ahmad Yusupovning Kattaqo‘rg‘on tuman Navbahor  mahallasida emas, balki Kattaqo‘rg‘on shahar Oq oltin mahallasida yashashini bilardi. Bu shaxsning hayot tarzini batafsil o‘rganganida edi, uning qanday inson ekanini bilib olardi. Chunki, uch  marta uylangan bu kimsaning xudbinligi, tanballigi, spirtli ichimlikka mukkasidan ketganligi, mushtumzo‘rligi tufayli, hatto oila a’zolari ham undan bezor bo‘lib qochib ketgan. U ro‘zg‘or uchun bir so‘m pul topib kelish o‘rniga, ayolining qo‘shnilarning kirini yuvib, to‘g‘ri kelgan og‘ir yumushlarini bajarib, bolalarimni boqaman deb qiynalib topgan pulini ham tortib olib, ichib yuborgan. Xotini va bolalarining rizqini qirqib, tortib olgan pullariga  har kuni to‘ygunicha ichib kelib, xotini va farzandlarini ayovsiz kaltaklagan. Hatto, o‘z vaqtida mahalladan berilgan yordam pulini ham ro‘zg‘orga sarflamasdan, oxirgi tiyinigacha ichib tugatgan. Uyini ta’mirlash  uchun keltirib berilgan qurilish materiallarini ham sotib, “ichgan”. U na qarindosh-urug‘ning, na qo‘ni-qo‘shnining, na mahalla-ko‘yning pandu nasihatiga quloq tutadi. Aroqxo‘rlik, mushtumzo‘rlik qilib yuraveradi. Ichib olgandan keyin, unga yaxshilikni tilagan odamlarni ham haqorat qilib, bezorini chiqargan.

Bunday, onda-sonda uchrab turadigan, o‘zini-o‘zi xor qilgan  kimsalarni yoqlab, dunyoga jar solayotgan soxta blogerlar ham afsuski uchrab turishi achinarli. Umri davomida na oilasiga va na jamiyatga nafi tekkan, biror joyda tayinli ishlamagan, tomorqasiga ham bir ketmon urmagan odamning asl basharasini ko‘rishni o‘ziga ep ko‘rmagan bloger haqiqatga tik boqqanida edi, podadan oldin chang chiqarmasdi, bunday yolg‘on ma’lumot bilan aholini chalg‘itmasdi.

Oldiga qo‘yganni yemak hayvonning ishi,

Og‘ziga kelganni demak nodonning ishi.

Hazrat Navoiyning ushbu hikmatini bu nodon bloger o‘qib va uqib, o‘ziga xulosa chiqarib olsa yaxshi  bo‘lardi.

Ey, bloger qiyofasidagi nodon kimsa!

Agar ozgina insofing bo‘lsa sen shu Navbahor mahallasida bo‘layotgan xayrli ishlarni, mahalla ahlining birligi, bunyodkorligini kelib o‘z ko‘zing bilan ko‘r! Yoshi 60 dan oshgan bo‘lsa-da, ayol boshi bilan mahalla fuqarolar yig‘ini raisligini fidoyilik bilan bajarib kelayotgan opaning yonida bir kun yurib ko‘r! Mard, fidoyi bo‘lsang, vijdonli, imonli bo‘lsang tan ol – uch yil oldin O‘zbekiston qanday edi, endi qanday, uch yil oldin Kattaqo‘rg‘on qanday edi – bugun qanday? Ijobiy ishlarni ko‘rish uchun sal aql-farosati bor odamdan ko‘p narsa talab qilinmaydi. Faqat haqiqatga tik boqsa bo‘ldi. Xalq adolat topayapti, xalq uyg‘ondi, xalq o‘z qo‘li bilan o‘z baxtini yaratayapti. Har yili tumanda yuzlab kilometr  yo‘l asfaltlanmoqda, undan ko‘pi ta’mirlanmoqda, necha yuzlab uylar qurilmoqda, qanchadan-qancha yirik, o‘rta, kichik biznes loyihalari amalga oshirilib, ularda minglab yangi, doimiy, munosib haq to‘lanadigan ish o‘rinlari yaratilmoqda.

Yaqinda minglab odam Burgansoyga borib bir kunda 40 gektar maydonda 12 mingdan ortiq bodom ko‘chati ekdi. Tumanning Qo‘shhovuz hamda Enamyaxshi dashtliklarida har biri 20 gektarlik lalmi yer maydonlarida yer ostidan suv chiqarilib, tok ekildi va kambag‘al oilalarga 50 sotixdan bo‘lib berilgani qanday savobli ish. Aholi tomorqasi hamda dehqon xo‘jaliklari uchun Farg‘ona vodiysidan keltirib tarqatilgan 120 ming tup eng sara mevalar ko‘chati-chi? Yana barcha ishlash niyati bo‘lgan oilalar uchun tuproq sharoiti mos keladigan hududlarda hokimlik tomonidan yer haydalib, pushtasi olinib, dala boshiga Polshadan keltirilgan serhosil va bozorda qimmat qulupnay ko‘chatlari hosilidan pulini to‘lash sharti bilan berilayotgani-chi? Qani o‘sha xudbin lavha “qahramoni”, bir tiyin xarajatsiz yerga egalik qilib, ozgina mehnat qilsin, to‘rt oyda daromadini oladi. Shunday bo‘lsa-da bu kishiga ko‘rpa-to‘shak berilib, uyi tozalanib, tartibga keltirilib, dezinfeksiya  qilib  berildi.

Biz muammolarimiz hali ko‘pligini ham bilamiz va ularni chetdan birov kelib, yechib bermaydi. O‘zimiz aqlu zakovatimiz, kuchimiz, niyatimiz hamda mehnatimiz bilan hal qilamiz. Bizda tumanni qisqa muddatli, o‘rta muddatli va uzoq muddatli, kompleks rivojlantirish konsepsiyasiga asoslangan rejalarimiz bor. Agar kim qiziqish bildirsa, faoliyatimiz to‘g‘risida imkon qadar to‘liq axborot berishga tayyormiz.

Ommaviy axborot vositalarining barcha yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatayotgan insonlar, shu jumladan blogerlar bilan ham hamkorlikka tayyormiz, zero matbuot faoliyatimiz ko‘zgusi. Xolis nazar va baho bo‘lsa, kifoya. Ezgulik yo‘lidagi barcha taklif hamda g‘oyalarni bajonidil qabul qilamiz, xuddi shuningdek haqqoniy tanqidni ham. Agar kamchilikni aniqlashdan  maqsad uni tuzatish bo‘lsa, avval o‘zimizga ayting. Bajarmasak yoki e’tibor qaratmasak unda haqli ravishda ommaning oldida “do‘pposlang”, shunga loyiq bo‘lamiz. Bizning barcha manzillarimiz – shaxsiy telefon, telegramm, messenjer va hokazo hamma joyda e’lon qilingan. Konstruktiv hamkorlikka tayyormiz.

Koronavirus balosi insoniyatni tashvishga solgan ushbu sinov davrida mayda negativ, arzon “sensatsiya”lardan ko‘ra, birlikka, hamjihatlikka, sabru qanoatga chorlovchi, uyda o‘tirgan odamlarning kayfiyatini ko‘taradigan lavha, maqolalarga ehtiyoj katta.

Barcha qalam ahliga chuqur hurmat bilan Kattaqo‘rg‘on tuman hokimi A’zamxon BAHROMOV.