Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Oila davrasida kitoblar o‘qilsa, odob-axloqdan so‘z borsa...

Karantin sababli uzaytirilgan ta’til kunlari ota-ona va farzandlar o‘rtasidagi yaqinlik bir necha barobar oshdi. Negaki oila davrasida barcha jamul-jam, bir-birini tinglash, mehr ko‘rsatishga vaqt yetarli. Xo‘sh, ushbu bo‘sh vaqtimizni qanday o‘tkazyapmiz? Ota-ona farzandining maktabda qanday bilim olayotgani, savodi, kitobxonligiga qiziqib ko‘ryaptimi? Tarbiyasi, o‘zini tutishi, odob-axloqigachi? Boladagi ushbu muhim xislatlar to‘la-to‘kis o‘qituvchining zimmasiga tushib qolgan ayni paytda ota-onalarimiz ustozning mashaqqatini his etyaptimi?

Tabiiyki, salomatligimizni asrash uchun barchamiz mutaxassislar tomonidan berilayotgan tavsiyalarga amal qilayotganimiz, shubhasiz. Ayni paytda bizga buyuk in’om qilib berilgan vaqtdan ham unumli foydalanishga harakat qilishimiz lozim. Hurmatli ota-onalar! O‘ylab ko‘raylikchi, oxirgi marta qachon biror badiiy kitobni qo‘lga oldik? Bu borada bolamizga shaxsiy namuna bo‘ldikmi? Farzandlarimizni yonimizga chorlab, ularga qiziq-qiziq kitoblar o‘qib, hikoyalar aytib berganimizga qancha vaqt bo‘ldi? Ularga she’r yod olishda ko‘mak berdikmi yoki o‘qigan kitobi haqida aytib berishni so‘radikmi? Diktant, bayon, insho yozdirib, ularning savodini tekshirib ko‘rmaganimiz-ku aniq. Hozir farzandlarimiz bilan birga o‘zimizning va ularning kamchiliklari ustida imkon qadar birgalikda ishlash vaqti yetdi. Aniqrog‘i, shunga imkoniyat yaratildi.

Bir paytlar o‘zbek xonadonida oila boshliqlari farzandlar bilan jam bo‘lib, tunlarni tonglarga ulab, she’rxonlik, g‘azalxonlik kechalari o‘tkazilar, kitob mutolaa qilinardi. Bunday oilada, ma’rifatli davralarda ulg‘aygan, kitobdan, ajdodlar o‘lmas merosidan bahramand bo‘lgan bolalar orasidan ilmli, ma’naviyatli, ijodkor va yurtga, xalqqa nafi tegadigan insonlar yetishib chiqqan. Ishi, dardi, pul topish tashvishi tufayli ilm olishga, kitobxonlikka bo‘lgan e’tiborsizligimiz tobora ortib, bunday xayrli ishlar unutilmoqda. Ammo bugun oilaning birdamligi, ota-onaning farzand ta’lim-tarbiyasi bilan shug‘ullanishiga imkon bor. Ushbu jihatlar bilan olib qaraganda xalqimiz haqiqatan ham sinovli kunlarni boshdan kechiryapti.

Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi mutaxassislari tomonidan boshlang‘ich va yuqori sinf o‘quvchilarining ba’zi fanlardan o‘zlashtirishi zarur bo‘lgan mavzular asosida tavsiyalar ishlab chiqildi. Bunda o‘quvchilarning o‘qish, yozish savodxonligi, ijodkorligini mustahkamlash, ularni kitobxonlikka keng jalb etishga alohida e’tibor qaratilgan. Muhimi, bola bu topshiriqlarni bajarishda, albatta, ota-onaning nazorati va ko‘magiga ehtiyoj sezadi.

Hurmatli ota-onalar!

Hozir Sizda farzandingiz ta’lim-tarbiyasi bilan shug‘ullanish imkoniyati bor. Unga diktant, insho yozdiring. Bolangizning bilim darajasi, savodxonligi qay darajada ekanligiga bevosita guvoh bo‘ling. Ayni paytda o‘zingizning “yodingizdan ko‘tarilgan” ba’zi bilimlarni ham takrorlashingiz mumkin.

Taqvim-mavzu rejalari asosida berilayotgan topshiriqlar, ya’ni o‘qiladigan asarlar, tavsiya etilgan diktantlar, vazifalar asosida ta’til tugagach, nazorat ishlari olinishini alohida eslatib o‘tamiz. O‘quvchilar darslikdagi topshiriqlarga muvofiq, yasagan buyumlari, chizgan rasmlari, o‘qigan asarlari va yod olgan she’rlari asosida, albatta, baholanadi (https://t.me/samarqandvxtb/3292).

Ayni paytda uzaytirilgan ta’til sabab o‘quvchining dars tayyorlamasligiga, vaqtini besamar o‘tkazishiga, “falon kitobni topa olmadim”, deyishiga hech bir bahona qolmadi. Xalq ta’limi vazirligi tomonidan o‘quvchi va o‘qituvchiga, hatto, ota-onaga ham tegishli tavsiyalar ishlab chiqilib, keng targ‘ib etilmoqda. Jumladan, o‘quvchilarga elektron darsliklar, yuzlab turdagi badiiy adabiyotlar, ularni yuklab olish bo‘yicha rasmiy veb-saytlar tavsiya etilmoqda (uzedu.uz).

Viloyat xalq ta’limi boshqarmasining ham telegramdagi (https://t.me/samarqandvxtb) rasmiy kanali orqali berilayotgan tavsiyalar asosida o‘quvchi, albatta, ota-ona nazorati ostida o‘z ustida mustaqil ishlashi mumkin.

Saidahmad USMONOV,

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i.