Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

"Oila" markazi: yangi bino, yangi sharoit, yangicha vazifalar

 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni hamda "O‘zbekiston Respublikasida oila institutini mustahkamlash konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida"gi qaroridan so‘ng "Oila" ilmiy-amaliy tadqiqot markazining hududlardagi bo‘limlari bazasi takomillashtirilmoqda.

Xususan, Samarqanddagi barcha shahar va tumanlarda "Oila" ilmiy-amaliy tadqiqot markazi hududiy bo‘limlari tashkil etilib, ularga hokimliklar tomonidan zamonaviy bino hamda jihozlar ajratildi. Viloyat hokimi tashabbusi bilan markazning viloyat bo‘limi ham yangi, zamonaviy binoga ega bo‘ldi.

Har bir shahar, tuman bo‘limlarida kamida ikki nafardan xodim maosh asosida faoliyat ko‘rsatmoqda.

Tabiiyki, endilikda markazlarga qo‘yilayotgan talablar ham o‘zgardi. Oilalardagi muammolarni o‘rganish, ajralish yoqasidagi oilalarga yordam ko‘rsatib, buning oldini olish, oiladagi unutilayotgan ba’zi qadriyatlarni tiklash tizimli tarzda amalga oshirilmoqda. Shu maqsadda yosh oila quruvchilarni oilaga tayyorlash uchun haftaning chorshanba kuni "Oila kuni" deb e’lon qilinib, barcha tuman va shaharlarda FHDYo bo‘limlari bilan birgalikda mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda.

Tajriba sifatida ajrimlar soni oshgan Samarqand shahar, Payariq, Urgut, Ishtixon tumanlarida oilaviy ajrim yoqasida turgan, ajrim qayd etilgan 476 oila o‘rtasida so‘rovnoma uyushtirildi. Buning sabablari o‘rganilib, "Yo‘l xarita"lari tuzildi.

Yilning birinchi yarmida viloyatimizda 1750 ta oila nikohidan ajrashgan, oilaviy ajrim qayd etilgan 680 nafar fuqarodan so‘rovnoma va anketalar olinib, ilmiy o‘rganish maqsadida respublika markaziga taqdim etildi. Markaz bo‘limlari tomonidan bugungi kungacha hamkor tashkilotlar bilan birgalikda 564 ta oila yarashtirildi. O‘rganishlar davomida aniqlangan nochor sharoitdagi oilalarni bu holatdan chiqarish bo‘yicha sektorlar kesimida tuman, shahar hokimlariga ma’lumotlar taqdim etilgan. Aholi reproduktiv salomatligi va demografik rivojlanishini, uning farovonligini oshirish masalalari bo‘yicha Samarqand davlat universiteti va sog‘liqni saqlash boshqarmasi bilan birgalikda to‘rtta ilmiy ish olib borilmoqda.

Zebiniso ShODIYeVA,

"Oila" ilmiy-amaliy

tadqiqot markazi viloyat bo‘limi rahbari.