Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

OITS infeksiyasi mehnat muhojirlari o‘rtasida ko‘proq aniqlanmoqda

«Keyingi paytda OITS infeksiyasining oldini olish borasidagi ishlar go‘yo to‘xtab qolgandek. Sog‘liqni saqlash tizimi, jamoat va boshqa tegishli tashkilotlar tomonidan bu boradagi targ‘ibot ishlari ancha susaydi. Go‘yo bu xastalik batamom yo‘qolgan, u bartaraf etilganday. Aslida-chi? Aslida vaziyat qanday?»

Samarqand shahrida viloyatda OITS infeksiyasi bo‘yicha epidemik holat va uning tarqalishiga qarshi kurashish borasida olib borilayotgan ishlar hamda bu sa’y-harakatlarni yanada kuchaytirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishni viloyat hokimi o‘rinbosari R.Qobilov shu fikrlar bilan boshladi.

Yig‘ilishda tegishli tibbiyot muassasalari xodimlari bilan birga barcha shahar va tuman hokimlarining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, ichki ishlar tizimi xodimlari, mahalla faollari ishtirok etdi.

Qayd etilishicha, mehnat migrantlari o‘rtasida kasallik aniqlanishi hamon yuqoriligicha qolmoqda, shuningdek, tibbiy ko‘rikdan o‘tayotgan nikohlanuvchi shaxslar orasida ham OITS infeksiyasi aniqlansa-da, turmush qurishni istovchilar bor, OITS bilan kasallangan kishilarni yolg‘izlatib qo‘yish holatlari hamon uchramoqda.

- Mehnat migrantlari qaytib kelgach, o‘z hududida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tishi lozim, - deydi viloyat OITSga qarshi kurashish markazi bosh vrachi, tibbiyot fanlari nomzodi Pahlavon Sadinov. – Afsuski, ushbu ko‘riklar ba’zida nomiga o‘tkazilmoqda, garchi jamoat tashkilotlari orasida bu masalaga mas’ullar bo‘lsa-da, e’tiborsizlik bilan qarash holatlari uchrayotir. O‘z vaqtida aniqlanmagan OITS infeksiyasi esa nafaqat o‘sha inson hayotiga, balki jamiyatga ham xavf tug‘diradi, ya’ni u kasallikni tarqatishda davom etadi. O‘z vaqtida muolaja olmagach uni davolash ham qiyin kechadi. Kasallik ko‘proq jinsiy yo‘l bilan yuqmoqda. OITSga chalinganlarning katta qismi mehnatga layoqatli, ya’ni 30-39 yoshdagi kishilar sanaladi. Shuningdek, ular orasida 18 yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmaganlar ham bor.

Yig‘ilishda ushbu xastalikning oldini olishda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan mutasaddilar ogohlantirilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralari belgilandi.

Gulruh Mo‘minova.