Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Farmon TOSHEV: O‘jarlik qilmang. U g‘urur ham, qat’iyat ham emas, odamning obro‘sini tushiradigan illat

O‘jarlik o‘jarlikdan boshqa narsa emas. U odamni boshqalar, hatto ba’zan mutaxassislar maslahatini olishdan ham chalg‘itadi, xudbinlikka chorlaydi. O‘jarlik ko‘zga juda tez tashlanadigan kamchilik, shu sababli bunday kishilarni ko‘pchilik yoqtirmaydi, iloji boricha, ular bilan muloqotdan qochishadi. Ammo…

Sizga tish qayragan qo‘shningiz, meros uchun talashgan qarindosh yoki tepangizda turgan rahbardan qanday qochib qutulasiz? Ba’zan tushunmovchilikning boshlanishida bitta gapdan qolishni istamaymiz, ya’ni o‘jarlik qilamiz. Natijada bir so‘zlikman, g‘ururliman degan tushuncha bizni nizo botqog‘iga boshlaydi. Bu botqoqdan chiqish oson emas. O‘n, yigirma yillab bir-biri bilan sudlashgan, bir-birining ustidan yozib, idorama-idora «sarson» bo‘lgan, ko‘plarning boshini qotirgan va pirovardida yurak xastaligiga uchragan, jamoatchilik o‘rtasida obro‘si to‘kilgan, ammo hamon o‘jarligini qo‘ymayotganlar hayoti bunga misol.

O‘jarlik ko‘zni ko‘r, quloqni kar qilib qo‘yadi, o‘chakishish, xusumatni boshlaydi. Negaki u bir so‘zlilik yoki xarakterdagi o‘ziga xoslik emas, balki ilmsizlik, jaholat va farosatsizlik oqibatidir. Uning shiori oddiy: «Men senga ko‘rsatib qo‘yaman kimligimni!».

Viloyat hokimining sayyor qabullarida bu illatning nechog‘lik zararli ekanligiga guvoh bo‘ldim. Ikki qo‘shni bir qarich yer uchun 10 yildan beri bir-birini sudga beradi. Samarqand shahrida yashovchi bu fuqarolar bir-birining ustidan 200 marta ariza yozgan. Na mahalla faollarining, na mutaxassisning, na nazorat va huquq organlarining gapiga ko‘nishadi. Vaholanki, o‘rtadagi nurab borayotgan devorni birgalikda 20 santimetr surib, qayta qursa bo‘ladi. Oqibat shu bo‘ldiki, qo‘shnilar ularnikiga kirmay qo‘yishdi, asabbuzarlikdan biri infarktga uchradi, ikkinchisi suddan qaytayotib oyog‘ini sindirib oldi.

O‘jar odam bora-bora qonunni, keyinchalik o‘zini ham hurmat qilmay qo‘yadi. So‘ziga, fikriga qarshi chiqqanni dushman deb bilaveradi. Uy mojarosi tufayli Urgut va Paxtachida shunday holatga tushgan ota va o‘g‘illar munosabatini ko‘rib, ochig‘i, yuragim og‘ridi. Ba’zan bundaylarga Xudodan boshqaning bas kelishiga ishonmay qolasan, kishi.

Nahotki, bundaylarga Amir Temur bilan munosabatda Yildirim Boyazidning ne holga tushgani saboq bo‘lmaydi? To‘g‘ri aytasiz, bunday kimsalar kitob o‘qimaydi, ma’rifatli davraga bormaydi.

Davlatimiz rahbari qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarni yaxshilabgina qolmasdan, uni yangi bosqichga ko‘targani bizga ibrat emasmi? Bizga teskari munosabatda bo‘lgan davlatlarning endilikda yurtimizga xayrixoh bo‘layotgani o‘jarlik emas, murosayu madora, samimiyat natijasi ekanini hammamiz bilamizmi? Bundan tashqari o‘chakishish, o‘jarlik tufayli mana-man degan davlat rahbarlari o‘z yurtini tahlikaga solib qo‘yayotgani-chi?

O‘jarlikdan qochib bo‘lmaydi, uni chetlab o‘tish ham mumkin emas. Bu kasallik insonni ich-ichidan yemiradi. Boshqalar bilan hisoblashmagan kishini bora-bora o‘sha boshqalar ham qadrlamay qo‘yadi. O‘jarlik jamiyatga jiddiy zarar keltiradi, shunday ekan, bu illatga qarshi ko‘pchilik bo‘lib kurashaylik. Arzimagan sabab bilan o‘jarlik qilayotganlarga o‘z vaqtida dashnom berishni, kerak bo‘lsa, qonun doirasida chora ko‘rishni o‘rganaylik. Toki, bundaylar o‘z xatti-harakati ko‘pchilikka yoqmayotganligini tushunib yetsin.

O‘g‘lini u istamagan o‘qishga yoki ishga qo‘ymoqchi bo‘lgan ota-ona, qo‘shnisining arzimagan xatosiga yopishib olganlar, qudasidan illat qidirishni kasb qilganlar, biror xulosa aytishdan oldin bir to‘xtab, o‘ylab ko‘ring, o‘sha odamning o‘rniga o‘zingizni qo‘ying, fe’lingizni biroz keng qiling… Ko‘p o‘tmay boshqacha odam bo‘lasiz.

Siz nima deysiz? Keling, shu gal o‘jarlik qilmang, fikrimga qo‘shiling, axir ich-ichingizda siz ham shunday o‘ylayapsizku, to‘g‘rimi?