Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Oliy ta’limda nimalarni o‘zgartirish lozim?

O‘zbekiston taraqqiyotning yangi bosqichiga ko‘tarildi. Bu bosqichda rivojlanish darajasi o‘z-o‘zidan sodir bo‘lmaydi. Eng avvalo, shunga mos kadrlar, texnika va texnologiyalar kerak.  O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 24 yanvarda Oliy Majlisga Murojaatnomasida qayd etilganidek “Nafaqat yoshlar, balki butun jamiyatimiz a’zolarining bilimi, saviyasini oshirish uchun avvalo ilm-ma’rifat, yuksak ma’naviyat kerak. Ilm yo‘q joyda qoloqlik, jaholat va albatta, to‘g‘ri yo‘ldan adashish bo‘ladi”.

Endi masalaga real qaraylik. Bugungi ahvolimiz qanday, malakali kadrlarning jamiyatdagi hissasi va o‘rni talabga javob beradimi? Albatta, bu savollarga juda ko‘tarinki mamnuniyat bilan javob berish qiyin. Chunki, bugungi kunda mehnatga qobiliyatli aholining atigi 35 foizidan sal ortiqrog‘igina oliy ma’lumotli. Qolgan 65 foiz aholi o‘rta maxsus yoki o‘rta ma’lumotli kishilar. Rivojlangan mamlakatlarda mehnatga qobiliyatli aholining 80-90 foizi oliy ma’lumotga egaligini inobatga oladigan bo‘lsak, o‘zimizda ahvol qay holatda ekanligiga izohning hojati yo‘q.          Murojaatnomada 2020 yilda maktab bitiruvchilarini oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini kamida 25 foizga va kelgusida 50-60 foizga yetkazish vazifasi belgilandi.

Bugungi kunda har bir kishi zamonaviy bilimlarni o‘zlashtirgan, chinakam ma’rifat va yuksak madaniyat egasi bo‘lishga harakat qilishi lozim. Bunday odat, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, uzluksiz hayotiy ehtiyojga aylanishi kerak.

Bizning havodan nafas olishimiz, har kuni oziqlanishimiz – uzluksiz hayotiy ehtiyojimizdir. Xuddi shunday chinakam ma’rifatli va madaniyatli bo‘lish uchun intilib yashash ham kundalik hayotiy ehtiyojimizga aylanishi kerak. Zero, bugungi shiddat bilan o‘zgarayotgan zamonda, bilimni o‘zlashtirish ham, chinakam ma’rifatga intilish ham, yuksak mdaniyat sohibi bo‘lish ham bir lahza kechiktirib bo‘lmaydigan jarayonga aylandi. Bunga befarqlikni, eng avvalo o‘zining, taraqqiyotning va nihoyat, jamiyatning dushmani, deb baholash mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 8 oktyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmonida mamlakatimizda oliy ta’limni tizimli isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, zamonaviy bilim va yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega, mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, oliy ta’limni modernizatsiya qilish, ilg‘or ta’lim texnologiyalariga asoslangan holda ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirishga oid ustuvor vazifalar belgilab berilgan edi. Ushbu keng ko‘lamli vazifalarni bajarishda nafaqat oliy  va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, balki butun xalqimizning faol ishtiroki taqozo etiladi.

Oliy ta’lim tizimini isloh qilish borasida qo‘yilgan ustuvor vazifalar va bugungi holatdan kelib chiqib, ta’lim sohasida qanday chora-tadbirlarni amalga oshirish lozimligiga e’tiborni qaratishni lozim, deb topdik.

Birinchidan, oliy ta’limda muvoffaqiyatga erishishning eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri unda qat’iy intizomni joriy qilish lozim. Intizom yo‘q joyda bilim ham, tarbiya ham muvaffaqiyatli bo‘lmaydi.  Intizom bo‘lmagan joyda vaqt yo‘qotiladi.

Intizom faqat darsni o‘z vaqtida boshlab, vaqtida tugatish bilan cheklanmaydi. Bu har bir professor-o‘qituvchi va talabaning o‘z burchini chinakamiga belgilangan tartibda ado qilishi bilan ham bog‘liq. Talabalarning barchasi darsga kelgani bilan u bilimni to‘kis qilishi uchun o‘zi ham izlanishi, o‘qishi kerak. Ilm olishda shunday yo‘l tutmasa u ham ta’lim olish intizomini buzgan bo‘ladi. Bu ham katta zarar.

Ikkinchidan, oliy ta’lim faqat nazariy bilim berish bilan cheklanib qolmasligi kerak. Bunda nazariya bilan amaliyotning uyg‘unligini ta’minlash lozim. Buning uchun har bir oliy o‘quv yurtida o‘zining sohasi bo‘yicha zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan laboratoriya va tajriba maydonchalari bo‘lishi zarur. Masalan, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti tajriba maydonchasi sifatida shahardagi ilg‘or mehmonxonalar bilan shartnoma asosida faoliyat ko‘rsatadi. Bevosita o‘zining qoshida milliy taomlar tayyorlaydigan, yuqori servis xizmatlarini ko‘rsatish jarayoni tashkil qilingan oshxonasi mavjud. Institut qoshida turistik firma faoliyat ko‘rsatadi. Bank ishi kafedrasi qoshida viloyatda joylashgan bir qancha tijorat banklarining tajriba filiallari mavjud. Talabalar ham bevosita banklarda amaliy mashg‘ulotlarda qatnashadi. Bunday tajriba va amaliyot boshqa kafedralarda ham mavjud. Ushbu tajriba maydonchalarida nazariy bilimlar bilan birga amaliy ko‘nikma uyg‘unligi ta’minlanadi. Ammo ilm-fan va amaliyotning to‘liq uyg‘unligini ta’minlash uchun bular yetarli emas. Ushbu faoliyatni yanada kengaytirish lozim.

Uchinchidan, oliy o‘quv yurtlarida tegishli davlat idoralari va tashkilotlari hamda tadbirkorlarning maxsus buyurtmalari asosida kadrlarni tayyorlash yo‘lga qo‘yish lozim. Shunda aksariyat talabaning ish joyi ular diplom olguncha aniq bo‘ladi. Ular ertaga qayerda, qanday ishlashi kerakligini biladi. Talabaning amaliyotni o‘taydigan joyi ham aniq shu korxona hisoblanadi. Bunday holatda talaba oliy o‘quv yurtini bitirguncha nazariya bilan amaliyotning uyg‘unligini ta’minlashga erishadi. U shunchaki o‘qimaydi, balki buyurtmachining talabiga mos mutaxassis bo‘lishga harakat qiladi. Ushbu masalada hali ancha ishlarni amalga oshirishga to‘g‘ri keladi. Bu borada 2019/2020 o‘quv yilidan ish boshlandi. Buni kengaytirish va takomillashtirish lozim bo‘ladi.

Yana bir muhim jihat, talaba bir mutaxassislik bo‘yicha diplom olib, shu sohada ish bo‘lmasa, butunlay boshqa sohada faoliyat ko‘rsatishga majbur bo‘ladi. Bu aynan shu talaba uchun ham, jamiyat uchun ham katta zarar. Ya’ni, jamiyatga o‘z sohasi bo‘yicha nafi tegadigan bitta mutaxassis besamar “yo‘qoldi”, degani bu.

To‘rtinchidan, oliy ta’lim tizimida ta’lim, fan, innovatsiya va ilmiy tadqiqot ishlari mujassam bo‘lgan intellektual mulkni tijoratlashtirish muammosini hal qilish uchun intellektual mulkning bahosi va bozori bo‘lishi kerak.

Bugungi kunda moddiy ne’matlarning bozori va bahosi aniq. Shu tufayli ushbu soha jamiyat taraqqiyotiga mos holda rivojlanib bormoqda. Ammo intellektul mulkni shakllantirish unchalik oson ish emas. Unga yillar davomida mashaqatli mehnat evaziga erishiladi. Biroq ushbu mehnat qadrlanmayotganligi uning rivojlanishiga to‘siq bo‘layotgan asosiy omillardan biri hisoblanadi. Shu sababli birinchi galda intellektual mulkning bahosini aniqlaydigan nizom ishlab chiqilishi lozim.

Hozir jamiyatdagi muammoni o‘ylab topadigan ham, uning yechimi bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqadigan ham, so‘ngra amaliyotga shu ishni joriy qiling, deb “yalinib” yuradiganlar ham ilmiy xodimlar, olimlar. Bunday holat ilmiy ishga, intellektual mulkning sohibi bo‘lishga qiziqish uyg‘onmayapti olimlarda. Hozir olimlarimiz faqat oylik maoshi oshirilganligi tufayli mazkur sohada faoliyat ko‘rsatishga qiziqib, harakat qilmoqda. Ammo bu yerda ham ancha kamchiliklarimiz bor. Turli intellektual mulk sohiblari mavjud. Lekin ularga haq to‘lash o‘rtasidagi tofovut, shu intellektual mulkdagi tafovut bilan mos kelmaydi. Shu nuqtai nazardan murojaatnomada ta’kidlangan pedagogik mahorat va malaka darajasiga ega bo‘lgan, o‘z ishida aniq natijalarga erishgan o‘qituvchilarga yuqori maosh to‘lash tizimi joriy etilishi intellektual mulkning qadrlanishiga xizmat qiladi.

Beshinchidan, oliy ta’lim tizimida o‘qitish tarkibi va tartibini ham o‘zgartirish kerak. Oliy o‘quv yurtidagi hozirgi dasturlar asosan mutaxassis bo‘lishga, ertaga qandaydir bir tashkilotda ishlashga, ishlab turgan idora, korxona va muassasada faoliyat olib borishga yo‘naltirilgan. Oliy o‘quv yurtlariga yoshlarni qamrab olish darajasi 50-60 foizgacha oshiriladigan bo‘lsa, ular diplom olgandan keyin hammasini ham faoliyat ko‘rsatayotgan idora, korxona va muassasalarda ishga joylashtirib bo‘lmaydi. Davlat tashkilotlarida har yili ehtiyojga yarasha ish o‘rni bo‘shamaydi. Tadbirkorlar ham tegishli ish o‘rinlari bilan faoliyatini davom ettiradi. Ulardagi yaratilgan yangi ish o‘rinlari ham mazkur ehtiyojni to‘liq qondirish imkonini bermaydi. Bunday sharoitda bitiruvchi talabalarni o‘zini o‘zi ish bilan ta’minlaydigan prinsipda yangi ish o‘rinlari yaratish va shu asosda yashash ko‘nikmasini shakllantirgan holda mustaqil hayotga tayyorlab borish lozim. Bunda har bir bitiruvchi o‘ziga o‘zi ish joyini yaratsa, deyarli shuncha ish joyi tashkil bo‘ladi. Oliy ma’lumotli yoshlarni shu yo‘nalishda tayyorlash vaqti keldi, deb o‘ylaymiz.

Oltinchidan, talabalarni yuqori malakali kadrlar etib tarbiyalash masalasi qo‘yilmoqda. Bu bugungi taraqqiyotimiz uchun suv va havodek zarur. Ammo shunday kadrlarni tayyorlaydigan pedagoglar yetarlimi, degan savolga javob berish qiyin. Hozirgi avlod pedagoglari soha xodimlariga e’tibor berilmagan pallada shakllangan kishilardan iborat. Oliy o‘quv yurtini yaxshi o‘qib bitirgan juda ko‘p talabalar boshqa sohaga, ayrimlari xorijga ketib qoldi. Hozirgi pedagoglar esa katta tanlov bilan qabul qilingan emas. Shu tufayli, ochig‘ini tan olib aytish kerak, ayrim pedagoglarimiz jamiyatimizda sodir bo‘layotgan keskin o‘zgarishlardan orqada qolib ketmoqda. Albatta, bular eskicha o‘qitish, eski bilim bilan dars o‘tish ishlarini davom ettirmoqda. Bu yo‘l bilan oliy o‘quv yurtlari talabalarga bilim emas, diplom beradigan muassasaga aylanib qoladi. Endi oliy o‘quv yurtida ishlaydigan o‘qituvchi malakasi va saviyasiga baho beradigan, yuqori talab qo‘yadigan vaqti keldi, deb o‘ylayman.

Yettinchidan,Korrupsiyasiz oliy ta’lim”ga erishish jamiyatimiz-ning eng og‘riq nuqtalaridan biri sifatida baholanmoqda. Ushbu muammoni hal qilish bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biridir. Korrupsiya elementlari asosan, oliy o‘quv yurtlariga kirish imtixonlarida kuzatilar edi. Bunga keyingi yillarda deyarli barham berildi. Oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarini bundan keyin ham optimallashtirish jarayoni davom etishi bunga asos bo‘ladi, albatta.

Hayotimiz ko‘rsatdiki, qayerda korrupsiya elementlari bo‘lsa, ishning sifati bo‘lmaydi, adolat muhiti buziladi. Bular inson ruhiyatiga o‘ta salbiy ta’sir qiladi. Adolat bo‘lmagan joyda odamlarda ishonch yo‘qoladi. Ishonch yo‘qotilgach, odamlarni rozi qilib bo‘lmaydi. Shu tufayli korrupsiya elementlarini nafaqat ta’lim, balki barcha sohalarda butunlay bartaraf qilish lozim va bunda jamiyatning barcha qatlami faol bo‘lishi kerak.

Sakkizinchidan, oliy ta’lim muassasalariga bosqichma-bosqich akademik va moliyaviy mustaqillik beriladi. Ushbu tadbir oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini yaratadi. Hozirgi kunda Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan 10 ta oliy o‘quv yurti o‘zini o‘zi moliyaviy ta’minlashga o‘tdi. Shular qatorida Samarqand iqtisodiyot va servis instituti ham bor.

2020 yil barchamiz uchun alohida mas’uliyatli, har bir kishi o‘zini safarbar qiladigan sinov va yili bo‘ladi. Chunki, eski ish uslubi va unga bo‘lgan munosabatlar bilan belgilangan yuqori marralarni egallab bo‘lmaydi. Bu barchamizdan o‘zimizning fuqarolik burchimizga butunlay yangi mas’uliyat bilan yondoshmog‘imizni talab etadi.

Mamayunus PARDAYeV,

Samarqand iqtisodiyot va servis instituti professori, iqtisod fanlari doktori.