Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ona tili- millat va davlatning ruhidir

Ona tili inson ongu shuuri, qalbi va ruhiga ona allasi, keyinchalik bemisl ertagu rivoyatlar, maqolu topishmoqlar, ajdodlarining hayoti tikilgan, millatning orzu o‘ylari, insoniylikning tarixidan so‘zlovchi adabiy yodgorliklar bilan kirib boradi. Ona tili bu millat uchun ayni o‘zlikdir. Har qanday millat o‘zining tili, ya’ni o‘zligini saqlab qolish, rivojlantirish, farzandu nabiralariga, avlodlariga sof holida qoldirish haqida o‘ylamas, harakat qilmas ekan, albatta, bo‘hronli, tahlikali bir zamonda millatning kelajagi, tilning kelajagi katta xavf ostida qolaveradi.

Abdurauf Fitrat bundan roppa-rosa 100 yil avval, ya’ni 1919 yil 12 iyunda “Ishtirokiyun” ro‘znomasida “Turkcha baxtsizdir. Ming yildan beri ezila kelmishdir. Lekin bitmamishdir. Bitmas, yashamishdir, yashar. Negakim, boydir. Turkcha yashamishdir. Yashar, lekin o‘zini arab, fors tillarindan qutqara olurmi, yo‘qmi?” - degan fikrni bildirib, tilimizning nega boyligiyu, nima uchun baxtsiz ekanligini birma-bir ochib bergan edi. Afsuski, bizning boy tilimiz o‘sha baxtsizligicha qolgan ekan. Endi uni nafaqat arab va fors tili, balki rus tilidan ham qutqarmoq kerakligini zamon ko‘rsatib turibdi.

Ruscha tarbiya ko‘rgan, rus tilida fikr yurituvchi, rus madaniyatini yoqlovchi bir guruh “ziyolilarning” (negadir shu kunlarda Muhammad Yusufning “Sotmaydi yurtini biror otboqar, sotsa zerikkandan ziyoli sotar”, degan misrasi bot-bot esimga tushyapti) ommaga murojaati bugun kun tartibimizdagi asosiy masalaga aylanib qoldi.

Men shu o‘rinda uni o‘zbek tili uchun jon kuydiradigan har bir o‘zbek uchun ona tilimizning murojaati bo‘lib tuyulishi zarurligini aytmoqchiman. Qanday deysizmi?

Biz shaharu qishloqlarimizda, peshtaxtayu do‘konlarimizda, yurish-turishimizda, muomala, oldi-berdimizda ona tilimizning jonini saqlab, uning sofligi uchun jon kuydirayapmizmi?

Biz o‘zimizning ajdodlarimiz jonu jahonlari evaziga tik bo‘lgan davlatimizda 30 yildan beri amaldagi davlat tilimizning haqqini ado eta oldikmi, olyapmizmi? 

Biz farzandlarimizga sof ona tilimizda ertaklar aytib beryapmizmi? Ona tilimizning imkoniyatlarini ochib bera olyapmizmi? Bu masalada shaxsiy namuna bo‘lyapmizmi?

Biz, ko‘pmillatli davlatda yashayotgan, o‘zbek tilida gaplashadigan bitta o‘zbek ikkita boshqa millat vakillari ichida ona tilimizda (Davlat tilida!) gapira olyapmizmi?

Qaysidir chet tilini bilish – fazilat. Qaysidir chet tili bilan har qanday millat dunyoga bo‘ylaydi. Ammo ona tilini toptash, uning qadri uchun qayg‘urmaslik bu o‘sha til uchun xiyonatdir. Axir ona tili - bu ruhdir. Bu qalbdir. Agar ona tili ham davlat tili bo‘lsa, ikki karra ruhdir. Bu nafaqat sizning, bizning ruhimiz, bu shu yerda yashayotgan, o‘zini O‘zbekiston fuqarosiman degan har qanday millat uchun ruhdir.

Men O‘zbekistonda yashayotgan boshqa millat vakillarining ona tillari borasidagi huquqlariga hurmat bilan qarayman. Ammo bir fuqaro sifatida o‘zbek tilini bilish o‘zlarining burchi ekanligini unutmasligini istayman. Bolalariga o‘zbek tilini o‘rganish fuqarolik burchi ekanligini uqtiradigan ota-onalarni tarbiyalamas ekanmiz, tilimiz obro‘sini huquqiy  jihatdan ham ko‘tarmas ekanmiz, tilimizning ahvoli yaxshi bo‘lib qolmaydi.

O‘sha murojaat davom etishini istamasak, yana shunday yo‘l tutishni istaydigan kishilar paydo bo‘lishini istamasak, bir millat sifatida ko‘zimizni ochishimiz kerak. Ularning murojaati bizga aks ta’sir ko‘rsatishi, tilimiz uchun foydali bo‘lishi zarur deb o‘ylayman. Ular o‘zbek tilining sofligi, taraqqiyoti, rivoji uchun juda katta o‘zgarishlarning boshlanishiga, rosmana harakatlarning yuzaga kelishiga asos bo‘lib xizmat qilsin. Keling, undan o‘z tilimiz foydasi uchun foydalanaylik.

Mashhura HASANOVA,

SamDU o‘qituvchisi, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori