Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Onani almashtirib bo‘lmaydi, yoxud rus tiliga rasmiy maqom so‘rayotganlar nimani o‘ylashayapti?

Dunyoda biz bilgan va bilmagan sir-sinoatlar juda ko‘p. Shulardan biri til masalasidir. Til haqida gap ketganda, uni Onaga mengzash odat tusiga kirib qolgan. Bunday yondashuv jahon tillarining hammasida deyarli bir xil: ONA TILI.

Tilimiz xuddi onamiz kabi bizni oq yuvib, oq taragan, bizga ulkan imkoniyatlar eshigini ochib bergan, ammo evaziga hech narsa talab qilmaydigan noyob hodisa sanaladi. Yashash tarzimiz, kiyinishimiz, ovqatlanishimiz, yurish-turishimiz negizida ona tilimizning beminnat xizmatlari yotadi.

Hammaning yodida bo‘lsa kerak, 80-yillarning oxirida ozodlik, mustaqillik uchun bo‘lgan sa’y-harakatlarning jon tomirini til masalasi tashkil etgan va millat dardi, millat kelajagi uchun qayg‘urgan hamyurtlarimizning aksariyati o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi masalasini dadil ko‘tarib chiqishgan edi. O‘shanda ham yuragida hadik, qo‘rquv bo‘lgan bir guruh millatdoshlarimiz o‘zbek tiliga davlat tili maqomi bermaslik yoki ikki tillilik masalasiga mahkam yopishib olishgandi. Yurtimiz boshida turgan buyuk insonlarning teran tafakkuri, uzoqni ko‘zlab yurgizgan siyosati va ulkan jasorati tufayligina tilimizga davlat tili maqomi berilgandi. Respublikamizning chekka-chekkalaridan kelgan xalqimiz vakillari ham markaz ko‘chalarida, davlat idoralari va tashkilotlarida o‘z ona tilisida gapirish imkoniyatlariga ega bo‘lgandi. Hammamiz guvoh: bu siyosatni davlatimiz rahbarlari to hanuz og‘ishmay yurgizib kelmoqda.

Shu kunlarda bir guruh ziyolilarimiz tomonidan rus tiliga rasmiy til maqomi berilishi to‘g‘risidagi murojaaatni o‘qib, shu yurtning oddiy bir farzandi sifatida hayron bo‘lib qoldim. Respublikamizda rus tilini o‘rganishga hech qanday mone’lik qilinmayotgan, til siyosatida dunyo davlatlariga o‘rnak bo‘ladigan siyosat olib borilayotgan, xalqimiz tomonidan boshqa millat vakillarining barchasiga o‘ziga yarasha sharqona izzat-ikrom ko‘rsatilib, hamma xalqlar bir-biri bilan do‘st, inoq bo‘lib, bitta yagona O‘zbekiston xalqi bo‘lib yashayotgan paytda kimga kerak bo‘lib qoldi bunday “Murojaat”. Oshkoralik, demokratiya niqobi ostida xalq qalbidagi eng teran rishtani “chertish”, u bilan hazillashish emasmi bu?!

“Murojaatnoma” bitgan insonlarning boshqa ishi yo‘qmi?! Axir ular shu xalq bergan ne’mat tufayli yaltir-yultur kiyimlarni kiyib, qimmatbaho mashinalarni minib, o‘zbek tilida yozilgan mukofotlarni olib yurishibdi-ku!? O‘zlarining sohalarida siyqasi chiqqan qo‘shiqlar, bir pulga qimmat kinofilmlar taqdirini o‘ylashsa yaxshi bo‘lardi. Madaniyatimiz, san’atimiz sohasida Prezidentimiz tomonidan ko‘tarib chiqilayotgan masalalarni hal etishda ularning yordamlari juda-juda zarur. Buning o‘rniga ular kimlarningdir “topshirig‘i”ni bajarayotgan bo‘lsalar ajab emas.

7 ta tilda ta’lim-tarbiya ishlarining olib borilishi dunyoning bironta davlatida yo‘q. Ko‘chalariga ingliz, nemis, arab, rus tillarida reklamalar to‘lib-toshib yotgan, lavhalar, ko‘rsatkichlarning ko‘rinarli qismi rus yoki ingliz tillarida bitilgan yurt dunyoda bormi o‘zi?! Aslo yo‘q! Ularga nisbatan indamayotganimiz ostida xalqimizning bag‘rikengligi, tinchlik-osoyishtalikni hamma narsadan ustun qo‘yishi, har qanday millat vakillariga nisbatan xayrixohlik nigohi bilan boqishi sababchi bo‘lmoqda, desam yanglishmagan bo‘lamiz.

Shundoq ham rus tili va uning rivojlanishiga hech kim to‘sqinlik qilayotgani yo‘q. "Davlat tili” haqidagi Qonunning tegishli joylarida rus tilining ijtimoiy hayotimizdagi o‘rni ko‘rsatib qo‘yilgan. L.N.Tolstoy, A.S.Pushkin, M.Yu.Lermontov asarlarini hamma joyda targ‘ib qilib yuribmiz. Shu kungacha rus millatiga mansub bironta shaxs o‘z ona tiliga nisbatan o‘zbeklarning mensimay murojaatda bo‘layotgani haqida shikoyat qilgani ham yo‘q.  Yana o‘zimiz... Bu qora ko‘zoynak taqadigan janoblar bitta haqiqatni bilib olishsa yaxshi bo‘lardi. Bugun bizga bitta rus tili emas, ulug‘ ma’rifatparvar adib Mahmudxo‘ja Behbudiy aytganidek “to‘rtta tilni o‘rganish” ham kamlik qilib qoldi... O‘zbekiston dunyo mamlakatlari bilan bo‘ylashayotgan, jahonda o‘z o‘rnini topishga astoydil urinayotgan bir paytda bunday sub’yektiv yondashish foyda keltirish o‘rniga zararga ishlaydi. Rus xalqi bilan o‘rtadagi munosabatlarimizni loyqalatishga olib keladi. Nahotki, katta-katta filmlarni olishga aqli yetgan, ancha-muncha xalq artistlari ham chiqa olmaydigan sahnalarda turib qo‘shiq aytgan madaniyatimiz va san’atimiz darg‘alari shu oddiy haqiqatni bilishmasa?! Ularni  alqab yurgan xalq bu haqda nima deydi?!

O‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi bu – Yaratganning irodasi. Unga qarshi borish xalqparvarlikdan, fidoyilikdan emas. “Qonun” bandlariga o‘zgartirishlar kiritish uchun hissiyotlarga berilmaslik, 4000 yillik tarixchilik an’analarimizdan kelib chiqqan holda o‘ta bosiqlik bilan uzoqni ko‘zlab ish ko‘rmoqligimiz zarur. 18 ta darg‘aning gapi bilan o‘n sakkiz ming olam ichida yagona bo‘lgan o‘zbek millati va o‘zbek xalqining irodasi bukilib, ular aytgan havoyi so‘zlarga uchib qolmaydi.   

Lutfiy, Atoyi, Navoiy, Yassaviy, Boburlar alqagan, Nodira, Uvaysiy, Zulfiyalar baralla kuylagan, Fitrat, Cho‘lpon, Abdulla Qodiriylar qalam tebratgan tabarruk til bu. Bu tilning ildizlari tarixning olis qa’riga yetib boradi. Ne-ne bosqinlardan, zulmlar o‘tib kelgan bunday ulkan chinorni o‘rnidan qo‘zg‘atib bo‘ladimi? U bir guruh insonlarning istaklariga qarama-qarshi ravishda dunyoning eng boy va qadimiy tillaridan biri sifatida minglab, millionlab insonlarni ulg‘aytirishda, tarbiyalashda davom etaveradi. Axir, u bizning onamiz-ku! Onani ham almashtirib bo‘ladimi?..

 

Abdulhay Sobirov,

Filologiya fanlari doktori, professor.

Manba: Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi axborot xizmati.