Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Onlayn musobaqalar qanday samara beryapti?

- Bugungi sharoitda sportchi-o‘quvchilarimiz o‘rtasida onlayn musobaqalar qanday tashkil etildi, umuman natija qanday bo‘lmoqda?

Yulduz BO‘RIYeVA, Samarqand shahri.

-   Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan joriy yilning 28 aprel 10 may kunlari “Uyda qolib sport bilan hayotga qo‘shil!” shiori ostida o‘tkazilgan chellenjda sportchilarimiz faol ishtirok etdi. Jumladan, 29 aprel kuni videorolik tanlovi yakuniga ko‘ra, Narpay tumani Oqtosh shaharchasi Islomobod mahallasida yashovchi Rashidovlar oilasi ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, tashkilotchilarning maxsus sovg‘asi velotrenajyor bilan taqdirlandi.

Shuningdek, vazirligimiz tomonidan aprel oyida tashkil etilgan kibersport-kompyuter bo‘yicha 6 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasida “Minsport onlayn kubogi”ning “FIFA-20” yo‘nalishida Samarqand shahrida yashovchi Murodjon Jo‘raqulov birinchi o‘rinni, Samarqand tumanida yashovchi Aziz Hamdamov uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

***

- Respublikamiz bo‘yicha ilk bor shaxmat bo‘yicha onlayn musobaqa o‘tkazildi. Bunday musobaqa karantindan keyin ham o‘tkaziladimi?

Muqaddas MUSAYeVA, Jomboy tumani.

- Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan shaxmat bo‘yicha havaskorlar o‘rtasida birinchi “O‘zbekiston Online chempionati” bo‘lib o‘tdi. Quvonarlisi, unda samarqandlik 29 yoshli Jamshid Mustafoyev eng yaxshi natija ko‘rsatdi.

O‘tkazilgan musobaqa biz uchun ham sinov va tajriba bo‘ldi. Bu kabi onlayn chempionatlarni kelgusida havaskorlar va professionallar o‘rtasida tuman va viloyat miqyosida o‘tkazishni rejalashtirdik.

***

-  Viloyatimiz sportchilarining necha nafari bu yil oliy ta’lim muassasalariga imtiyoz asosida o‘qishga qabul qilinishi mumkin?

Ilhom BOBOYeV, Ishtixon tumani.

-  Prezidentimizning shu yil 24 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni yanada takomillashtirish va ommalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan respublika va xalqaro musobaqalar g‘oliblari hamda sovrindorlarini oliy ta’lim muassasalariga imtiyozli o‘qishga qabul qilish ishlarini tashkil etish to‘g‘risida  shu yil 20 aprelda vazirligimizning buyrug‘i qabul qilindi.

Shundan kelib chiqib, joriy yilning 25 aprelidan 1 iyuniga qadar imtiyozga ega sportchilarimizning 2020/2021 o‘quv yilida oliy ta’lim muassasasiga kirish bo‘yicha hujjatlari viloyat komissiyasi tomonidan elektron shaklda qabul qilinib, respublika komissiyasiga yuborilmoqda. Bugunga qadar 25 sport turi bo‘yicha viloyatimizdan 139 nafar sportchimizning hujjatlari  jo‘natildi. 8 sport turi bo‘yicha 50 nafar sportchining hujjatlari ayni paytda viloyat komissiyasi tomonidan o‘rganilmoqda.

Savollarga viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat RO‘ZIYeV javob berdi.