Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Oqdaryo maktablariga vazirning havasi kelgani rostmi? Payariqqa-chi?

Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari yangi o‘quv yiliga tayyorligini bilish maqsadida Payariq va Oqdaryo tumanidagi maktablarda bo‘ldik.

– Payariq tumanida 99 ta maktab, 16 ta maktab filiali hamda 1 ta “Barkamol avlod” bolalar markazi bo‘lib, 46 ming 233 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda, – deydi tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Alisher Rashidov. – Joriy yilda investitsiya dasturi asosida 2 ta maktab uchun 2 milliard 444 million so‘m ajratildi va kapital ta’mirlanmoqda. Yana uchta maktab “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan. Shuningdek, mahalliy byudjet hisobidan 23 ta maktabni joriy ta’mirlash uchun 2 milliard 196 million so‘m ajratildi. Qolgan maktablar ota-onalar va tadbirkorlar homiyligida tayyorlanyapti. 

840 o‘rinli maktab 1917 nafar o‘quvchini qamrab ola oladimi?

Payariq tumanidagi 6-umumiy o‘rta ta’lim maktabi 1972 yilda qurilgan bo‘lib, 2009 yilda kapital ta’mirlangan.

840 o‘ringa mo‘ljallab qurilgan 6 ta binoda joriy o‘quv yilidan boshlab 1917 nafar o‘quvchi tahsil oladi. Muassasa rahbari Q.Rajabovning aytishicha, maktab ta’mirga muhtoj va sinfxonalar yetishmaydi. Holat bo‘yicha tuman xalq ta’limi bo‘limi mas’ullari bilan bog‘langanimizda tumandagi tibbiyot kollejining binosi shu maktabga berilishini ta’kidladi.

Payariq tumanidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari holati bilan o‘tgan o‘quv yili boshlanishi oldidan tanishganimizda juda ko‘p kamchilik va muammolar kuzatilgan edi. Bu gal tuman maktablari ancha ijobiy tomonga o‘zgaribdi.

6-umumiy o‘rta ta’lim maktabining asosiy qismlarida obodonlashtirish ishlari olib borilgan, daraxt va gullar ekilgan. Sinfxonalarning aksariyat derazalari quyosh nurini qaytaruvchi pardalar bilan to‘silgan, xonalar deyarli yangi o‘quv yiliga tayyor. Maktabda 19 ta kompyuter bor, ammo ulardan maqsadli foydalanish uchun imkoniyatlar cheklangan, internet yo‘q. Foye va sinfxonalardagi ko‘plab elektr chiroqlari ishlamaydi. Maktab atrofida foydalanish mumkin bo‘lgan anchagina yer maydoni qarovsiz. U yerga nimadir ekib, daromad olish va maktab ehtiyojlari uchun ishlatish mumkin.

Kutubxonada kitoblar talaygina ekan. Ulardan tartibli va maqsadli foydalanilsa yaxshiku-ya, lekin kitoblar pala-partish taxlangan, chang bosib yotibdi. Gazeta va jurnallar ham bir necha oy oldingi holat bo‘yicha qolib ketgan.

Sport inventarlari foydalanish uchun emas

Shu tumandagi 5-umumiy o‘rta ta’lim maktabining yangi o‘quv yiliga puxta tayyorgarlik ko‘rganiga muassasa hududiga kirishingiz bilan guvoh bo‘lasiz. Atrof obodonlashtirilib, daraxt va gullar ekilgan. Xonalar ta’mirlangan. Foye va sinfxonalardagi barcha elektr chiroqlari ishlab turibdi.

– Maktab 2008 yilda 240 o‘quvchiga mo‘ljallab qurilgan, – deydi muassasa rahbari T.Ko‘bayev. – Yangi o‘quv yilidan boshlab 488 nafar o‘quvchi ikki navbatda tahsil olishi rejalashtirilgan. Binoni ota-onalar va homiylar tomonidan ajratilgan 5,5 million so‘m asosida joriy ta’mirdan chiqardik. 

Hudud devor va temir panjara bilan o‘ralib, muassasaning hovli qismiga ekin va gullar ekilgan. Biroq hududning yon tomoni tamoman boshqacha ekan. Atrofni begona o‘t bosgan. “Bu yerni hech kim ko‘rmaydi”, qabilida ish tutilgan shekilli, uzoq vaqtdan buyon qarovsiz qoldirilgani ma’lum.

Yaqinda, Yurtboshimiz ilgari surgan 5 ta muhim tashabbus va maktablarning o‘quv yiliga tayyorgarligi bilan tanishish maqsadida Narpay tumanida bo‘lgan edik. Shu tumandagi biz borgan maktablarning hech birida sport zali va kompyuter xonalaridan mahalla yoshlarining foydalanmayotganiga amin bo‘ldik. Vaholanki, maktablardagi sport zali va kompyuterlardan foydalanish uchun viloyat rahbari ham ko‘rsatma bergan edi. Afsuski, Payariq tumanidagi maktablarda ham shunday holatga duch keldik. 

Masalan, 5-umumiy o‘rta ta’lim maktabi sport zali ta’mirlangan, ammo u yerga kirish yo‘q. Sport inventarlari esa boshqa xonada saqlanmoqda.

Maktab faqat yoshlar ittifoqi yetakchisiga kerakmi?

Tumandagi 87-umumiy o‘rta ta’lim maktabidamiz. Bu maktabning, afsuski, hududi va bir-ikkita xonalari bilan tanishishning imkoni bo‘ldi, xolos. Negaki, maktabga borganimizda u yerda O‘zbekiston yoshlar ittifoqining shu maktabdagi yetakchisidan boshqa hech kim yo‘q edi. Hatto, maktab qorovulini ham uchratmadik. Biz ko‘rgan xonalarda o‘quv yiliga tayyorgarlik ishlari oz bo‘lsa-da, olib borilgan, ammo bino atrofida obodonlashtirish ishlari mutlaqo tashkil qilinmagan, bo‘sh, qarovsiz yerlar talaygina.

Oqdaryo maktablariga Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov keldimi?  

– Tumanimizda 55 ta maktab bo‘lib, ayni paytda ularning 50 ga yaqini yangi o‘quv yiliga tayyor, – deydi Oqdaryo tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri S.Ortiqova. – Joriy yilda investitsiya dasturi asosida 1 ta maktab uchun 603 million so‘m ajratildi va kapital ta’mirlanmoqda. Yana uchta maktab “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan. Shuningdek, mahalliy byudjet hisobidan 15 ta maktabni joriy ta’mirlash uchun 1 milliard 325 million so‘m ajratildi. Qolgan maktablar esa homiylar tomonidan o‘quv yiliga tayyorlandi. 

Avazali mahallasida joylashgan 12-umumiy o‘rta ta’lim maktabida bo‘ldik. 2006 yilda 440 o‘ringa mo‘ljallab qurilgan maktabda 725 nafar o‘quvchi tahsil olar ekan. Ochig‘i, biz bo‘lgan maktablar ichida eng obodi, yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rgani shu bo‘ldi. Maktab hududiga kirib borishingiz bilan bag‘ri-dilingiz yayraydi, hamma joy ozoda. Turli xil gul va daraxtlar yashnab turibdi. Atrofda bir qarich ham qarovsiz qolgan yerga ko‘zingiz tushmaydi.

Sinfxonalar ta’mirlanib, har bir xonada televizor o‘rnatilgan va o‘quvchilarga beriladigan kitoblar taxlab qo‘yilgan. Kutubxonadagi kitoblar tartib bilan taxlangan, gazeta va jurnallar ham e’tibordan chetda qolmagan. Kompyuter xonasi quyosh nurini qaytaruvchi himoya vositalari bilan ta’minlangan. Ammo bu maktab ham internet tizimiga ulanmagan ekan.

Maktabga tegishli bo‘lgan sport zali ham o‘quv yiliga tayyor, inventarlar joy-joyiga qo‘yilgan. Sport zali yonidagi yuvinish xonalaridan issiq va sovuq suv kelib turibdi. Tug‘risi, muassasa rahbari vijdonan ishlagani va maktab uchun sidqidildan harakat qilgani ma’lum. Maktab hovlisida joylashgan futbol maydonining ham birgina yon chiziqlari yo‘qligini hisobga olmaganda kamchilik yo‘q.

Muassasa rahbari T.Boboyorovaning ta’kidlashicha, yaqinda shu maktabga Xalq ta’lim vaziri Sh.Shermatov kelgan va yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar hamda maktabning obodligini ko‘rgach maktab rahbari va xodimlarni rag‘batlantirib, maqtab ketgan.

– Biz maktabni vazir kelishi uchun hozirlamadik, – dedi T.Boboyorova. – Vazirning bu yerga kelishi tasodifiy hol bo‘ldi. Maktabni bu holatga keltirish uchun bir necha yildan buyon harakat qilyapmiz. Ochig‘i, maktab anchagina tartibli, chiroyli bo‘lishi mumkin, ammo bu yerda qilishimiz kerak bo‘lgan ishlar ko‘p. Rejadagi ishlarni amalga oshirib bo‘lsakgina maktabimiz zamon talablari darajasida bo‘ladi. 

Ochiq transformator bolalar uchun xavfli

Maktabimiz 1991 yilda 840 o‘ringa mo‘ljallab qurilgan bo‘lib, ayni paytda 660 nafar yoshlar tahsil olmoqda, – deydi tumandagi 15-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori B.Ismatullayev. – O‘quvchilarga 56 nafar pedagog-xodim saboq beradi.

Binolar 2018 yilda kapital ta’mirlandi. Shu bois maktabni yangi o‘quv yiliga tayyorlashga qiynalganimiz yo‘q, buning uchun bizga homiylar yordam qildi.

Maktabdagi xonalar haqiqatan yangi o‘quv yiliga yaxshi tayyorlangan. Maktabdagi 14 ta kompyuterning hammasi ishlab turibdi, ammo bu maktabda ham internet yo‘q. Muassasa rahbarining aytishicha, kompyuterlarni internetga ulash anchagina mablag‘ talab etadi, shu bois bu ish qilinmayapti.

Maktabning old qismiga yaxshi e’tibor qaratilgan, obodonlashtirish ishlari tashkil qilingan. Biroq hududda foydalanish mumkin bo‘lgan anchagina yer maydoni bo‘sh, qarovsiz yotibdi. Maktab hovlisida joylashgan katta kuchlanishdagi transformatorning eshiklari sinib, qulab tushgan. Bu bolalar hayotiga xavf solishi mumkin, ammo uni to‘g‘rilab qo‘yish hech kimning esiga kelmagan.

Xullas, maktablarda kuzatilgan kamchiliklarni bartaraf qilsa bo‘ladi. Buning uchun muassasa rahbarlari ozgina qunt va e’tibor bilan harakat qilsa kifoya. 

Abdujabbor PO‘LATOV,

Zarnews.uz muxbiri.