Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

O‘qituvchi bilim bilan birga tarbiya ham berishi kerak

Ta’limni tarbiyadan, tarbiyani esa ta’limdan ajratib bo‘lmaydi, deb bejiz aytilmagan. Ularni bir-biriga hamohang olib borishda o‘qituvchilarning o‘rni va mas’uliyati katta. U talabalarga saboq berar ekan, avvalo, ularning ma’naviy kamolotiga ham e’tibor berishi lozim.

Prezidentimiz raisligida ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ta’kidlanganidek, jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo‘lsa, uning joni, ruhi ma’naviyatdir. Chunki ma’naviy asoslarsiz, ma’naviy negizlarsiz, ma’naviy qadriyatlarsiz, ma’naviy-milliy ruhsiz hech bir davlat o‘zining yuksak maqsadlariga erisha olmaydi.

Ta’lim dargohlarida ham ta’lim va tarbiyani bir-biri bilan uzviy olib borgan holda “Talaba-yoshlar bilan ishlash, ma’naviy-ma’rifiy va tarbiya yo‘nalishida amalga oshiriladigan ishlar rejasi” tuzildi. Unga ko‘ra, bir qator amaliy ishlar bajarildi. Jumladan, talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida professor-o‘qituvchilar va talabalar o‘rtasida sportning voleybol, basketbol, mini-futbol, shaxmat, shashka, yengil atletika turlari bo‘yicha musobaqalar tashkil etildi. “Besh tashabbus yulduzlari” mega-loyihasi doirasida turkum tanlovlarda talabalarimiz faol ishtirok etdi.

Shu bilan birga dars mashg‘ulotlari jarayonida o‘qituvchilar ta’lim va tarbiya sifatiga alohida ahamiyat bermoqda. Zero, ta’lim-tarbiyaning bir qismi sifatida aqlni rivojlantiradi va sayqallashtiradi. Inson ta’lim olish orqali hayotida kerak bo‘ladigan ilmu ma’rifatni, turli ma’lumotlarni o‘rganadi. Tarbiya orqali esa milliy qadriyatlarimizga hurmat, ezgulik, vatanparvarlik kabi fazilatlarni qalbiga singdiradi. Bejiz maktablarda ham farzandlarimizni har tomonlama barkamol voyaga yetishi uchun “Tarbiya” fani qo‘yilmadi. “Tarbiya” fanida vatanparvarlik, tadbirkorlik, irodalilik, mafkuraviy immunitet, mehr-oqibatlilik, mas’uliyatlilik, bag‘rikenglik, huquqiy madaniyat, innovatsion fikrlash, mehnatsevarlik kabi ko‘nikmalarni shakllantirishga alohida urg‘u berilgani kelajakda farzandlarimizni jamiyatda munosib o‘rniga ega bo‘lishida juda muhim.

O.Hayitov,

Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori.